Menu

11-QONUN. ORZU QILING VA ORZULARINGIZNI RO‘YOBGA CHIQARING

Kunlardan birida besh yoshli qizaloq oyisining karovati oldiga yugurib kelibdi va «Oyi, katta bo‘lsangiz kim bo‘lasiz?» — deb savol beribdi.
«Qizalog‘im biror o‘yinni boshlagan», deb hisoblagan ona shunday javob beribdi:
— Menimcha, ulg‘ayganimda ona bo‘lsam kerak.
— Siz ona bo‘la olmaysiz! — e’tiroz bildiribdi qiz. — Siz allaqachon onasiz. Xo‘sh, ulg‘ayganingizda kim bo‘lasiz?
— Yaxshi-yaxshi, men o‘qituvchi bo‘laman.
— Siz hozir ham o‘qituvchisiz-ku?!
— Qizim, meni kechir, senga nima deb javob berishni ham bilmayapman...
— Oyijon, katta bo‘lsangiz kim bo‘lishingizni shunchaki ayting. Axir siz kim bo‘lishni istasangiz o‘sha kishi bo‘lishingiz mumkin-ku?! Ona shundagina gap nimadaligini tushunibdi. Lekin bu narsa kutilmaganda xayoliga kelgani bois, hech narsa deya olmabdi. Shunchaki, ahamiyatsiz bu suhbat asnosida u hali o‘z qizining ko‘z o‘ngida o‘zi istagan inson bo‘lishi mumkinligini anglabdi. Oila, ish, kundalik yumushlar, ikki farzand, hayot ikir-chikirlari — bularning hammasi uning uchun bir on ahamiyatini yo‘qotibdi. Axir oyisi hali orzu qilishi mumkinligi va o‘z kelajagini to‘la-to‘kis aniqlab olmaganini qizi biladi-da! U o‘sishi kerak va hali qiladigan ishlari juda ko‘p.

* * *

Siz hozir tushib qolgan vaziyat faqat ikkinchi darajali ahamiyatga ega. Asosiy savol kelajakda kim bo‘lishingizga bog‘liq. Balkim kimdir sizga «Buning iloji yo‘q» der, bu mutlaqo ahamiyatsiz. Bunday insonlar hayotingizda yana qancha uchrashi ham ahamiyatsiz. Asosiysi, bunday tushkun ohangdagi so‘zlarni yakkayu-yagona inson — siz o‘zingiz aytmasangiz bas. Hayotingiz o‘tib bo‘lgani xususida aslo o‘y yurita ko‘rmang. Agar o‘z orzuingizni ro‘yobga chiqarishga kirishmasangiz, buni sizning o‘rningizga hech kim amalga oshirib bermaydi. Siz tushib qolishingiz mumkin bo‘lgan ikkinchi tuzoq yaqqol ko‘rinishga ega bo‘lmasa-da, aslida aynan shunisi ko‘plab orzularni chippakka chiqaradi.

