Menu

9-QONUN. QAYTADAN FILDIRAK IXTIRO QILMANG

Kunlardan birida yosh shogird hayot sir-asrorlarini o‘rganish uchun ustozi oldiga kelibdi. Ustoz undan o‘zi haqida gapirib berishni so‘rabdi. Yigitcha esa o‘zining ijobiy sifatlari va muvaffaqiyatlari haqida uzoq so‘zlabdi. Shunda dono unga birinchi topshiriqni beribdi. Shogird esa e’tiroz bildiribdi. Uning fikricha, vazifani butunlay boshqacha yo‘l bilan qilish kerak ekan. Chunki u ham qandaydir muvaffaqiyatlari bilan maqtana olardi-da. Garchi ular boshqa sohada qozonilgan bo‘lsa-da, ularni ushbu vaziyatda ham qo‘llash mumkin edi. Ustoz nimaiki taklif qilmasin, shogirdda «yaxshiroq» taklif paydo bo‘laveribdi. Shunda ustoz shogirdga stakanni ushlab turishni buyuribdi-da, o‘zi unga ko‘zachadan sharob quya boshlabdi. Stakan to‘lib, quyilayotgan sharob chetlaridan toshib, yerga to‘kila boshlaganda shogird chiday olmay baqiribdi:
— Bas! Axir siz sharobni isrof qilayapsiz-ku?!
— Senga bermoqchi bo‘lgan bilimlarim bilan ham shunday bo‘layapti, — dedi dono. — Ular behudaga sovrilayapti. Sen allaqachon ushbu stakandek to‘lgansan.
— Nahotki mening orttirgan tajribalarim bir chaqaga qimmat bo‘lsa? — debdi yigit.
— Seni o‘z fikrlash obrazing shu holatga keltirgan. Agar sen avvalgidek fikrlashda davom etsang, intilayotgan narsangga erisha olmaysan. Hozir ket va bo‘m-bo‘sh bo‘lganingdan keyin huzurimga kel. Shundagina seni nimagadir o‘rgata olaman.

* * *

Siz shug‘ullanayotgan sohada sizdan ko‘ra ko‘proq muvaffaqiyatga erishgan inson albatta topiladi. Siz u bilan tanishib, maslahatlashish haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Aks holda, butun yo‘lning qiyinchiligini o‘zingiz bosib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi-ku axir!?

O‘ZGALARNING TAJRIBASIDAN FOYDALANISH KERAK

Ijodiy yondashuv — bu juda ajoyib sifat. Biroq undan har doim ham foydalanib bo‘lmaydi. Ba’zida ijodkorlik juda qimmatga tushishi mumkin. Masalan, siz qandaydir ishni boshlamoqchisiz va fundamental narsalarga ijodiy yondoshib, o‘zgartirmoqchi bo‘lasiz. Sinalgan va tanilgan usuldan foydalanish o‘rniga ba’zilar qaytadan g‘ildirak ixtiro qilishga urinishadi. Balki bunday urinishlarni hurmat qilish kerakdir, lekin bunga o‘ralashib qolib, asosiy ishdan chalg‘imayapmizmi? Ijodkorlik ishining haqiqiy ustalari hayotini o‘rganishga vaqt ajratmaslik uchun bahona bo‘lib qolmasligi kerak. Ehtimol, vaqt o‘tib siz o‘z usulingizni ixtiro qilarsiz. Biroq endi ishga kirishar ekansiz, g‘ildirak ixtiro qilishga vaqtni sarflamasangiz yaxshi bo‘lardi. Hozir asosiysi, bor kuch-g‘ayratingizni dastlabki bosqichda paydo bo‘luvchi boshlang‘ich to‘siqlarni yengib o‘tishga sarflashingiz kerak. Har qanday faoliyatning asosiy qurollari hisoblanuvchi fundamental haqiqatlarni o‘rganishning muqobili mavjud emas. To‘g‘ri, asosga ega haqiqatlarni ko‘pchilik o‘z ishi uchun yaroqli emas deb hisoblaydi. Ularning fikricha, o‘z tajribalari, bilimlari va vaziyatning o‘ziga xosligi o‘zgacharoq strategiya talab etadi. Aslida esa har bir inson unikal va inson tushib qoladigan barcha shart-sharoitlar va vaziyatlar ham unikal (takrorlanmas) hisoblanadi. Biroq fundamental haqiqatlar shuning uchun ham fundamental deb ataladiki, ular har qanday insonning hayoti va faoliyati uchun xizmat qiladi.

