Menu

13-QONUN. TANQIDDAN ASLO CHO‘CHIMANG!

Andreas mashhur lektorning ma’ruzasini eshitish uchun boribdi. Ma’ruzachining nutqi unda shu qadar taassurot uyg‘otibdiki, u hatto o‘z hayotida nimalarnidir o‘zgartirishga ham qaror qilibdi. Biroq ma’ruzadan so‘ng Andreas qiziq kuzatishga duch kelibdi. Ma’ruzani hamma tinglovchilar ham bir xilda qabul qilmagan ekan. Kimdir lektorning gaplaridan shubhalanib, hatto uni tanqid ham qilardi. Yana bir guruh tinglovchilar esa ma’ruza yomon ham emas, yaxshi ham — o‘rtacha ekanligni ta’kidlardi. Lekin ko‘pchilik ma’ruzani xuddi Andreas singari qabul qilgan ekan. Ularning ruhiyatlari ko‘tarilgan, eshitganlarini hayotga shu ondayoq tatbiq qilishga tayyor edilar. Shunda Andreas lektorning oldiga borib, nega bir xil so‘zlar barchaga birdek ta’sir etmaganini tushunmayotganini so‘rabdi. Lektor shunday debdi: «Har bir lektor ana shunday uch guruhga to‘qnash keladi. Ularning soni foiz hisobida farqlanishi mumkin, biroq istalgan auditoriyada tanqid qiluvchi, betaraf qoluvchi va qo‘llab-quvvatlovchi insonlar bo‘ladi. Avvallari men ham zaldagilarning hammasi meni qo‘llab-quvvatlashishiga erishmoqchi bo‘ldim. Biroq, buning iloji yo‘q ekan. Ba’zi bir insonlar hamma narsaga salbiy va tanqidiy ko‘z bilan qarashni o‘zining hayotiy maqsadiga aylantirib olishgan. Bundan tashqari, yangi fikrlarni qabul qilish uchun fikr ochiqligi va jasorat talab etiladi, bu jihat esa hammada ham bor emas. Shunda men shu uch guruh borligiga ko‘nikish kerakligiga amin bo‘ldim. Bu holda men gap-so‘zlarimni diqqat bilan tinglayotgn va ijobiy qabul qilayotganlargagina diqqatimni qarataman».

UCH GURUH

Har bir g‘olib tanqidga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni o‘rganishi shart. U atrofidagi insonlarni quyidagi uch guruhga bo‘lish mumkinligini biladi:
- birinchi guruh unga tanqidiy munosabatdadir;
- ikkinchi guruh o‘z munosabatini oydanlashtirib olmagan, shu sababli biror harakat qilmaydi;
- uchinchi guruh esa uning o‘zi, loyihasi yoki g‘oyalarini ijobiy qabul qiladi;
Bu uch guruh ishlab chiqargan mahsulotingiz, ko‘rsatayotgan xizmatingiz, kompaniyangiz yoki shaxsiyatingiz qandayligidan qat’iy nazar yo‘lingizda doim uchrab turadi. Shunchaki, inson shunday yaralgan.

UCH DAVR

Har qanday g‘oya yoki loyiha mazmuni va sifatidan qat’iy nazar, o‘z rivojlanish jarayonida uch davrni boshdan kechiradi.
Birinchi davr: mazax va masxara bo‘lish. Sizni jiddiy qabul qilishmaydi va g‘oyalaringiz ustidan kulishadi.
Ikkinchi davr: Tanqid. Dastlabki muvaffaqiyatlarga erishganingiz uchun mazax qilish tugagan bo‘lsa-da, uning o‘rnini tanqid egallaydi. Bu davrni chin ma’nodagi taraqqiyot sifatida qabul qilish mumkin, chunki tanqidga ham sazovor bo‘lish kerak.
Uchinchi davr: Tan olish. Agar siz sabot bilan o‘z g‘oyangizga sodiq qolsangiz tanqid ham o‘z-o‘zidan tugaydi. Uning o‘rnini tan olish egallaydi. Tanqidchilar hech qayoqqa ketishgani yo‘q, ularning safi kamayib ketganligi tufayli, shunchaki sukut saqlashmoqda.
Sanab o‘tilgan davrlarning har birida yuqorida ta’kidlangan uch guruhga oid insonlarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Ya’ni, hamma ham mazax, tanqid qilavermaydi. To‘g‘ri, ularning orasida qo‘llab-quvvatlashiga ishongan insonlaringiz ham bo‘lishi turgan gap. Biroq, har bir davrda ishingizga xolis baho beruvchilar ham topiladi.

TANQIDGA MUNOSABATINGIZ?

