Menu

Umringning so‘ngida qanday yashashni istasang,
shu bugunoq shunday yashashni boshla.
Mark AVRELIY

SO‘ZBOSHI

Siz o‘zingizni yuqoriroq natijalarga erishishga loyiq deb hisoblaysizmi? Sizning orzuingiz bor, lekin turli majburiyatlar va kundalik yumushlarga o‘ralashib, ko‘p narsadan hafsalangiz pir bo‘lganmi? Eynshteynning ta’kidlashicha, har bir bolada daho yashirin bo‘larkan. Ha, har birimizda G‘olib bo‘lishga imkoniyat va huquq bor. Balkim siz, men bir necha yil boshimdan o‘tkazgan narsalarni tuyayotgandirsiz. O‘shanda men «yo‘l ko‘rsatuvchi belgilar» — hayotda o‘z o‘rnimni egallashda yordam beradigan maslahatlarni izlash bilan band edim. Hammasi ustozimga qarata: «sizdek omadga erishish uchun bor narsamni qurbon qilishga tayyorman», deganimdan so‘ng boshlandi. U esa ishonqiramay boshini chayqagan edi: «Mening bunga ishonchim komil emas, janob Shefer». Men unga maqsadlarim jiddiy ekanini aytdim, u dedi: «Unda huzurimga haftasiga uch marta o‘qish uchun keling. Eshitganingizni yozib oling, sizga nima desam shuni qiling». Avvaliga men o‘zim uchun muvaffaqiyat va baxt formulasini topishga harakat qildim, lekin bunday formula mavjud emas, albatta. Shunda men ustozimdan oldimdagi muammolarni hal etishda yordam so‘radim. Lekin kutgan narsam bo‘lmadi. Men bilan birga qoiyin vaziyatlarni tahlil qilish o‘rniga ustozim g‘oliblar qonunini tushuntira ketdi. Avvaliga menga tushunarsiz ko‘ringan gaplar, alal-oqibat dohiyona ko‘rsatmalar bo‘lib chiqdi. Men bugungi muammolarimni hal etishnigina emas, kelajakda asqotadigan bilimlarga ham ega bo‘ldim. Albatta, hozir ham muammolarga duch kelaman, lekin doim o‘zimga o‘zim savol beraman: «Bu xususda ustozim nima degan bo‘lar edi?» Axir men hanuzgacha uning ovozini eshitaman, siymosini ko‘raman, madadini sezaman. Hayotimda shunday onlar bo‘lganki, atrofimdagilar xatti-harakatlarim to‘g‘ri ekanligidan meni shubhalantirishgan. Lekin bunday holatlarda ustozimning bir gapini yodga olardim: «Meni bir narsa juda jahllantiradi: bir insonning o‘zgalardan nafratlanishi. Bu hol boshqalarning muvaffaqiyat va baxtga erishishiga uning imkoniyat bermasligida yaqqol ko‘rinadi. Hech kim «eslab qol buni» — hech kim boshqalarga qarata: «Sen hech qachon yaxshi hayot kechira olmaysan!» deyishga haqli emas. Va hech kim bu so‘zlarni o‘ziga o‘zi ham aytmasligi shart». Hamma ham hayotda bunday ustozga duch kelmaydi. Shu sababli men ushbu kitobni yozdim. Unda men bir vaqtlar o‘zim o‘rgangan muvaffaqiyat prinsiplari mujassam. Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, kitobda vaqt sinovidan o‘tgan va ko‘hna haqiqatlar yoritilgan. Ularning ba’zilari hammaga ma’lum va mashhur bo‘lsa-da, lekin amal qilinmaydi. Ularning ichida shundaylari ham borki, bizga u o‘n yildan buyon tanish, lekin faqat o‘n birinchi yilga borib uning mag‘zini chaqamiz. Kitobni o‘rgana turib, uch narsani ixtiro qilasiz. Birinchidan, ba’zi qonunlar boshqalariga ziddek taassurot paydo bo‘ladi. Kimgadir bu hol tanqid uchun asos bo‘lar. Lekin g‘oliblar qonuni hayotimizni boshqaradi va u ana shunday paradokslarga to‘la. Bir-biriga ziddek ko‘ringan hol esa aslida bir butun narsaning ikki tarkibiy qismi hisoblanadi. Ikkinchidan, siz takrorlarga duch kelasiz. Bu orqali men ba’zi qonunlar o‘zaro bog‘liq ekanligini ta’kidlamoqchiman. Faqatgina ularni bog‘liq holatda o‘zlashtiribgina hayotingiz farovonligi uchun intila olasiz. Uchinchidan, g‘oliblar qonuniga amal qilib yashash osongina emasligini tushunasiz. Biroq, bu yo‘lda iroda va kuch topiladi sizda. Siz istalgan vaqtda hayotingizni o‘zgartirishingiz mumkin. Muvaffaqiyat ko‘pam omadga bog‘liq emas. Muvaffaqiyat — ma’lum bir prinsiplarga asosan qurilgan hayot tarzingizning natijasidir. Ha, bunday yondashuv hammaga ham yoqmaydi. Ko‘pchilik o‘zini qurbon sifatida ko‘rishga moyilroq. Bu holda ularning ixtiyorida osongina bahona bor-da!
Biroq haqiqat shundan iboratki, aynan o‘zingiz nimanidir tanlashingizga to‘g‘ri keladi! Hammasi siz tushib qolgan vaziyatga emas, o‘sha vaziyatdan qanday foydalanishingizga bog‘liq. Siz, men, u — har birimizda g‘olib bo‘lishga imkoniyat bor. Bu kitobda ko‘plab «retsept»lar borki, uni darhol o‘zingizda sinab ko‘rishingiz mumkin. Umid qilamanki, «G‘oliblar qonuni» ko‘nglingizga yorug‘lik olib kirib, sizni buyuk ishlarga ilhomlantiradi. Shu yo‘lda sizga quyidagilarni tilab qolaman:
O‘z orzularingizni ro‘yobga chiqaring.
Kundalik hayotingizni yorqin hodisalar bilan bezang.
Bo‘lishingiz mumkin bo‘lgan insonga aylaning.

Samimiyat bilan, sizning Bodo Sheferingiz.