Menu

8-QONUN. QIYINCHILIKLARNI YENGISHNI O‘RGANING

Uinston Cherchill to‘qson uch yoshga kirganda universitetlardan biri uni ma’ruza o‘qish uchun taklif qiladi. Eng mashhur hamyurti va zamondoshi nutqini eshitish uchun uzoq-uzoqlardan odamlar kelishadi. Cherchill auditoriyaga qadam bosganda bir necha ming odam yig‘ilgan edi. Universitet dekani yig‘ilganlarga Cherchillni eng mashhur ingliz sifatida tanishtirib, uzoq umr ko‘rish sirlari haqida o‘rtoqlashishni so‘raydi. Auditoriya olqishlari ostida Cherchill minbarga chiqib: “Hech qachon, hech qachon, hech qachon taslim bo‘lmanglar!” deydi.

* * *

CHERCHILLNING HAYOTI

Cherchillning nutqi nega aynan shu so‘zlar bilangina tugaganini anglash uchun insonlarga picha vaqt talab etildi. Ko‘pchilikka bu yoqmadi — axir rosmana nutq eshitaman, deb yuzlab kilometr yo‘l bosib kelgan insonlar ham bor edi-da! Lekin biz Cherchillning tarjimai holiga e’tibor bersak, nega uning chiqishi bu qadar kalta bo‘lganini anglagandek bo‘lamiz. U uchun asosiysi insonlarga “kim kurashdan to‘xtagan bo‘lsa u allaqachon mag‘lub” degan tushunchani singdirishdan iborat bo‘lgan. Barchamiz ham xatoga yo‘l qo‘yishimiz mumkin, buning hech qo‘rqinchli joyi yo‘q. Xammamizda muammo paydo bo‘lishi mumkin, biroq ularni hal qilish mumkin. Lekin biz qiyinchiliklar oldida tisarilib qolsak, tamom — hammasi tugaydi. Kimki o‘z orzusiga xiyonat qilsa, u hech qachon orzu qilolmay qoladi. Inson orzu qilmas ekan, u hayot emas! O‘z vaqtida Cherchill ancha vaqt siyosiy buhronlar iskanjasiga tushib qolgan edi. Ko‘p yillar davomida uning bardoshi sinaldi. Nihoyat, u bosh vazir lavozimiga erishgach, ikkinchi jahon urushi boshlandi. O‘shanda “Bunday qiyin davrda harakatlarning to‘g‘ri yo‘nalishini tanlaganingizga aminmisiz?” deb so‘rashganda u “Men buni bilaman, chunki butun umrim davomida shunga tayyorlanib keldim” deb javob bergan. Shundan so‘ng natsistlar aviatsiyasi Londonga birin-ketin hujum qila boshladi. Ko‘plab tinch aholi qurbon bo‘ldi. Angliyaning kuni bitgandek ko‘rinayotgandi. Bombardimonchi samolyotlar har kuni uchib kelar, odamlar qirilayotgandi. Ma’nisiz qurbonlarga chek qo‘yish uchun Cherchillning maslahatchilari va do‘stlari nemislar oldida taslim bo‘lishni tavsiya eta boshlashdi. Tunlarning birida, nemis bombardimonchi samolyoti Londonga navbatdagi bombalarini yog‘dirganda Cherchill hayotidagi eng muhim qarorni qabul qilishga majbur bo‘ldi. Atrofiga uning eng yaqin do‘stlari yig‘ilib, hamon uni taslim bo‘lishga undashayotgan edi. Ular Cherchillni o‘zi xalqini bekordan-bekorga qurbon qilayotganlikda ayblashardi. Hatto eng yaqin do‘stlari ham vatandoshlari o‘limida uni ayblashayotgan edilar! Biroq, Cherchill bilardiki, taslim bo‘lish bundan-da ko‘proq qurbonlarni keltirib chiqarardi. U musht bo‘lib tugilgan qo‘llarini osmonda parvoz qilayotgan bombardimonchi samolyotlarga o‘qtaldi-da, baqirdi: “Men hech qachon taslim bo‘lmayman! Hech qachon! Hech qachon! Hech qachon!!!”