FALOKAT — YANGI STARTGA YO‘L

Hatto falokatlar ham sizning ruhingizni tushirib yubormasligi kerak. Biz bilan keyingi hayotimizning mazmunini yo‘qqa chiqaruvchi hodisalar ro‘y berishi mumkin. Bu holatda, falokat zamirida kelajak uchun imkoniyat yashirin ekanligini anglashimiz kerak. O‘n yetti yoshli qizning ilk muhabbati tanazzulga yuz tutdi. Sevgan yigiti uni tashlab ketdi. Qizning ko‘ziga dunyo qorong‘u ko‘rinib ketdi. Shunda oyisining lab bo‘yog‘i bilan vannadagi ko‘zguga yozgan so‘zlariga uning ko‘zi tushib qoldi: «Butlar o‘tkinchi, Xudo abadiy». O‘z hayotingizni kim bilan yashamoqchisiz — butlar bilanmi yoki xudo bilan? Yarimta qarorga borishga tayyormisiz? Bu savollarga javob berish mushkul, albatta. Bunday qarorlarni ba’zan hayotning o‘zi o‘rnimizga qabul qilib qo‘ya qoladi. Biz bilan shunday hodisalar ro‘y beradiki, ularga mutlaqo ta’sir o‘tkaza olmay qolamiz. Hamma narsa ularga qanday munosabatda bo‘lishimizga bog‘liq bo‘lib qoladi, xolos. 1914 yilning dekabrida Tomas Edison 67 yoshga kirganida uning laboratoriyasi kuyib kulga aylandi. Zarar 3,5 million markani tashkil etardi, laboratoriya esa bor yo‘g‘i 400 mingga sug‘urta qilingan edi. Eng dahshatlisi, olimning jamiki tadqiqotlari natijalari ham yonib ketgan edi. Barcha ilmiy materiallar, yozuvlar va esdaliklar yo‘q bo‘lgandi. Uning hayoti davomida qilgan mehnati yo‘qqa chiqqandi. O‘g‘li Edisonni laboratoriyadan picha naridan topadi. Olim naridan turib yong‘inni kuzatar edi. U mutlaqo xotirjamlik bilan o‘zini tutib turardi. Vayronaga aylanayotgan binoni kulimsirab tomosha qilar ekan, xotinini chaqirishlarini so‘raydi. Xotini uning yoniga chopib kelgach, olim shunday deydi: «Sen bunga qara. Bunaqasini hayotda boshqa ko‘rmaysan. Falokatlar — bu juda katta turtki. Axir hozir bizning jamiki xatolarimiz yonib ketmoqda. Xudoga shukr, endi biz hammasini boshidan boshlay olamiz». Agar siz biror falokatga duchor bo‘lsangiz, bu sizga ehtimol, hammasini boshidan bexato boshlash imkoniyatini berar? Biroq, yangi hayotni boshlash uchun aynan falokatni kutib o‘tirish yaramaydi, albatta. Axir siz orzu qilishga qodirsiz-ku?! Siz kim bo‘lishni istayotgan bo‘lsangiz, o‘sha inson bo‘la olasiz. Siz o‘z oldingizga butun hayotingiz maqsadini qo‘yib o‘sha tomon intila olasiz. Siz qiziqarli hayot kechirishga haqlisiz! Sizning o‘tmishingiz kelajagingizga mutlaqo o‘xshamaydi. Siz istalgan daqiqada o‘zingiz xohlayotgan hayot bilan yashashingiz mumkin.

SIZ ORZU QILMAY QO‘YDINGIZMI?

