Menu

14-QONUN. ISHNI BIR YUZ O‘N FOIZGA BAJARING

Kunlardan birida jurnalist og‘ir atletika bo‘yicha Bolgariya chempioniga savol beribdi: «Agar mashg‘ulot chog‘ida shtangani o‘n marta ko‘tarishga to‘g‘ri kelsa, siz uchun eng muhimi qaysi biri bo‘ladi?» Chempion shunday javob beribdi: «O‘n birinchisi».

* * *

Nimanidir bir yuz o‘n foizga bajarish uchun avval bir narsani puxta anglash kerak: eng yaxshi natijangiz ham yetarli darajada yaxshi emas. Agar siz hozir o‘qishni yig‘ishtirib, polga qo‘lingizga tayanib yotib turishga tushib ketsangiz buni necha marta uddalay olasiz? Agar siz to‘la-to‘kis kuch sarflasangiz bu sizning eng yaxshi natijangiz bo‘ladi. Faraz qilaylik, siz ko‘p yillardan buyon jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanib kelmoqdasiz. Bu holatda, natija juda yuqori sanalmaydi. Biroq siz har kuni besh daqiqa polga qo‘lingiz bilan yotib tursangiz uch oydan so‘ng qanday natijaga erishasiz? Agar siz ilgari shug‘ullanmagan bo‘lsangiz tarqqiyot juda sezilarli bo‘ladi, shubhasiz. Nima bo‘lganda ham hozirgiga nisbatan yaxshiroq natijalarga erishasiz. Buni hayotning istalgan jabhasiga qo‘llash mumkin, chunki istalgan sohada mukammallashish uchun bizda katta imkoniyatlar bor.

QO‘SHIMCHA 10 FOIZ VA NATIJA BIR NECHA BAROBAR KO‘PAYADI

Faraz qiling, uch oy mobaynida kuniga uch marta besh daqiqadan polga qo‘llaringizga tayanib yotib-turib mashq qilmoqdasiz. Har safar siz to‘liq (100 foiz) kuch sarflamoqdasiz. Poldan yana bir marta ko‘tarilish uchun yaramay qolganingizda yana bir urinib ko‘ring (110 foiz). Bu har doim ham qo‘lingizdan kelavermaydi. Ba’zan urinishingizning yarmisi muvaffaqiyatli chiqishi mumkin. Biroq, har bir sportchi biladi: eng samarali o‘sish imkoniyati mutlaqo mador qolmagan paytdagi «qo‘shimcha» urinishda yashiringan bo‘ladi. Agar siz uch oy mobayida shu yo‘l bilan shug‘ullana boshlasangiz pirovard natijada necha marta yotib-tura olasiz? Bir yuz o‘n foizga ishlab beruvchi odamlar bor. Bular har qanday sohada birinchi bo‘lishni istovchi kishilar. Ularni mukofot ham uzoq kuttirmaydi. O‘n foiz qo‘shimcha intilishda muvaffaqiyat va o‘rtamiyonalik o‘rtasidagi farq yashirin. Boylik va kun ko‘rish uchun minimum mablag‘ o‘rtasidagi farq. Shu sababli bir qarashda ko‘ringaniga ters o‘laroq, qo‘shimcha o‘n foiz uchun mukofot ancha ko‘p. Agar o‘n foiz qo‘shimcha intilish bo‘lsa, natija 100 foizga ko‘payishi mumkin. Hatto ming foizga, yuz ming foizga ham ko‘payishi mumkin. O‘zingiz nimaga qodir ekanligingizni anglashingiz uchun ana shu bir yuz o‘n foizga tayyor bo‘lishingiz kerak. Kutilganidan ko‘proq ish qilishga doim tayyor bo‘lish sizning odatingizga aylanishi kerak. Barcha zamonlarning eng omadli birja xodimi, milliarder Jon Templton juda kam intervyu bergan. Chunki u vaqtini qadrlardi. U suratga tushishni ham rad etib kelgan, biroq eng mashhur jurnallardan biriga fotosessiya uchun o‘ttiz daqiqa vaqtini ajratgan. Biroq jarayon yetti soatga cho‘zilib ketgan. Shunda Templtondan «Nega suratkashni to‘xtatmadingiz?» deb so‘rashganda u shunday javob bergan: «Men haqiqatdan ham s’yomka uchun ko‘p vaqtimni sarflamoqchi emasdim. Biroq bu yigit bir yuz o‘n foizga ishladi. U o‘z ishiga shu qadar berilgan ediki, unga xalaqit bergim kelmadi».