QOLDIRISH MUMKIN BO‘LMAGAN DARS

Bunday sinov har qanday insonga ham berilavermaydi, biroq qiyinchiliklar oldidagi bardosh va qat’iyatlik — bu eng muhim sifatlardan biridir. Muhim bo‘lganda ham eng muhim sifat. Boshqa barcha nuqsonlarni to‘g‘irlash mumkin, biroq taslim bo‘lsangiz — bu tamom degani. Keyin bu haqda gapira olmaysiz. Shuning uchun har bir inson o‘zida “umidsizlikka qarshi immunitet”ni shakllantirishi kerak. Nega g‘oliblar qiyinchilikni dars sifatida qabul qilishadi? Nega biz hamma narsaga qiyinchilik bilan erishamiz? Nega barcha narsa uchun kurashish kerak? Bu savollarga yakuniy javob yo‘q, bu qandaydir hayot jumbog‘i hisoblanadi. Faqat bir narsa ma’lum: hayot shunday tuzilgan. Suyaklarimiz zo‘riqib turishi kerak, aks holda ular kuchsizlanadi va uzoq vaqt vaznsizlik holatida bo‘lgan kosmonavtlarnikidek mo‘rt bo‘lib qoladi. Qiyinchiliklar ham kuchliroq bo‘lishimiz uchun zarur. Kunlarning birida bolakay kapalak qanchalik qiynalib pillani yorib chiqayotganini kuzatayotgan ekan. Bolakayning rahmi kelib, kapalakka yordam bermoqchi bo‘libdi. Biroq otasi uni to‘xtatibdi. Chunki bolakayning “yordami” kapalakni muqarrar o‘limga olib borardi. Kapalak shunday qiynalishi kerak, chunki bu qanotlarini mustahkamlaydi. Agar unga yordam berilsa, u kuchsiz bo‘lib qolar va ucha olmas edi!

YANGI AVLOD BOLALARI

Amerika iqtisodiy mo‘’jizasini yaratishda qatnashganlarning ko‘pchiligi yoshligida shafqatsiz iqtisodiy krizisni boshidan o‘tkazishgan. Shundan so‘ng ular ikkinchi jahon urushi maydonlarini kezishgan. Ular qiyinchiliklarni yengishni o‘rganishdi. Asta-sekin ular qariy boshlashdi va firmalarida joylarini o‘g‘il-qizlariga bo‘shatib bera boshlashdi. Bu avlod esa mutlaqo boshqa sharoitda ulg‘aygandi. Ular hech narsaga zor bo‘lmay o‘sishgandi. Ota-onalari ularni o‘zlaridan yaxshi yashashlarini istab, har qanday qiyinchilikdan asrashgan edi. Firmalarga bosh bo‘lishgandan so‘ng bu bolalar o‘zlarini butun umr qanday bo‘lsa, shunday tuta boshlashdi. Ular muammo va qiyinchiliklardan qocha boshlashdi. Alal-oqibatda ular o‘zlariga ishonilgan vazifani uddalay olishmadi. Avraam Linkoln shunday degan: “O‘zi qilishi mumkin va shart bo‘lgan ishni qilib berib, insonga yordam berish mumkin emas!”