Nafaqat o‘tmishingiz, balki hozirgi kuningiz ham sizga tuzoq qo‘yishi mumkin. Kunlarning birida bir odam uyining kalitini yo‘qotib qo‘yib, uni izlay boshlabdi. Buni kuzatib turgan qo‘shni ayol unga yordam bera boshlabdi. Har bir burchak va daraxt tagini sinchiklab ko‘rayotgan ayol, qo‘shnisi faqat chiroq ilingan ustun atrofini qidirayotganini sezib qolibdi. Hayron qolgan ayol unga boshqa joylarni ham izlashni taklif qilibdi: «Kalit faqat shu fonar ostiga tushib qolmagan bo‘lishi mumkin-ku?» deganida, boyagi erkak: «Bilaman, u boshqa joyda ham tushib qolgan bo‘lishi mumkin, lekin bu yer yorug‘», deb javob bergan ekan. Juda ko‘pchilik insonlar o‘z orzularining ro‘yobga chiqishi ayni vaqtda o‘zlari band bo‘lgan faoliyat sohasidagina amalga oshishi mumkin, deb hisoblashadi. Aslida esa hayotning mazmuni mutlaqo boshqa sohada yashiringan bo‘lishi mumkin. Balki uning kaliti o‘tmishning qaysi bir burchida yashiringandir? Yoshligingizda voz kechgan orzularingizni bir esga olib ko‘ring-a! Shunda siz hayotingizni o‘zgartira olishga kuchingiz yetishini tushunasiz. Insonga doim teleko‘rsatuvlar, kino-yu teatr tomoshalari dasturi, transport harakati jadvali kerak bo‘ladi. U o‘z vaqtini rejalashtirishga harakat qiladi. Lekin yo‘nalishdan ko‘ra harakat tezligi uning uchun muhim bo‘lsa bu kulgili-ku?! Hayot yillarini sovurib, orzularni sarobga aylantirib, daqiqalarni tejash xavfli-ku axir?! Chunki kun kelib u kechagi va bugungidan mutlaqo farq qiluvchi insonga aylanishi mumkinligini anglab yetmagan bo‘ladi. Jilbert Kaplan 25 yoshida o‘zining ilk jurnaliga asos soldi. 15 yil ichida u jurnalini yetakchi nashrlardan biriga aylantirib, tirajini ancha ko‘tarib oldi. Kaplan tunu-kun tinim bilmasdan ishlardi. U 40 yoshga kirganda kutilmaganda jurnalni sotib yubordi. Xo‘sh, aslida nima bo‘lgan edi? Kunlarning birida Kaplan Malerning ikkinchi simfoniyasini tinglab qoladi. Musiqa ohanglari uning qalbini larzaga soladi. Qalbining tub-tubida mudrab yotgan tuyg‘ular junbushga keladi. Lekin yana bir narsa bor edi: u ushbu simfoniyani boshqacha chalish mumkinligi, bunday ohangda nimadir yetishmayotganini sezib qolibdi. Bu ohang Malerning o‘ziga ham yoqmasligi aniq edi. Shunda u o‘z nashriyotini sotib, dirijor bo‘lishga ahd qildi. Atrofdagilarning hammasi uni esi og‘ib qolgan, deb hisoblay boshlashdi. Chunki u hech qachon dirijorlik qilmagan va birorta musiqa asbobini chalishni ham bilmasdi. Hatto do‘stlari uni jinniga chiqarib qo‘yishdi. Nota nimaligini bilmaydigan ishbilarmon dirijor bo‘laman deb o‘tirsa-ya?! Kulgili emasmi? Lekin Kaplan bu tanqidlarga zarracha e’tibor bermadi. U o‘zining oldiga Maler simfoniyasini hech kim ijro etmagan darajada ijro etishdek oliy maqsad qo‘ydi. Shunda u o‘qiy boshladi. Eng yetuk dirijorlardan saboq oldi. O‘z orzusini ro‘yobga chiqarish yo‘lida tinim bilmasdan mehnat qildi. Orzusi esa ikki yil o‘tmayoq bo‘y ko‘rsatdi. 1996 yilda Jilyuyert Kaplan AQSHda klassik musiqa albomini sotuvga chiqardi va u katta muvaffaqiyat qozondi. Shu yili allaqachon mashhur dirijorga aylanib ulgargan Kaplan Motsart vatani — Zalsburgda o‘tadigan xalqaro klassik musiqa festivalini ochib berdi.

ORZULAR QANDAY RO‘YOBGA CHIQADI?

Bizning orzu va maqsadlarimizni o‘ziga hamma narsani tortuvchi magnitga o‘xshatish mumkin. Bunga ishonish balki qiyindir, biroq muvaffaqiyatga erishgan insonlarning barchasi buni tasdiqlaydi. To‘g‘ri, buning uchun vaqti-vaqti bilan orzu qilib turish yetarli emas. Butun diqqat-e’tiboringizni shu maqsadga jamlashingiz, u haqda doim o‘ylashingiz, uning amalga oshishi haqida zarracha shubhaga bormasligingiz kerak. Bu yo‘lda sizga juda oddiy usul asqotadi. Faraz qiling, siz orzuingizga yetishdingiz. Buni xayolingizda jonlantirib, vaziyatdan huzur qiling. Har doim xayollaringizni orzuingizga jamlar ekansiz, bugun turgan nuqtangiz va intilayotgan nuqtangiz o‘rtasida bog‘lanish hosil qilasiz. Sizda orzuingiz amalga oshishi borasida ishoch shakllana boradi. Ishonch esa muvaffaqiyatga yo‘naltirilgan samarali harakatlarga aylanadi. Bu holda o‘z-o‘zingizga ishonch paydo bo‘ladi va u muvaffaqiyat tomon yo‘llarni oydinlashtirib boradi.