NEGA HAMMA BIR YUZ O‘N FOIZGA ISHLAMAYDI?

Nega ba’zi insonlar o‘z imkoniyatlarining 50-60 foizi darajasida, ba’zilar 110 foiz ishlashadi? Javobi juda oddiy: biz o‘zimizga huzur baxsh etadigan ish bilan shug‘ullanamiz. Ba’zi insonlar 110 foizga ishlashdan huzurlanishadi. Biroq hammada ham bunday tug‘ma qobiliyat bo‘lmaydi. Biz iloji boricha to‘siqlarsiz yo‘lni tanlashga moyilmiz. Agar ellik foiz yetarli bo‘lsa butun kuch-madorni sarflab, bir yuz o‘n foizga ishlash shartmi? Javob quyidagicha: bu holda biz o‘zimizni ko‘proq hurmat qila boshlaymiz va aslida nimalarga qodir ekanligimizni anglaymiz. Faqat shu holdagina biz hayotdan to‘liq bahra olamiz. Faqat bir yuz o‘n foizgina bizga asl mukammallikni baxsh etadi. Buni tushungan insonlar bir yuz o‘n foizga mehnat qilib, haqiqatdan ham huzurlanib yurishibdi. Ular qiyin vaziyatlarga tushib qolganda ularga «Qo‘limdan kelmaydi emas, bajarishim shart» degan shior yordam beradi. Ular ko‘zlangan maqsadlariga yetisha olishmasa qattiq aziyat chekishadi. O‘z shaxsiy rejalarini amalga oshira olishmasa o‘zlarini yomon ko‘rib ketishadi. Ular o‘zlarining zimmasiga qo‘shimcha og‘ir mas’uliyatlarni olishga tayyor va hatto bundan ular huzurlanishadi! Arnold Shvarsenegger shunday degan: «Og‘riq — bu yaxshi sezgi. Og‘riq chegarasida ishlash chempionni chempion bo‘lmagan kishidan ajratib turadi. Men o‘zimni chempion qiluvchi og‘riqlarni yaxshi ko‘raman».

«YUZ FOIZLIK» STRATEGIYA KAMCHILIKLARI

Kimdir aytar: «Men yuz foizdan ko‘p ishlay olmayman. Buning iloji yo‘q», deb. Bunday insonlarga shunday savol berish mumkin: «Yuz foiz aslida qancha ekanligini qayoqdan bilasiz?» Turli zamonlarda ham olimlar bizning potensialimiz tasavvur qilinganidan ortiq ekanligini ta’kidlab kelishgan. Biz yuz foiz deb olgan narsamiz aslida yetmishdir, balki undan ham kamroqdir... Biz bundan ortiqrog‘iga qodirmiz! Agar biz «bor-yo‘g‘i» yuz foizga ishlamoqchi bo‘lsak, o‘zimiz sun’iy ravishda o‘z imkoniyatlarimiz chegarasini pasaytirib qo‘yamiz. Yuz foizlik strategiya prinsipiga asoslanib ishlayotgan odamlar o‘z dangasaligiga yaxshigina bahona topishadi. Ular «bundan ortig‘i qo‘limdan kelmaydi», deya ta’kidlashadi. Bunday insonlar o‘sa olishmaydi, chunki past darajani o‘zining imkoniyatlarining yuqori chegarasi deb bilishadi. Yuz foizlik strategiyaga sodiq kishi sakson foizni ham yaxshi natija deb biladi. Bundan tashqari, u «ishonchli» sohani tanlab olib, charchoq va aziyat mavjud bo‘lgan boshqa sohalarga o‘tishni aslo xayoliga keltirmaydi. Bunday inson minimum bo‘yicha yashaydi va uning yuz foizlik natijasi esa aslida saksondan ham pastroq. Foliblar esa hozir ega bo‘lgan narsalardan aslo qoniqishmaydi. Bir yuz o‘n foizga ishlovchi insonlar chegara va cheklovlarni pisand qilmaydi. Ular doim o‘zlaridan yanada yuksakroq natijalarni kutishadi. Foliblar o‘zlarining imkoniyatlariga ishonishadi va o‘zlarini hozirgi holatiga qarab emas, kim bo‘lishga intilayotganiga qarab baholashadi. Ular bilishadiki, yuz foiz bu yetarli natija emas, chunki bu holatda inson o‘zi yaratgan chegaralar chegarasida mavjud hamda o‘sish uchun imkoniyatlarga ega emas. Bir yuz o‘n foiz ular qodir bo‘lgan eng yaxshi natijani ko‘rsatishga imkon beradi.

