Menu

7-QONUN. O‘ZINGIZDA STRESSGA NISBATAN TO‘G‘RI MUNOSABATNI SHAKLLANTIRING

Shogirdlar o‘z ustozlari misli ko‘rilmagan darajada mehnatkash ekanini sezib qolishibdi. Ular ustozlariga «nega charchoq nimaligini sezmaysiz, doim bamaylixotirsiz va o‘zingizni tutib olgansiz?» deb savol berishibdi. Dono shunday javob qilibdi: — Men to‘xtaganimda to‘xtagan bo‘laman. Yurganimda esa yuraman. Yugurganimda yuguraman. — Buning qanday siri bor? — hayron bo‘lishibdi shogirdlar. — Biz ham shunday qilamiz-ku?! Nega unda sizdan kamroq ishlasak-da, tezda charchab qolamiz? Dono debdi: — Sizlar to‘xtaganlaringda yura boshlaysizlar. Yurganlaringda esa yugura boshlaysizlar. Yugurganlaringda esa o‘zlaringni maqsadlaring oldida ko‘rasizlar.

* * *

Stress (ruhiy zarba) umumxalq falokatiga aylanib ulgurgan. Amalda har bir inson qisman bo‘lsada stressdan aziyat chekadi. Juda ko‘pchilik «stress sog‘liq uchun zararlidir», degan fikrda. Shu sababli insonlar stressga uchramaslikka harakat qilishadi. Lekin deyarli hech kim stress o‘zi nimaligini bilmaydi. Natijada, turli tushunmovchiliklar va afsonalar paydo bo‘lgan. Odamlar stressni qandaydir dahshatli narsaga aylantirib qo‘yishgan. Keling, stress haqida eng keng tarqalgan uch asosiy afsonani o‘rganib chiqaylik.
1. Stress kasalliklarga sabab bo‘ladi.
2. Stress mehnatning og‘irligidan kelib chiqadi.
3. Stressdan imkon qadar yiroq yurish kerak.
Yuqoridagi bu uch ta’kid mutlaqo noto‘g‘ri!

STRESS ORGANIZM UCHUN ZARARMI ZARUR?

Stress kasalliklarning debochasi deyilgan dastlabki ta’kidni o‘rganaylik. Aslida, stress organizm uchun keraklidir. Stress organizmimiz hujayralarida ichki muvozanat buzilganda paydo bo‘ladi. Stress gormonlari esa ushbu muvozanat va barcha funksiyalar mushtarakligini yana tiklaydi. Bu jarayonni biz ijobiy yoki salbiy hodisa sifatida sezishimiz mumkin. Hammasi stress kuchi va uni nazorat qila olishimizga bog‘liq. Masalan, biz foydalanadigan oddiy sham olovini ijobiy, undan foydalanishda nazoratni yo‘qotishimiz tufayli uyda sodir bo‘lgan yong‘inni esa salbiy hodisa sifatida baholash mumkin. Agar oqilona foydalanilsa va nazoratdan chiqib ketmasa, stress sog‘liqqa ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