AVVAL ODAT PAYDO BO‘LADI

Har qanday faoliyatning boshlang‘ich bosqichi yetarli darajada baholanmaydi. Ko‘pchilik, bu bosqichda shunchaki yon-verga qarab olib, vaziyatni o‘rganish yetarli deb o‘ylaydi. Afsuski, bunday yondashuv ko‘pincha xato bo‘lib chiqadi. Axir aynan eng avval kelgusi harakatlar yo‘nalishi aniqlanadi, kelajakdagi qizg‘in ish uchun asqotadigan ko‘nikma va tajribalar paydo bo‘ladi-ku! Sizga «Takrorlash — bilimlarning onasidir» degan maqol tanishmi? Aslida bu maqolning ma’nosi to‘g‘ri talqin qilinmaydi. Vaqt sinovidan o‘tgan narsalarni takrorlash kerak. Shundagina nimanidir o‘rganish mumkin bo‘ladi. Shunchaki takrorlash o‘z ishingizning ustasi bo‘lishingizda yordam bera olmaydi. Bir necha marta takrorlagan narsalaringiz asta-sekin odatga aylanib boradi. Agar noto‘g‘ri narsalarni takrorlayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizda zararli odatni shakllantirmoqdasiz. Har qanday faoliyat avvalida hayotda sizga yo‘ldosh bo‘ladigan odatlarni shakllantirishingiz kerak. Bu boshlang‘ich davr — o‘yinlar va tajribalar uchun to‘g‘ri keladigan vaqt emas aslo. Bunday qilgan odam o‘ynash va tajribadan o‘tkazish odatiga o‘rganib qoladi. Birinchi bosqichda shunchaki nazar tashlashga o‘rgangan odam esa bu odatidan hech qachon qutila olmaydi.

«BOLALIK», «O‘SMIRLIK» VA «ULG‘AYGAN INSON» DAVRLARI

O‘zining professional faoliyati davomida inson turli rivojlanish davrlaridan o‘tadi. Avvalo bu «bolalik» davridir. Bolalar qiziquvchan bo‘lishadi va iloji boricha ko‘proq narsa o‘rganishni istashadi. Ular ko‘ziga ko‘ringan narsasiga taqlid qilishadi. Ular turli bo‘lar-bo‘lmas savollarni berishadi va har qanday gapga ishonishadi. Bu davrda bo‘lgan insonlarni o‘qitish lazzatning o‘zginasidir. Dastlabki muvaffaqiyatlar paydo bo‘lishi bilan «o‘smirlik» davri paydo bo‘ladi. O‘smir esa hamma savolga javobni bilaman deb o‘ylaydi. U qaysar bo‘lib qoladi. Bu juda xavfli davr. Barcha savolga javobni bilaman, deb o‘ylagan kishi savol berishdan tiyiladi, demak o‘qish, o‘sish va rivojlanishdan to‘xtaydi. Juda ko‘p insonlar shu davrda shundog‘ligicha qolib ketishadi. Ular o‘zlarini aqlli hisoblab, o‘tkinchi muvaffaqiyatlaridan mast bo‘lib yuraverishadi. Aslida esa hammasi bu qadar oddiy emas. Biz hech qursa ko‘zlayotgan maqsadlarimizga erishmagunimizga qadar yangi narsalarni o‘rganish qobiliyatimizni saqlab qolishimiz kerak. Axir bizning fikrlash obrazimiz bugun erishib turgan narsalarimizga yetishishgagina yordam berdi xolos. U bizni kelgusida erishishimiz mumkin bo‘lgan narsalarga olib bora olmaydi. Garchi sizga taqdim etgan strategiyasi yoqinqiramasa-da, ba’zida bilimroq insonning maslahatidan foydalanish kerak. Nihoyat, «ulg‘aygan inson» davri boshlanadi. Biz yana ilm olishga ehtiyoj sezamiz va o‘sish uchun chegara yo‘g‘ligini anglaymiz. Biz hamma savolga javobni bilmaymiz va uni hech qachon bila olmaymiz. Juda ko‘p narsani bilganimiz va ko‘p pul ishlay boshlaganimiz uchun muammolar to‘xtamaydi. Faqat ular boshqacha miqyosda namoyon bo‘ladi. Biz doim to‘plangan bilimlarimizdan foydalanib, o‘zimizda yangi ko‘nikmalar hosil qilishimiz kerak.

