Menu

19-QONUN. ISHDAN CHALG'IMASLIKKA HARAKAT QILING

Tom va Sem kompaniyaga bir vaqtda ishga kelishibdi. Tom garchi faol inson bo‘lsa-da, uni doim qandaydir omadsizliklar ta’qib etar ekan. Goh uning mashinasi kutilmaganda buzilib qolar, goh pasportini yo‘qotib qo‘yib uni yangilashga majbur bo‘lar, goh uyining yerto‘lasida suv quvuri yorilib ketardi. Uning aksi o‘laroq, Sem ancha bosiq va uning ishlari joyida edi. U seriallarni qoldirmasdan tomosha qilar, keyingi seriyadan quruq qolmaslik uchun ishga oid uchrashuvlarni kamroq belgilardi. Oradan bir necha oy o‘tgach, firma direktori Semni ishdan haydabdi va u bu holni biror e’tirozsiz qabul qilibdi. Biroq shu vaqtning o‘zida Tom ham ishdan bo‘shatilibdi. Boshliqning bu qarori uning katta e’tiroziga sabab bo‘libdi. “Nega men bu yalqov Sem bilan bir xil ko‘rildim? Axir men ishlashni bilaman va xohlayman-ku?! Men shunchaki vaziyatning qurboni bo‘ldim”. Direktor unga shunday javob beribdi: “Men kompaniyamning gullab-yashnashi uchun mas’ulman. Agar biz ko‘zlangan maqsadlarga yetisha olmasak, firmamiz va unda ishlayotgan insonlarning mavjudligi shubha ostida qoladi. Men uchun reja qaysi sababga ko‘ra bajarilmagani muhim emas. Men uchun yagona o‘lchov mavjud — yakuniy natija”.

* * *

Haqiqiy muvaffaqiyatga erishish uchun butun energiyangiz va kuchingizni bitta ishga jamlashingiz kerak. Ko‘pchilik uchun bu oson emas, chunki nimadir ularga doim xalaqit berib turadi. Xalaqit beruvchi omillar istalgan narsa bo‘lishi mumkin: sport musobaqalari, joriy muammolar, turli hayotiy vaziyatlar, oiladagi janjal va hatto ob-havo. Ba’zi bir insonlar, masalan, faqat yomg‘ir sharros quyayotgandagina unumli ishlay olishadi, yaxshi havo esa ularga ishga diqqatini jamlashda xalaqit beradi. Ishlardan chalg‘ishda o‘zimizda odat bo‘lib shakllangan ishlash va fikrlash uslubi ham sabab bo‘lishi mumkin. Agar tushga borib qandaydir muhim ishni qoyilmaqom qilib tugallaganingiz sababli ishlash uchun ishtiyoqingiz susaysa, bu — ishdan hafsalangiz pir bo‘lib, unga qo‘l siltab tashlab ketganingiz bilan barobardir