FIKRLARINI BOSHQARA OLGAN KISHIGA STRESS QO‘RQINCHLI EMAS

Ikkinchi ta’kid ham noto‘g‘ri. Hatto juda katta hajmdagi ish ham albatta stressga sabab bo‘lmaydi. Stress tashqi emas, faqat ichki jihatlar sababli yuzaga keladi. Shunday qilib, stressga sabab — ish va uning ko‘lami emas, bizning o‘sha ishga munosabatimiz bo‘lib chiqyapti. Yetmish yoshida ham sutkasiga o‘n olti soatlab ishlagan Mahatma Gandi biror marta stressdan aziyat chekmagan. Shunday bo‘lishi mumkinmi? Buning siri — insonning o‘zi bajarayotgan ishga diqqatini jamlaganidadir. Asl daholar faqat bitta ishga butunlay diqqatini jamlab, uni bajarib bo‘lgachgina, uni miyasidan o‘chirib, boshqasi bilan shug‘ullanishlari mumkin. Kunlardan birida darbadarlik uchun yo‘lga chiqqan ikki rohib tez oqar daryo sohilida narigi qirg‘oqqa o‘tishdan cho‘chib turgan juda go‘zal juvonni uchratib qolishibdi. Rohiblardan biri o‘ylanib o‘tirmasdan juvonni opichlab, narigi qirg‘oqqa o‘tkazib qo‘yibdi. Keyin rohiblar sukut saqlagancha yo‘llarida davom etishibdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, ikkinchi rohib birinchisiga debdi: «Axir biz ayol kishiga qo‘limizni ham tekkizmaslik haqida qasam ichgandik-ku?! Sen uni opichlashga qanday jur’at etding?!» Birinchi rohib javob beribdi: «Men u juvonni daryodan o‘tkazib qo‘yganimga bir soat bo‘ldi, sen esa hanuz uni opichlab yuribsan shekilli?» Juda ko‘p insonlar o‘z fikrini jilovlay olishmaydi. Bir masalani yechishga urina turib, ular kecha nimani unutgani, ertaga va indinga nimalar qilishi kerakligi haqida ham o‘ylashadi. Ularning fikri yong‘in chog‘ida tarqalayotgan alangaga o‘xshaydi. Stressni o‘z foydangizga ishlatish uchun fikrni bo‘ysundirish lozim. Buning uchun esa diqqatni faqat bitta narsaga jamlash kerak. Barcha kuch va energiyamiz o‘sha lahzaga baQishlanishi kerak. Diqqatni bunday jamlashni o‘rganish mumkin. To‘g‘ri, doim diqqatini jamlab yuruvchi insonni topish qiyin. Biroq g‘oliblar bu qobiliyatni o‘zlarida tarbiyalab, doim takomillashtirib borishadi.

YELKALAR VA JAG‘GA E’TIBOR BERING

Stressdan doim himoyalanib yurish kerak, degan so‘nggi uchinchi ta’kid ham noto‘g‘ri. Stressdan qutilib bo‘lmadi. Undan qutilishni istaganlar tez orada mayda-chuyda narsalarni ham yuragiga yaqin olayotganini sezib qolishadi va yanada ko‘proq charchaydilar. Stressdan qochishga harakat qilgan har qanday inson alal-oqibatda mutlaqo teskari natijaga erishadi. Stressiz hayot bo‘lmaydi. Shu sababli uni boshqarishni o‘rganish kerak. O‘zining ichki holatiga diqqat bilan quloq sola oladigan inson stress salbiy ta’sir ko‘rsata boshlaganini ilg‘ay oladi. Buning ikki yaqqol belgisi bor.
Birinchisi — yelkalar ko‘tarilib ketadi. Stress ta’siri ostidagi insonga diqqat bilan razm solsangiz, erkin holatdagiga nisbatan yelkalar besh santimetr ko‘tarilgan bo‘ladi.
Ikkinchi belgisi — jag‘larning mahkam yumilganidir. Bu belgiga rulda ko‘p yuradiganlar ham ko‘proq e’tibor berishlari kerak. Agar tishlaringiz mahkam qisilganini sezib qolsangiz, mashinani to‘xtatib, biroz dam oling. Bunga bor-yo‘g‘i besh daqiqa kifoya qiladi. Yo‘lning chetiga to‘xtab, yelkalaringizga e’tibor bering. Har nafas olishingiz bilan ular asta-sekin pasaya boshlaydi. Darhol asabiylashish yo‘qolib, jag‘laringiz ham bo‘shashganini sezasiz.