Yuqorida qayd etilgan uch guruh va uch davrdan bo‘lak qoidadan tashqari holat topilmasa kerak. Gap unga qanday munosabatda bo‘lishligingizga bog‘liq. Ko‘pinchi ikki so‘nggi chora kuzatiladi. Biz har qanday tanqidga qarshi qobiqqa o‘ralib olgan insonlarni ko‘p uchratamiz. Bu bilan ular o‘zlarini o‘z ishiga tanqidiy ko‘z bilan qarash va biror narsani o‘rganish imkoniyatidan mahrum etishadi. Biroq, har qanday tanqidni yuragiga juda yaqin olib, bajarayotgan ishining to‘g‘riligiga shubha qilib qoladiganlar ham topiladi. Bunday insonlar hammaga birdek yog‘ishga harakat qilishadi. Natijada ular o‘ziga va o‘z g‘oyalariga ishonchni yo‘qotishadi. Oltin o‘rtalikni topish ham san’at hisoblanadi. Bir tarafdan olganda, o‘rinli tanqidga ko‘z yummaslik kerak. Biz xatolarimizni ochiq-oydin tan olishimiz kerak. Ikkinchi tomondan, xatolar har doim uchrayveradi, shuning uchun tanqid ham har doim bo‘lishini unutmasligimiz kerak. Shu sababli tanqiddan o‘sish va o‘rganish vositasi sifatida foydalanish kerak, biroq uni o‘ylangan rejalarni barbod qiladigan darajada falokatli, deb qabul qilmaslik ham kerak. Bu ikki so‘nggi chora orasida ravshan chegara yo‘q, shu sababli tanqid nechog‘lik konstruktiv va asosli ekanligini doim tahlil qilib borish lozim. Agar siz bu borada aniq bir qarorga kela olmasangiz, ikkilanmasdan tanqidni e’tiborsiz qoldiring. Har holda, ko‘ngil bo‘shlikka nisbatan sovuqqonlik bilan ko‘proq muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. G'oliblar asoslanmagan tanqidlarga e’tiborsiz bo‘lish odatini o‘zlarida shakllantirishgan. Ular oddiy tanqidchiga duch kelishsa, bu ularning emas, tanqidchining muammosi bo‘lishini bilishadi. Shuningdek, ular kishilar mazax, masxara qilib kuluvchi va tanqid qiluvchi ma’lum bir foiz insonlar borligini ham aniq bilishadi. Bu dunyoda hammaga ham yog‘ib bo‘lmaydi.

TANQIDGA O‘Z MUNOSABATIMIZNI FAQAT O‘ZIMIZ ANIQLASHTIRA OLAMIZ

Inson tabiatini o‘zgartirish bizning izmimizda emas. Bu yaxshi, chunki har bir inson o‘z irodasi va fikrini aytish huquqiga ega. Biroq, atrofimizdagilarning gap-so‘zlari bizning xatti-harakatlarimizga nechog‘lik ta’sir etishi xususida qaror qabul qilishga haqlimiz. Bizning xatti-harakatlarimizni yoqtirmaydigan insonlar doim topiladi. Buning hech qanday yomon tomoni yo‘q. Shunchaki, ular kabi o‘ylay boshlamasak bo‘lgani. Muqaddas kitoblardan birida “birovning uyidan chiqqaningizda poyabzalingizni qoqib tashlang”, deyiladi. Bir qarashda, undan ko‘ra uyga kirayotganda oyoqni artib kirsa bo‘ladi-ku, deyishingiz mumkin. Biroq gap boshqa yoqda. Bu uyda sizga nima deganlariga jiddiy e’tibor bermang, xoh u maqtov, xoh u tanqid bo‘lsin! Ehtimollar qonuniyatiga ko‘ra, sizni jon-jahdi bilan qo‘llab-quvvatlovchilar albatta topiladi. Biroq, sizning g‘oyangizga qarshi chiquvchilar ham bo‘ladi. Ko‘pincha ular sizga o‘zining e’tirozini balandparvoz ohangda tushuntira boshlashadi. Ularning ba’zi bir dalillari tuflingizga kirib qolgan tosh zarrasidek xalaqit bera boshlaydi. Avvaliga bir-ikkita tosh zarrasi unchalik bezovta qilmaydi, biroq bir necha kilometrdan so‘ng ular oyoqni qabartirib, yurish imkoniyatini bermay qo‘yadi. Foliblar esa asoslanmagan tanqidni, tuflini qoqqandek, oyoqlari ostidan tozalab tashlashadi.

UCH GURUH BILAN YARASHIB OLING

Nega yuqorida tasvirlab o‘tilgan uch guruh mavjud? Nega ba’zi bir insonlar hamma narsani tanqid qilishni yoqtirishadi? Bu jumboq, uni yechish uchun quyidagi qurbaqa va chayon qissasi bizga biroz yordam beradi. Kunlarning birida chayon daryo sohiliga kelibdi. Suzishni bilmagani uchun u qurbaqadan narigi sohilga o‘tkazib qo‘yishni so‘rabdi. Qurbaqa uning so‘zlariga darhol rad javobi beribdi:
— Esimni yeganim yo‘q! Daryoning o‘rtasiga yetib bormayoq nishingni sanchib, meni o‘ldirasan!