BAHONALAR QANCHALIK JIMJIMADOR BO‘LSA, O‘Z-O‘ZIMIZGA HAMDARDLIGIMIZ SHUNCHALIK KUCHLI

Haqiqiy xavf shundan iboratki, biz ko‘pincha chalg‘ituvchi omillardan o‘z omadsizligimiz va yetarli darajada ishlay olmasligimizni oqlash sifatida foydalanamiz. Ba’zida insonlar o‘z harakatsizligiga “genial” bahona topish uchun juda katta energiya sarflashdan ham tap tortishmaydi. Ular natijalarga ega bo‘lmay turib, yaxshigina obro‘ni saqlab qolishni istashadi. Biroq bizga bahonalarimizga emas, ishimizning natijalariga qarab baho berishadi. Foliblar vaziyatga qaramasdan muvaffaqiyatga erishishadi. Bahonalarimiz qanchalik chiroyli bo‘lsa, biz o‘zimizni shunchalik qulay his qilamiz. Biroq biz o‘z harakatsizligimizning qaysi yo‘l bilan oqlamaylik — xoh u deraza ortidagi qorbo‘ron bo‘lsin, xoh u shunchaki televizor tomosha qilish bo‘lsin, — natija o‘sha-o‘shaligicha qolaveradi. Qanchalik dramatik bahona to‘qir ekanmiz, u o‘zimizga va boshqalarga shunchalik ishonchli bo‘lib tuyulaveradi. Albatta, biz o‘z harakatsizlimimizni avval dovulga duchor bo‘lib, so‘ng zilzilada sarson bo‘lib, undan so‘ng yo‘lda o‘lgan itni ko‘rib qolib, uni ko‘mish bilan ovora bo‘lib, undan so‘ng esa avtomobilingiz g‘ildiragi yangi yotqizilgan asfaltga botib qolgani, shu sababli avtomobilimiz motori o‘chib qolgani bilan izohlashimiz mumkin. Biroq NATIJA ishga borishni istamaganingiz uchun shunchaki uyda qolganingiz bilan bir xil bo‘lib chiqadi. Ishdan chalg‘ituvchi barcha omillar o‘z mohiyatiga ko‘ra bir xildir. Ular sizga ma’lum bir muvaffaqiyatga erishishda xalaqit beradi. “Dramatik” bahona va vaj-korsonlarning yagona farqi shundan iboratki, u o‘zingizda va boshqalarda sizga nisbatan rahm-shafqat tuyg‘usini uyg‘otadi. Albatta, qor bo‘roni va buzilgan motor o‘zni oqlash sifatida yaxshiroq ko‘rinishga ega. Biroq, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: har qanday bahonaning mohiyati — o‘zgalarning diqqatini o‘zingizdan chalg‘itib, boshqa biror narsaga qaratishdir. Natijada biz vaziyat qurboniga aylanamiz. Biz hurmat qozonish va tan olinish o‘rniga, hamdardlik va tushunish axtaramiz. Tanlash o‘z qo‘lingizda: yo siz tubanlasha boraverasiz yoki ko‘zlangan maqsadga erishasiz. Butun vaqtini chalg‘ituvchi omillarga sarflovchi inson haqida nima degan bo‘lardingiz? U o‘zining hayoti bilan yashamaydi, chunki u o‘z hayotini nazorat qilishga qodir emas. Butun kuch-g‘ayratini maqsadiga erishish yo‘lida sarflagan, chalg‘imaydigan inson o‘z hayotini o‘zi quradi. Hayotimizda o‘z kuchimizni sarflagan narsalarimizgina takomillashib boraveradi. Ko‘zlangan rejalarni bajarib, o‘zimiz ham o‘zgaramiz. Kutilmagan vaziyatlarga vaqtini ko‘p sarflovchi inson ularni hayotining bosh tarkibiy qismiga aylantirib qo‘yadi. Natijada uning butun hayoti to‘liq o‘zini oqlashdan iborat bo‘lib qoladi.

CHALG'ITUVCHI VAZIYATLARNI BOSHQARISH

Gyote kunlarning birida shunday degan: “Oldin ko‘rish bo‘lgan aniq narsa, kutilmagan narsaning sodir bo‘lishidir”. Doim nimadir bizni ishdan chalg‘itadi va biz buni hal qilishimiz kerak bo‘ladi. Bu vaziyatlarning ko‘pchiligi biz uchun bir qaraganda juda muhim bo‘lib ko‘rinadi. Aslida esa ularga shunchaki e’tiborsiz bo‘lish ham mumkin. Boshqa ishlarga ayniqsa, hozir muhim e’tibor bermay turgan ma’qul. Bu o‘sha yumushlar bilan ishdan so‘ng bemalol shug‘ullanish mumkin, degani. Biroq, darhol e’tibor beriladigan narsalar ham bo‘ladi. Bunday kutilmagan va tezkor harakat talab etadigan vaziyatlar tez-tez sodir bo‘lib turishi tufayli ularga doim tayyor bo‘lish kerak. Avtomobilida yozlik g‘ildiraklar turgani tufayli qish faslida ishga chiqmagan taksichiga qanday munosabat bildirar edingiz? “Oldinroq g‘amini yeyish kerak edi!” — derdingiz, shundaymi? Xuddi qishdagi qor kabi hayotimizda ma’lum bir vaziyatlar muntazam paydo bo‘lib turadi, shu sababli ishingizga xalaqit bermasligi uchun uning oldini oluvchi choralarni oldindan ko‘rib qo‘yish kerak. Albatta har qanday «syurpriz»ni oldindan ko‘rib bo‘lmaydi. Hayot esa rejalarimizning aynan aksi bo‘lib chiqavermaydi. Dam-badam tezkor choralar talab etiladigan “yong‘in” vaziyatlar paydo bo‘ladi. Agar bunday vaziyatlar muntazam — har hafta yoki har kuni paydo bo‘ladi, deb hisoblasangiz, ko‘zlangan rejalaringizga xalaqit bermasligi uchun ularni shunchaki o‘z ish jadvalingizga qo‘shib qo‘yishingiz lozim. Kunlik ish jadvalingizda bunday vaziyatlar uchun vaqt ajratsangiz yanada durust. Agar bunday vaziyatlar paydo bo‘ladigan bo‘lsa, u sizga shu kun uchun belgilagan rejalaringizni amalga oshirishda xalaqit bermaydi, sizda ishlash uchun qo‘shimcha vaqt paydo bo‘ladi. Maqsadingizga yetishish yo‘lida qandaydir chalg‘ituvchi omillar sizga xalaqait bermasligi shart. Xuddi shuningdek, kutilmagan muammolarni hal qilish uchun ikki haftada bir yoki yarim yilda uch-besh kun ajratishingiz mumkin. Agar qurbingiz yetsa, kutilmagan vaziyatlarda sizga yordam beruvchi odam yollang.