HAR YANGI BOSQICHDA QIYINCHILIKLAR JIDDIYLASHIB BORAVERADI

Hayot zinapoyaga o‘xshaydi. Shunday vaqtlar bo‘ladiki, biz bir zinadan ikkinchisiga ko‘tarilolmay ancha vaqt qiynalamiz, keyin esa kutilmaganda keskin ko‘tarilamiz. Endi bizni navbatdagi, yuqoriroq darajali zina kutib turibdi. Bu zinalarning har birida bizni yangi vazifalar qarshi oladi, aynan shunda chuqur hikmat bor. Ular bizni yangi zinaga ko‘tarilish uchun tayyorlaydi. Har bir zina o‘ziga xos qiyinchiliklar bilan bog‘liq. Ularni hal eta olmas ekanmiz, ko‘tarila olmaymiz. Shunday bo‘lishi ham kerak. Aks holda keyingi zinaga ko‘tarilish uchun darmon qolmaydi. Hech kim omadsizlikdan sug‘urtalanmagan. U bizga istalgan joyda — hayotda, ishda to‘qnash kelishi mumkin. Siz odamlar va tabiat qonunini o‘zgartira olmaysiz. Juda ko‘p narsalar sizning nazoratingizga bo‘ysunmaydi. Ularga ta’sir qilish uchun har bir urinishingiz muvaffaqiyatsizlikka mahkum. O‘zgartirishingiz mumkin bo‘lgan yagona narsa va kishi — bu o‘z-o‘zingiz va qiyinchiliklarni yengish qobiliyatingizdir. Hoyangiz, mahsulot yoki xizmatingiz nechog‘lik yaxshi bo‘lmasin, siz hech qachon eng yaxshi va yengilmas bo‘lib qololmaysiz. Sizning g‘oyangiz yoki mahsulotingizni rad etuvchi insonlar doim topiladi. Qiyinchiliklar doim paydo bo‘ladi. Har qanday rad etish yoki har qanday qarshilik sizga qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urish uchun bahona yoki o‘qish va o‘sish uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin. Qiyinchiliklar to‘siq yoki keyingi zinaga ko‘tarilish oldidan mashq bo‘lishi mumkin. O‘zingiz tanlang.

QANDAY MUQOBIL BOR?

Qanchalik faol harakat qilib, olg‘a intilsangiz, shunchalik yechilishi lozim bo‘lgan vazifalar paydo bo‘laveradi. Kimdir muammolardan berkinib, qiyinchilik va muvaffaqiyatsizlikdan holi bo‘lgan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lar. Biroq bunday urinishlar tanazzulga mahkum. Chunki qiyinchilik — har qanday muvaffaqiyatning tarkibiy qismidir. Boshqalar erish chiqib olgan zinasida qolishga harakat qilishadi, chunki ular bilishadi yangi zinalarga chiqish bilan qiyinchiliklar ham ko‘payaveradi. Biroq ular bir narsani hisobga olishmaydiki, shu zinada qolaturib, doim shu zinaga xos bo‘lgan muammolar bilan to‘qnash kelishaveradi. Muammolar esa paydo bo‘laveradi, bo‘laveradi, tinchlik bermaydi. O‘rganishga ulgarmagan sabog‘imiz bot-bot takrorlanaveradi. Bu holatda umidsizlik paydo bo‘ladi. Xo‘sh, undan ko‘ra saboqni to‘liqligicha, puxta o‘zlashtirib, yangi vazifalarga o‘tish ma’qulroq emasmi?