— Qurbaqa miyang bilan yaxshilab o‘yla: agar chaqsam, sen cho‘kib ketsang, men ham cho‘kaman-ku?!
Bu dalil qurbaqaga jo‘yali ko‘rinibdi va u chayonni opichlab olib, daryo bo‘ylab suza boshlabdi. Daryo o‘rtasiga yetib borishgach, chayon zaharli nishini qurbaqaning orqasiga sanchibdi. O‘layotib qurbaqa debdi:
— Sen nega bunday qilding? Endi ikkalamiz ham o‘lamiz-ku?!
— Chunki men — chayonman!
Bu yorug‘ olamda sizga qay yo‘l bilan bo‘lsa-da, xalaqit berishga tayyor insonlar topiladi. Birovlar buni hasad tufayli qilsa, boshqalari o‘zidan qoniqmaganligi uchun. Albatta, ular ochiqchasiga: “Men bu insonga hasad qilaman shuning uchun uning yo‘liga to‘siq qo‘yaman”, deyishmaydi. Hasadgo‘ylar o‘z so‘zlarini jiddiy tanqid qobig‘iga o‘rashadi. Boshqalar esa har bir narsaga salbiy munosabatda bo‘lishni hayoti mazmuniga aylantirib olishgan. Ularga e’tibor bermaslik kerak. Ular shunchaki, hamma narsani qora bo‘yoqda ko‘rishni istashadi. Ehtimol, siz ba’zi insonlar nega doim yolg‘on gapirishi xususida o‘zingizga savol berib ko‘rgandirsiz? Buning javobi juda oddiy: chunki ular yolg‘onchidirlar! O‘g‘ri — o‘g‘irlik qiladi, yolg‘onchi — yolg‘on gapiradi. Tanqidga uchramaslikning yakkayu yagona yo‘li bor — hech narsa qilmaslik. Bu vosita ham yordam beradi. Biroq, boshqalarning hayotini vayron qilib o‘zining kulrang hayotini bo‘yamoqchi bo‘lgan tanqidchilarga moslashmasligimiz kerak.

TANQID QANCHALIK ADOLATLI EKANLIGINI O‘ZINGIZ HAL QILASIZ

Insonning qabul qilish qobiliyati hamma narsani saylab ololadi. Baxtli va muvaffaqiyatli hayotning kaliti sizni ham, g‘oyalaringizni ham qabul qila oladigan insonlar guruhiga diqqatni jamlashdadir. O‘z ijobiy esdaliklaringizni hisobga olib boring. Muvaffaqiyatlaringizni yozib qo‘ying — bu sizga ularni uzoqroq xotirlab yurish imkoniyatini beradi. Inson o‘z muvaffaqiyatsizliklari haqida qanchalik kam o‘ylasa, uning muvaffaqiyatlari shunchalik katta bo‘ladi. Omadsizlarning suhbatlari o‘zlari uchragan halokatlar, mag‘lubiyatlar, o‘zlari hozir tushib qolgan yog‘imsiz vaziyatlar haqida bo‘ladi. Foliblar esa keyingi vaqtlarda nimaga qanday yutuqqa erishgani haqida so‘zlashadi. Kimdir salbiy o‘y-xayollar va muvaffaqiyatsizlikka diqqatini jamlashni afzal bilsa, g‘oliblar birinchi galda faqat muvaffaqiyat haqida o‘ylashadi. Kimnidir tanqid izdan chiqarib tashlasa, boshqalar tanqiddan xuddi poyafzalni qumdan tozalash kabi qutilishadi. Gap ularning qay biri haq yoki nohaqligida emas, ularning qay biri o‘zini yaxshi his qilayotganida! Bu guruh vakillarini uzoq vaqt kuzatsangiz, aniq javobni olasiz.

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men o‘zimda tanqidga nisbatan to‘g‘ri ko‘nikma hosil qilaman. Buning uchun:
1. Bugundan boshlab barcha muvaffaqiyatlarimni yozma ravishda qayd etib boraman. Bunda erishgan narsalarimga nisbatan, ularga nima uchun erishganim ko‘proq ahamiyat kasb etadi?
2. Har qanday tanqidni egnimdan changni qoqqandek o‘zimdan uzoqlashtiraman. Men qilayotgan ishlarimni mutlaqo rad etuvchi insonlar guruhi bor ekanligini bilaman. Men ularning fikrlarini shaxsan o‘zimga qarshi qaratilgan deb qabul qilmayman.
3. Men atrofimdagi insonlarni o‘zgartira olmasligimni bilaman. Shu sababli o‘z nazoratim ostidagi narsalarga e’tiborimni jamlayman, ya’ni o‘z ish sifatim va unga munosabatni yaxshilayman.
4. Bugundan e’tiboran men o‘zining ijobiy xotiralar va muvaffaqiyatlari haqida so‘zlovchi insonlar bilan tez-tez va maqsadli suhbatlashaman. Menga salbiy tajriba haqida gapira boshlashsa, u yerni tark etaman. O‘zim ham faqat ijobiy narsalar haqida gapiraman. Diqqat-e’tiborni salbiy narsalarga qaratish — guruch emas, kurmakni oziqlantirish ekanligini bilib oldim.