EKSPERTLARGA MUROJAAT QILING

Yangi g‘ildirak ixtiro qilish o‘rniga o‘zgalarning tajribasidan foydalanish hayotning turli jabhalarida foydali bo‘lishi mumkin, hattoki qandaydir muammoni hal etish zaruriyati tug‘ilganda ham. Chunki siz bunday muammoga to‘qnash kelayotgan birinchi kishi emassiz. Bu muammoni muvaffaqiyatli hal qilgan kishi albatta topiladi. Adabiyotlarda bu haqda ma’lumot bo‘lishi kerak. Tajribaliroq insonlardan bittasi bilan gaplashish ham mumkin. Sizning qobiliyatingiz chegarasidan tashqarida bo‘lgan ishni bajarish zaruriyati tug‘ilib qolganda ham shunday yo‘l tutish kerak. Bunday vaziyatlarda ko‘pchilik insonlar pulni iqtisod qilish maqsadida ishni o‘zlari bajarishadi, chunki ekspertlarga murojaat qilish ham arzon emasda. Afsuski, bunday xatti-harakat keng tarqalgan, bunaqa insonlarni hatto «Barakalla! Keng qirrali inson ekan» deb maqtab ham qo‘yishadi. Aslida esa bu holatda g‘oliblarning muhim bir prinsipi buziladi: hammadan ham ko‘proq eplay oladigan ishga diqqat jamlangandagina haqiqiy muvaffaqiyatga erishiladi. Qolgan barcha ishlarni mutaxassislar zimmasiga yuklash kerak, o‘z navbatida ular o‘sha ishlarni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bajarishadi. G‘oliblar hech qachon g‘ildirak ixtiro qilishmaydi. Ba’zi bir kishilar e’tiroz bildirishi mumkin: «Axir ekspertlarga murojaat qilish ozmuncha pul turmaydi-ku?» deb. To‘g‘ri. Lekin paydo bo‘lgan bo‘sh vaqtdan unumli foydalanilsa ko‘proq pul ishlab topish mumkin. Bundan tashqari, sizning boshlang‘ich ko‘nikmalaringizdan farqli o‘laroq, ekspert o‘sha ishni ancha sifatli qilib bajaradi. Ko‘pincha inson pulni iqtisod qilaman deb turli ishlarni o‘zi qiladi va va bunga juda ko‘p vaqtini sarflaydi. Bu holatda bir ish uchun uning mahorati kamlik qilsa, ikkinchisi uchun aksincha, ko‘plik qiladi. G‘oliblar esa o‘z pullariga vaqt sotib olishadi, vaqt esa ular uchun hamma narsadan qadrliroqdir. Yo‘qotilgan pulning o‘rnini tiklash mumkindir, lekin yo‘qotilgan vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi.

ENG YAXSHI O‘RGANISH — TAQLID QILISHDIR

Yevropada boshqa insonlarga taqlid qilishni unchalik yoqtirishmaydi. Ular boshqalarga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish o‘rniga o‘zining individual qirralarini namoyish qilishadi. Agar bir insonni yoqtirishmasa ular «u anavi qilig‘ini falon insondan o‘g‘irlagan» deyishadi. Ko‘pchilik g‘ildirakni mustaqil ixtiro qilishni faxrli ish deb biladi. Ustiga-ustak, hamma narsaga o‘z aqli vositasida erishganidan g‘ururlanishadi. Biroq kuni kelib g‘ildirakni millioninchi marta ixtiro qilish insoniyatning ma’dasiga tegadi-ku! Axir bundan zarracha ham foyda yo‘q-ku?! Albatta, har birimiz o‘zimizning takrorlanmas va unikal ekanligimizni isbotlab qo‘ygimiz keladi. Gap faqat bu sifatlarni qaysi sohada namoyon qilishga bog‘liq. Yosh bolalar atrofdagilarining yurish-turishidan nusxa olishadi. Buning hisobiga ular tezroq o‘rganishadi va kelgusi hayotlari asosini belgilab olishadi. Xuddi shuningdek, biz ham o‘z takomillashuvimiz asosi sifatida muvaffaqiyatli insonlarning tajribasini o‘zlashtirishimiz lozim. Inson o‘z hayotini o‘zgalar muvaffaqiyati poydevorida barpo etsa bu uning aqlliligidan dalolat beradi. Gigantlarning yelkasida turib juda uzoqni ko‘rish mumkin. Oldingi ustalarning tajribasidan foydalanmaslikka harakat bilimsizlik nishonasidir. Individuallik oldingi avlod tajribalari poydevorida yanada yaxshiroq rivojlanadi. Bu sizga yanada yuqoriroq cho‘qqilarni zabt etishda ko‘mak beradi. Axir Motsartgacha ham kompozitorlar bo‘lishgan, lekin u ulardan ko‘proq narsa o‘rgangan. Bu esa unga kelgusida dohiyona musiqalar yaratishda sira xalaqit bermagan.

AMALIY MASHQLAR

Men bugundan o‘z faoliyat doiramda muvaffaqiyatli insonlar tajribasidan foydalanishga harakat qilaman. Buning uchun menga quyidagilar zarur bo‘ladi:
1. Men o‘z sohamda o‘tmishda qozonilgan fundamental muvaffaqiyatlar haqida ma’lumot to‘playman va o‘z ishimda qanday jihatlar bilan qurollanganimni tekshirib ko‘raman. Men hozircha o‘zimda yetishmayotgan ko‘nikmalarning yozma rejasini tuzib chiqaman va o‘z sohamda yuqoriroq muvaffaqiyatga erishgan inson yordamida tahlil qilaman.
2. Men o‘z hayotimning biror sohasida «o‘smirlik» davrida ekanligim yoki yo‘g‘ligini tekshirib ko‘raman. Bu menga doimiy o‘sishga bo‘lgan ehtiyojlarimga xalaqit berishi mumkin. Men keyingi o‘qish va o‘rganishga bo‘lgan qobiliyatimni tiklashga bor diqqatimni jalb qilaman.
3. Muammolar paydo bo‘lganda men o‘z-o‘zimga avval qanday insonlar bunday muammoga duch kelgani va hal etgani haqida savol beraman hamda o‘sha insonlarga uchrashaman.
4. Men o‘z malakam doirasidan past yoki yuqori ish bilan shug‘ullanayotganim yoki yo‘g‘ligini tahlil qilaman. Bugundan boshlab, malakam yetishmagan ishlar uchun mutaxassis yollayman.