ZINALARDAN MISOLLAR

Har bir zinada yangi va turli masalalar turgani g‘oliblarga yoqadi. Ular har yangi bosqichda muammolar murakkablashib borishidan xursand va buni o‘z o‘sishiga isbot sifatida qabul qilishadi. Ko‘rinishicha, aynan shu sababli Uinston Cherchill “taslim bo‘lmanglar” deyish bilan kifoyalanib qolmasdan, “hech qachon, hech qachon, hech qachon” deb qo‘shib qo‘ygan. Har yangi bosqichda bizni turli darajadagi qiyinchiliklar kutib turishini u bilgan. Siz, masalan, quyidagicha muammolarga duch kelishingiz mumkin:
Birinchi daraja. Sizda g‘oya bor, biroq uni amalga oshirishingizga hech kim ishonmaydi. Tanishlaringiz va qarindoshlaringiz “esingizni yig‘ib olish”ni maslahat berishmoqda. Siz ko‘proq o‘zingizga ishonishni o‘rganishingiz kerak.
Ikkinchi daraja. Siz o‘z ishingizni ochmoqchisiz, lekin buning uchun sizga boshlang‘ich mablag‘ zarur. Bank sizga kredit berishdan bosh tortmoqda, chunki siz avval muvaffaqiyatingizni namoyish etishingiz kerak. Muvaffaqiyatga erishish uchun esa pul kerak. Siz o‘z maqsadlaringiz uchun kurashishni o‘rganishingiz lozim.
Uchinchi daraja. Firmangizda ishlar yaxshi ketmoqda, biroq atrofingizdagilar sizga tan berish o‘rniga hasad qilishmoqda. Siz haqingizda turli bo‘htonlar tarqatishmoqda. Siz tushunishingiz kerakki, siz haqingizda aytilayotgan barcha gaplar hech qanday ahamiyatga ega emas.
To‘rtinchi daraja. Siz vaqtinchalik qiyinchiliklar davriga tushib qoldingiz va hamkoringiz bilan o‘rtangizda ziddiyatlar paydo bo‘ldi. Ularni harakatga keltirayotgan kuchni anglash uchun sizda vaqt yetishmayapti. Hamkoringiz sizning harakatlaringizni tushunishni istamayapti. Siz uni o‘z tomoningizga og‘dirishni o‘rganishingiz kerak, chunki birgalikda sizlar kuchliroqsizlar.
Beshinchi daraja. Siz mahsulotlaringiz yoki xizmatlaringiz uchun ulgurji xaridorlar topdingiz. Biroq ular o‘z vaqtida hisob-kitob qilishmayapti. Qarz kundan kunga kattalashib bormoqda. Siz kutilmagan vaziyatlarga tayyor bo‘lishingiz va oldindan zahira yaratishingiz kerak.
Oltinchi daraja. Siz muvaffaqiyatdan muvaffaqiyatga shiddat bilan erishib bormoqdasiz, lekin sog‘ligingizga bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi. Siz bilishingiz kerakki, hayot faqat ishdagi muvaffaqiyatlardan iborat emas. Hayotning boshqa jabhalariga ham e’tibor berish vaqti kelgan.
Yettinchi daraja. Sizga zudlik bilan malakali xodimlar kerak, biroq ularni qayerdan topishni bilmaysiz. O‘z talablaringiz darajasini pasaytirishga urining va sizga aynan kim: yuqori klassli bajaruvchilarmi yoki yaxshigina imkoniyat taqdim etuvchi hamkorlar kerakligini aniqlab oling.
Sakkizinchi daraja. Uzoq vaqtdan buyon muvaffaqiyat qozonib kelayotgan edingiz, kutilmaganda hamma narsa buzilib ketmoqda. Siz tushunib olishingiz kerakki, muvaffaqiyat abadiy emas. Siz baland cho‘qqiga chiqqansiz va katta pastlik yoqasida turibsiz. Har bir cho‘qqidan so‘ng yangi vodiy, undan so‘ng esa yangi cho‘qqi bor.
To‘qqizinchi daraja. Sizga hayot mazmunini yo‘qotayotgandek tuyulmoqda. Keyingi faoliyat uchun sizda intilish so‘nib bormoqda. Moliyaviy muvaffaqiyat ichki bo‘shlig‘ingizni faqat vaqtinchalik qoplashi mumkin. Siz hayotingiz mazmuni nimadan iborat ekanligini tushunishingiz, o‘zingizga quloq tutishingiz va atrofingizdagilarga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilishingiz kerak.
Yuqoridagilar bizga hayot taqdim etuvchi ko‘plab darslardan arzimas parcha, xolos. Ulardan birini o‘zlashtirishga ulgurmasdan ikkinchisiga duchor bo‘lasiz. Hayot shunaqa. Har safar oldingizda yangi masala ko‘ndalang bo‘lganda voqealar rivojining ikki yo‘li paydo bo‘ladi: siz yo taslim bo‘lasiz, yo kuchliroq insonga aylanasiz. Bu holatga ijobiy nuqtai nazardan qarang. Siz navbatdagi qiyinchilikka duch kelgan bo‘lsangiz, bu taraqqiyot nishonasi. Siz avvalgi daraja bilan xayrlashib, yuqorirog‘iga o‘tgansiz. Siz o‘sha yerda bo‘lishga loyiqsiz.