STRESSNI NAZORAT QILISHNING YIGIRMA TO‘RT QOIDASI

Nazorat qilinadigan stress — bu sog‘lom va ijobiy kuch demakdir. Quyidagi qoidalar sizga tinchlanish va yuqori mehnat unumdorligiga erishishda asqotadi:
1. Eng muhim qoida ayni vaqtda shug‘ullanayotgan ishingizga to‘liq diqqatingizni jamlashdan iborat. Agar ovqatlanayotgan bo‘lsangiz — ovqat yeng (kitob o‘qimang!) Hech qachon bir vaqtning o‘zida ikkita ishni bajarmang. Hayotdan bahra olish uchun jismingiz qayerda bo‘lsa butun o‘y-fikrlaringiz ham o‘sha joyda bo‘lishi kerak.
2. Tezlikni tushiring. O‘zingizga qulayroq ish sur’atini aniqlab oling.
3. Hayotingizdagi eng muhim narsa uchun vaqt toping. Kuningiz va haftangizni rejalashtiring.
4. O‘zingizni me’yordan ortiq ishlarga ko‘mib qo‘ymang. Ishlarga ko‘milib qolgan inson tashqi muhitni ixtiyorsiz, refleks yordamida seza boshlaydi.
5. Tashqi ta’sirlardan himoyalanishni o‘rganing. Eng yoqimli inson ham sizda stress paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. «Iltimos, bezovta qilmang» yozuvi faqat mehmonxonalar eshigi uchun o‘rinli emas.
6. Hamma joyga ulgurish uchun vaqtingizni zahira bilan rejalashtiring. Ortiq shoshma-shosharlik ham stressga sabab bo‘ladi.
7. Haddan ziyod izzattalab bo‘lish va hamma narsada mukammallikka erishishdan qoching.
8. Agar muvaffaqiyatga erishsangiz, quvoning. Kichik tanaffus qilib, o‘z omadingizni nishonlang.
9. Barqaror muvaffaqiyatdan umid qilmang. Yozdan so‘ng doim qish kelishini unutmang.
10. O‘zingizga o‘ta muhim inson ko‘rinishi bermang. Bu holda sizni xursand yoki xafa qilish mushkul bo‘ladi. Agar sizni g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham, maqtov ham, kamsitish ham muvozanatdan chiqara olmas ekan, demak, siz ichki xotirjamlikka erishib bo‘lgansiz.
11. Kelajak haqida qayg‘urish — diqqatni jamlashda halaqit beradi va stressga sabab bo‘ladi. Barcha energiyangiz hozirgi kun uchun zarur.
12. Narsalaringizda ham, ishingizda ham tartib bo‘lsin. Agar ish stolingizda aynan hozir qilayogan ishingizga taalluqli narsalargina bo‘lsa ishga diqqatingizni to‘liq jamlash imkoniyatingiz oshadi. Yangi ishga kirishishdan avval stol ustidan keraksiz narsalarni yig‘ishtirib tashlang.
13. Qilayotgan ishingizdan lazzatlanishni o‘rganing. Qandaydir ishni xotirjam ravishda yaxshi bajarishga intilsangiz, uni bajarishdan zavqlanasiz. Ishga butun mehringizni sarflang, shundagina oddiygina ish ham sizga huzur baxsh etadi.
14. Ishdagi tanaffuslarni rejalashtiring va ularga qat’iy amal qiling. Agar siz dam olish uchun vaqt yo‘q, deb hisoblasangiz, bu — aynan dam olish zaruriyati borligidan darak beradi.
15. O‘zi xatti-harakatlaringizni boshqaring va nazorat qiling. Lekin vaqti-vaqti bilan o‘zingizga shunchaki oqim bo‘yicha suzishga ham qo‘yib bering. Doim o‘zingizni nazorat qilish ham toliqtiradi.
16. Agar sizni katta hajmdagi ish kutib turgan bo‘lsa, qilinishi kerak bo‘lgan hamma narsani yozib oling. Bu holatda ko‘pincha ish boshda ko‘ringanidek ko‘p emasligi oydinlashadi. Shundan so‘ng rejalashtirilgan ishlarni muhimligiga qarab, birin-keting amalga oshiring.
17. Atrofingizdagilar bilan ish haqida o‘rtoqlashing. Ishingizning bir qismini kim o‘z zimmasiga olishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring. Vazifalar va mas’uliyatni bo‘lishishni o‘rganing. Boshqalarga ham xatolarga yo‘l qo‘yish imkonini taqdim eting. Hamma ishni bir o‘zingiz bajarishingiz shart emas.
18. Kuningizning ma’lum bir qismi odatdagi ishlarga bag‘ishlanishi kerak. Bu intizomingizni rivojlantiradi va ichki muvozanatingizni saqlashda yordam beradi.
19. Vaqti-vaqti bilan maynavozchilikka ham o‘rin ajrating. Kulgu yordamida stressdan qutiling. Kulishni bilgan insonlar dunyoni boshqarishadi.
20. Agar muvaffaqiyat qozonishga mutlaqo bog‘lanib qolgan bo‘lsangiz, ba’zida mutlaqo bema’ni narsalar qilishga ham urinib ko‘ring. Hamma ishingizni mazmun bilan bezash shart emas. Picha yengiltaklikka o‘rin ajrating.
21. Har doim va hamma joyda insonlar sizni topa oladigan bo‘lishga urinmang. Ba’zilar uyali telefonini o‘chirib qo‘yishni hatto qahramonlik, deb baholashadi. Aslida, telefoningizni vaqti-vaqti bilan yoqib qo‘ysangiz yaxshi bo‘lar edi.
22. Ko‘nglingizni yozishni o‘rganing. Hardiq chiqarish, insonlar bilan muloqot qilish va ko‘ngil yozish uchun vaqt ajrating. O‘z salomatligingiz va emotsional holatingiz xususida qayg‘uring.
23. Vaqti-vaqti bilan «Dangasalik kuni» o‘tkazib turing. Eslab ko‘ring-a, oxirgi marta qachon to‘shakdan turmay, mazza qilib uxlagansiz.
24. Bu qoidalarning hammasini birvarakayiga bajarmang. Bu qo‘shimcha stressga sabab bo‘lishi mumkin.
Xotirjamlik va vazminlik — bu bizning normal holatimiz. To‘g‘ri, ruhiyatimiz chigirtkadek bir fikrdan ikkinchisiga sakrab o‘tishga moyil bo‘ladi. Unga ustimizdan xo‘jayinlik qilishga yo‘l qo‘yib bermaslik, uni boshqarish kerak. Buning bir necha usuli bor. Qadimiy va sinalgan usullar — ibodat, meditatsiya, osoyishtalik va tabiat qo‘ynidan boshqa biror ta’sirli narsa topilmasa kerak. Bularning hammasi tafakkurimizni yuqoriroq darajaga o‘tishida xizmat qiladi. Hazirgi kunda juda ko‘p insonlar Oliy ong mavjudligiga unchalik ishonishmaydi. Biroq yuqoridagi usullar o‘shanday kishilarga ham yordam beradi. Qanday dinga mansub ekanligingiz, dunyoqarashingiz qanaqa ekanligidan qat’iy nazar. Har bir inson Arshi a’lo bilan muloqotni kundalik hayotining bir qismiga aylantirishi mumkin. Bunday muloqotning o‘rnini bosa oladigan narsani o‘ylab topish juda qiyin.