AGAR MEN JON-JAHDIM BILAN ISHGA KIRISHSAM...

Eski va ahmoqona «Agar men ishga jon jahdim bilan kirishsam...» degan gap bor. Bunday deguvchi odam o‘zini tinchlashtirish bilan shug‘ullanayapti, xolos. Aslida esa u bir yuz o‘n foiz mehnat qilishga qodir emas. Chunki bu strategiya bir martalik harakat emas, u — hayot tarzi, kundalik odat hisoblanadi. Bu o‘ziga xos falsafa! Bu nazariy mulohazalar emas, mavjudik formasidir. Bir yuz o‘n foiz ishlash prinsipiga asoslanib yashayotgan insonni birinchi uchrashuvdayoq ajratib olasiz. Siz g‘oliblar jamiyatida ekanligingizni darhol anglaysiz. Bu dunyoda jamiki buyuk ishlar aynan shunday kishilar tomonidan amalga oshirilgan. Bir yuz o‘n foizni juda ko‘p deb hisoblagan odam muvaffaqiyat qozonish imkoniyatini qo‘ldan chiqaradi. Muvaffaqiyatning esa muqobili bo‘lmaydi. Muvaffaqiyat — hayotimizning eng muhim besh sohalaridan biridir. Qolgan sohalar — sihat-salomatlik, o‘zaro munosabatlar, moliya hamda his-tuyg‘ularni ham hech narsa o‘rnini bosa olmaydi. Muvaffaqiyat uchun ulkan mukofot bor, biroq buning uchun qo‘shimcha o‘n foiz kerak. Bir yuz o‘n foiz qoidasini faoliyatining istalgan sohasiga qo‘llashingiz mumkin va bu holda hayotingiz shedevrga aylanadi.

AMALIY MASHQLAR:

Bugundan boshlab hech bo‘lmaganda hayotimning bitta sohasida bir yuz o‘n foizga ishlash qobiliyatimni takomillashtirib boraman. Buning uchun quyidagilarni bajaraman:
1. Bugun men faoliyatimning biror sohasida bir yuz o‘n foizga ishlayman.
2. Bugun men hech qanday chegara va cheklovlarni pisand qilmayman. Yuz foiz — mening imkoniyatlarim haqidagi soxta tasavvur. Men imkoniyatim yetgan darajada ishlayman. Agar qo‘limdan kelmay qolsa, bajarishim shart!
3. O‘zim haqidagi tasavvurim haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi bois, men uni qanday inson bo‘lishim kerakligi haqidagi tasavvur bilan almashtiraman. Bunday fikrlash obrazi chegara bilmaydi. Men qanday inson bo‘lmoqchi ekanligimni qog‘ozga yozib, o‘zimni allaqachon o‘shanday inson bo‘lgandek faraz qilaman va o‘zimni o‘sha insondek tuta boshlayman.
4. Bir yuz o‘n foiz qoidasi bo‘yicha yashayotgan inson ishda tez-tez tanaffus qilib turishi kerak. Shuning uchun men ishga jon-jahdim bilan kirishar ekanman, dam olish uchun vaqtni ham rejalashtiraman.