QANCHALIK KO‘P ORZU QILSAK, SHUNCHALIK KUCHLI BO‘LAMIZ

Norman Vinsent Pil «Insonlar o‘zlari istagan kishi bo‘lishlari uchun zarur narsalarning hammasi ularda muhayyo ekaniga ishonishni istashmaydi. Shu sababli ular o‘zlariga loyiq bo‘lmagan narsalar bilan kifoyalanishadi», deganda masalaning mohiyatiga diqqat qaratgan edi. Benjamin Dizraeli ham shu haqda yozgan edi: «O‘z maqsadi yo‘lida hatto hayotini ham qurbon qilishga tayyor bo‘lgan insonning irodasiga hech narsa to‘sqinliq qila olmaydi». Nega ba’zi insonlar o‘z ortidan odamlarni ergashtiradi, ba’zilar esa o‘z dumiga o‘ralashib qolishadi? Ularning farqi shundan iboratki, birinchilari hayotda o‘z orzulariga tayanib ish qilishadi. Agar ikki inson uchrashib qolsa va ulardan bittasi mustahkam qaror qabul qilgan va uni hayotga tatbiq etish ustida tinim bilmay ishlayotgan bo‘lsa, u ikkinchisini o‘z so‘zlariga ishontirib, o‘zi uchun ishlashga majbur qila olish ehtimoli juda katta. Orzumiz qanchalik kuchli bo‘lsa, o‘zimiz ham shunchalik kuchli bo‘lamiz. Guyoki maqsadlari tomon olg‘a qadam tashlayotgan insonlarni Koinot ham qo‘llab-quvvatlayotgandek tasavvur hosil bo‘ladi. G‘oliblar vaqti-vaqti bilan to‘xtab o‘zlariga savol berishadi: «Men o‘z maqsadim sari boryapmanmi yoki oqim bo‘yicha oqmoqdamanmi?» Ular o‘z kelajaklarini o‘zlari qurishlari mumkinligini bilishadi. Ular o‘zlari loyiq bo‘lgan hayotni barpo etishadi. G‘oliblar o‘zlarining o‘tmishi va buguni kelajagidan mutlaqo farq qilishini bilishadi. Chunki bir xil bo‘yoqlardan foydalangan insonlar ham o‘ziga xos, boshqalarnikiga o‘xshamagan suratlar chizishadi. Dente shunday degan: «Kuchli alanga mitti uchqundan paydo bo‘ladi». O‘zingizga yoqqan hayot bilan yashang. Xuddi Frenk Sinatraning qo‘shig‘ida aytilganidek: «Lekin buni istaganimdek qilar edim». Sinatra qo‘shiqlaridek yashadi va vafot etdi. Shuning uchun uning dafn marosimida AQSH prezidenti «U buni o‘zi istagandek qildi», degan edi. Bizning oldimizda doim tanlash imkoniyati bor: yo biz o‘z orzuimizga mos ravishda yashaymiz, yoki boshqalarning orzusini ro‘yobga chiqarish uchun ishlaymiz. Avraam Linkolnning onasi o‘layotganda o‘g‘liga «Biror kishi bo‘laman deb menga va’da ber» degan. Va u onasiga va’da bergan. G‘oliblar hayot shunchaki yashash uchun juda kaltalik qilishini yaxshi bilishadi.

AMALIY MASHQLAR:

Men bugunoq o‘z hayotim konstruktoriga aylanaman. Bu yo‘lda men quyidagilarni qilishim zarur:
1. Butun men o‘zimga dam beraman. Sayr qila turib, o‘zimning chinki ovozimga quloq tutaman.
2. Keyingi yetti yil mobaynida hayotimda nimalar bo‘lganini yodga olaman. Nima yangi narsalarni o‘rganganim, nimalar qilganim, qancha pul ishlab topganim va qancha yangi odamlar bilan tanishganimni mushohada qilaman. Mening shaxsiyatim nechog‘lik o‘zgargan, nimalarni boshimdan o‘tkazdim? Keyingi yetti yil ichida ham hayotimda bundanda qiziqroq hodisalar ro‘y berishini bilaman.
3. Men o‘zimga quyidagi savollarni beraman: Agar qo‘limdan kelganida kim bo‘lishni va nima qilishni istagan bo‘lar edim? Orzularim nimalardan iborat? Yetti yildan so‘ng qanday inson bo‘laman? Bu xususdagi barcha fikrlarimni kundaligimga yozib qo‘yaman. Bu menga aslida nima bilan shug‘ullanishim kerakligi, qobiliyatim qay darajada ekanligini aniqlashda asqotadi.
Men tanlash o‘z qo‘limda ekanligini bilaman. Men istalgan daqiqada hayotimni o‘zimga mos ko‘rishga o‘zgartira olaman. Men o‘z hayotimning xo‘jayiniman va baxtli yashashni istayman.