TARAQQIYOTNI TEZLASHTIRISH

O‘qish va o‘sish jarayonini tezlashtirish usuli mavjud. G‘oliblar qiyin vaziyatlarni kutib o‘tirishmaydi. Ular tushungan-bilgan holda o‘sha tomon borishadi. Ko‘plab muammolar kutayotganini bilaturib, ular yangidan yangi loyihalarga qo‘l urishadi. Boshqalar noqulay sharoitnigina ko‘radigan joylarda ular yangi vazifalar va imkoniyatni ilg‘ashadi. Siz “Qandaydir muammoni hal qilib bo‘lganimdan so‘ng, yangi va murakkabrog‘ini hal etishga kirishaman”, degan shiorga amal qilishingiz kerak. Siz tushunishingiz kerakki, yuqoriroq darajadagi har qanday masala sizdan muvaffaqiyatsizlikka nisbatan chidamliroq bo‘lishni talab etadi. Shu sababli qiyinchiliklarga qarshi kurashish ko‘nikmangizni shug‘ullantira borishingiz kerak. Buning uchun qayerdan kuch keladi? Siz ajoyib narsani ixtiro qilasiz: har bir yangi faoliyat avvalida sizga oddiy narsalar qiyin ko‘rinadi, biroq keyinroq qiyin narsalar yengil bo‘lib qoladi. Bu husnixatga o‘rganishga o‘xshaydi. Boshda sizga “A” harfini yozish yillar o‘tib “mexanizatsiyalashtirilmaganligidanmikan” so‘zini yozishdan ham qiyin ko‘rinadi. Sip hozirgi mayda-chuyda qiyinchiliklarni hal qilishni o‘rganishingiz kerak. Agar buning uddasidan chiqsangiz, sizda “chidam va qat’iyat mushaklari” mustahkamlanadi va murakkab vaziyatlar ham pirovardida juda yengil ekanligi ma’lum bo‘ladi. Olg‘a intilishdan bizni qiyinchiliklar emas, ularga munosabat to‘xtatib turadi. Eng asosiy dushman tashqarida emas, o‘zimizning ichimizda. G‘oliblar hech qachon, hech qachon, hech qachon taslim bo‘lmaydilar!

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men qiyinchiliklarni yengish ko‘nikmamni takomillashtirishni boshlayman. Buning uchun quyidagilarni amalga oshiraman:
1. Bugun mutlaqo taslim bo‘lmaslikka harakat qilaman. Taslim bo‘lishning juda ko‘p yo‘llari borligini bilaman, biroq ko‘zlagan maqsadimga yetish uchun bor kuch-quvvatimni jamlayman.
2. Men muammolarga nisbatan nuqtai nazarimni o‘zgartiraman va o‘zimga deyman: “Ularga qanday munosabatda bo‘lishni yolg‘iz men hal qila olaman. Ehtimol, avvaliga qiyinchiliklar yechilmasdek tuyulishi mumkindir, biroq bu muvaffaqiyatga eltuvchi zinani yaratish mumkin bo‘lgan material ekanligini anglayman”.
3. Shunga o‘xshash holatni yengib o‘tgan g‘olib bilan tezroq uchrashib, undan maslahat so‘rayman.
4. Men yengib bo‘lingan qiyinchiliklar ro‘yxatini tuzaman. Bu kelajakda o‘z kuchimga ishonishimda asqotadi.
5. Men hayot taqdim etgan barcha sabog‘larni yozib borish uchun kundalik tutaman. Bu menga xatolardan xulosa chiqarishda asqotadi.