CHALG'ITUVCHI VAZIYATLAR QANDAY FOYDA KELTIRISHI MUMKIN?

Sizga bu vaziyat tanishmi: ishlab yotibsiz va kimdir sizning ruxsatingizsiz xonangizga kirib keldi? Ehtimol, bu holat bo‘yicha sanoqsiz marta asabiylashishga ham ulgurgandirsiz? Biroq, insonlarni xalaqit beruvchi hisoblash mumkinmikan? Balki inson sizning diqqat bilan bajarayotgan ishingizdan ham muhimroqdir? Albatta, qilar ishi bo‘lmaganidan sizning oldingizga borgan inson vaqtingiz o‘g‘risidir! Ammo, oldingizga o‘ta muhim muammosini hal etish uchun qizingiz yoki singlingiz kelgan bo‘lsa, vaqt masalasida ustuvorlikni unga bergan ma’qul.
Agar siz o‘z ishingizni to‘g‘ri taqsimlagan bo‘lsangiz, asosiy maqsadni ro‘yobga chiqarishga daxl qilmagan holda qizingiz (singlingiz)ga qandaydir vaqt ajratishingiz mumkin. Bunday “chalg‘ish” ishlash uchun yana kuch ato etishi mumkin. U tanaffus qilishga, keyin esa muammoga yangicha yondashishga majbur qiladi.
Biz hech qachon kutilmagan vaziyatlardan qutila olmaymiz va bu kerak ham emas. Yaxshisi, ulardan foydalanish kerak. Ular qilingan ishlarga bir qur nazar solib, ularni baholash va quyidagi savollarga javob topish uchun signal hisoblanadi:
1. O‘z vaqtimdan oqilona foydalanayapmanmi?
2. Uzoq muddatli maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida harakat qilyapmanmi yoki oniy muammolarga o‘ralashib qolganmanmi?
3. Hayotiy maqsadlarni amalga oshirish rejasida vaqtdan yanada samarali foydalanish mumkinmi?
Chalg‘ituvchi holatlar g‘oliblarning hayotida ma’lum o‘ringa ega. Ular unga aql bilan yondashishadi va vaqt ajratishadi. Biroq bu vaziyatlar hech qachon uning rejalarini buzishiga yo‘l qo‘ymaydi, shuningdek ulardan bahona sifatida foydalanmaydi. Foliblar nima bo‘lganda ham o‘z maqsadlariga yetishishadi.

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men chalg‘ituvchi omillarni boshqarish ustida ish boshlayman. Buning uchun quyidagilarga amal qilaman:
1. Bugun hech qanday bahona ishlatmayman. Men tasodifiy vaziyatlar qo‘lida qo‘g‘irchoq emas, o‘z hayotim xo‘jayini bo‘lishni istayman. O‘z omadsizliklarimni oqlab, vaziyatlar va boshqa insonlar menga hukmron ekanligini tan olgan bo‘laman. Bahona topish o‘rniga butun kuchimni maqsadlarimga yetishish yo‘lida sarflayman.
2. Hech qanday chalg‘ituvchi holatlar meni taslim bo‘lishga yoki o‘z maqsadimdan voz kechishga majburlay olmaydi. Men bugun ko‘zlagan maqsadlarimning barchasiga yetishaman.
3. Kutilmagan vaziyatlardan qochishning imkoni bo‘lmagani bois, bugundan boshlab o‘z ish rejamda ularga joy ajrataman. Bu holda men vaziyatlarni boshqaraman, ular meni emas.
4. Agar kutilmagan vaziyat paydo bo‘lsa, o‘z vaqtimdan qanchalik oqilona foydalanayotganimni tekshirib ko‘rish uchun undan foydalanaman.