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men stressni bo‘ysundirish ustida ishlayman. Bu yo‘lda quyidagi harakatlarni amalga oshiraman:
1. Telefon jiringlashi bilan buni men yelkalarim va jag‘imga e’tibor berish haqidagi signal sifatida qabul qilaman. Agar men asabiylashganimni sezsam, yengillashgunimcha bir necha marta nafas olib chiqaraman.
2. Bugun dasturxon oldida butun diqqat-e’tiborimni faqat ovqatlanishga qarataman. Chiroqni o‘chirib, sham yoqaman, stol ustiga gullar qo‘yaman, sekin musiqani qo‘yaman va hech qayerga shoshilmayman. Men chindan ham taomdan lazzatlanaman.
3. Bugun hamsuhbatlarimning gaplariga diqqatimni jamlayman. Men ular nimani va qanday gapirayotganiga e’tibor beraman. Men ular bu narsani nega gapirayotganini yuzlaridan bilib olishga harakat qilaman. Men suhbatdoshlarimni to‘liq tushunishga intilaman.
4. Yigirma to‘rt qoida ichidan menga eng foydalilarini tanlab olaman va ko‘rinarli joyga ilib qo‘yaman. Agar stressning salbiy ta’sirini sezib qolsam, darhol ushbu ro‘yxatga e’tibor beraman.
5. Bugun men biror tinch joyga o‘tirib, o‘n besh daqiqa hech narsa bilan shug‘ullanmayman.