Menu

26-QONUN. PULGA OQILONA MUNOSABATDA BO‘LING

Kunlarning birida qashshoq dehqonning tovug‘i tilla tuxum tug‘ibdi. Dehqon avvaliga birov hazillashgan deb o‘ylabdi. Lekin har ehtimolga qarshi tuxumni zargar huzuriga eltibdi. Zargar tuxum asil tilladan ekanligini tasdiqlabdi. Dehqon tuxumni katta pulga sotibdi. Kechqurun u katta bazm uyushtiribdi. Ertasi kuni u oila a’zolari bilan tovuq yana tilla tuxum tug‘dimikan, deya katakka yo‘l olishibdi. Qarashsa — haqiqatan ham tovuq yana bitta tilla tuxum bosib yotibdi. Bu holat bir necha kun davom etibdi. Dehqon avvaliga o‘z baxtiga ishonmabdi. Keyin esa uning nafsi hakalak otibdi. Unga kuniga bitta tilla tuxum kamlik qila boshlabdi. U katakka borib, tovuqni so‘yib hamma tuxumga bira to‘la egalik qilmoqchi bo‘libdi. Biroq, tovuq tanasidan no‘xatdek keladigan hali homila holatidagi tuxumga duch kelibdi, xolos.
Bu masaldan murod: tilla tuxum tug‘ayotgan tovuqni so‘ymaslik kerak.

* * *

Farovonlik — bu sizga tug‘ilganingdayoq berilgan huquqdir. Hali hech qachon bizning zamonamizdagidek boyish oson bo‘lmagan. Siz so‘rashingiz mumkin: «Unda nega hamma inson boy emas?» deb. Bu savolning javobi juda oddiy: insonlarning ko‘pchiligi tilla tuxum qo‘yuvchi tovuqni so‘yishadi. Bizning bugungi sabog‘imizda tovuq — kapital, tuxum esa undan olinadigan foiz tushuniladi. Kapitalsiz hech qanaqa foizlar bo‘lmaydi. Ko‘pchilik insonlar qo‘llarida bor bo‘lgan pullarning hammasini sarflab yuborishadi. Ba’zilar esa o‘zlarida mavjud puldan ham ko‘proq ishlatib yuborib, qarzga botishadi. Bunday yo‘l bilan tovuq o‘stirib bo‘lmaydi. Ular uni jo‘jaligidayoq, hali tuxum qo‘yishga qodir bo‘lmagan paytlardayoq o‘ldirib yuborishadi.

ESKI HAQIQATLAR O‘RNIGA AYYORONA STRATeGIYA TUZAMIZ

Farovonlik asoslari yetarli darajada tushunarlidir. Buning uchun olayotganingizga nisbatan kamroq xarajat qilish kerak. Ortiqcha pullarni bir narsa olishga xarjlash yoki tovuq o‘stirish uchun iqtisod qilish mumkin. Shuni tan olish kerakki, biz xohlagan narsalarning hammasi ham bizga kerak emas. Biroq bu holda o‘z oldimizda rostgo‘y bo‘lishimiz kerak. Bizga haqiqatda nima kerak o‘zi? Ko‘pchiligimizda xarjlanmagan pullar qoladi. Savol ularga qanday munosabatda bo‘lishdadir. Pullarni mebel, avtomobil, sayohatlar, ko‘ngilochar narsalarga sarflash kerakmi yoki biror ishga? Hammasi juda oddiy: pullarni yo xarjlash mumkin yoki iqticod qilish. Aytaylik, yetti yildan so‘ng siz balans o‘tkazishni istab qoldingiz. Sizning moliyaviy holatingiz qanday ko‘rinish oladi? Siz tovuq o‘stirdingizmi yoki jo‘jani qovurdingizmi? Siz kapital kiritish uchun asos yaratdingizmi yoki keyinchalik mutlaqo bekerakligi oydinlashgan narsalar xarid qildingizmi?

IQTISOD HUZUR BAXSH ETADI

O‘z-o‘zingizga haq to‘lash xaqida qayg‘uring. Non sotib olar ekansiz — nonvoyga, sabzavot xarid qila turib — dehqonga to‘laysiz. Qachon siz o‘zingizga to‘laysiz? Javob: iqtisod qiling! Doim iqtisod qilish uchun ko‘pchilik insonlarga shaxsiy intizom yetishmaydi. Bunda sizga oddiy sistema yordam beradi. Siz maxsus «tovuq» hisob-raqamini oching. Bankingizga sizning amaldagi hisob raqamingizdan omonat hisob raqamiga pul o‘tkazib turish haqida doimiy ko‘rsatma bering. Bu yo‘l bilan, har oyning boshida unga daromadlaringizning o‘n foizi kelib tushadi. Bu pullar ish boshlash uchun to‘planmoqda, ularni ishlatish mutlaqo mumkin emas. Bu vaziyatda hayot shodliklarini unutish ham yaramaydi. Buning uchun yana bir hisob raqam — ko‘ngilochar ishlar hisob raqami oching. Bunga ham daromadlaringizning ma’lum bir qismi, aytaylik 5-10 foizi o‘tib turadi. Bu pullarni vijdoningiz qiynalmay ishlatishingiz mumkin. Bu yo‘ldan yurib, siz bir o‘q bilan ikki quyonni otasiz: o‘z huzuringizni unutmay yashaysiz va shu vaqtning o‘zida kelajagingiz chun pul to‘plab borasiz.

MAOSHINGIZ OSHA BORGAN SAYIN PUL TO‘PLANG

Daromadlaringiz oshgan sayin hayotingiz darajasi ham osha borishini payqagan bo‘lsangiz kerak. Biroq bu holda siz qancha ko‘p ishlaganingiz sayin kaptitalingizni o‘smayotgani kuzatilmasligi kerak. Bu yerda ham oddiy usulni qo‘llash mumkin. Maoshingiz oshishi bilan uning ellik foizini to‘planib borayotgan hisob raqamga o‘tkazishingiz kerak. Siz avvalgi maoshga o‘rganib qolganingiz tufayli bu sizga umuman ta’sir qilmaydi. Siz maoshingizning «yarim barobar» oshganiga osongina ko‘nikasiz. Bu holatda sizning omonatingiz yanada tezroq ko‘paya boshlaydi va belni yanada mahkamroq siqish uchun hojat qolmaydi.

SIZ XUSUSIY TADBIRKOR BO‘LSANGIZ...

Ishbilarmonlar va erkin kasb egalari oldindan ma’lum bir summadagi pullarni iqtisod qila olishmasligi, chunki ularning daromadlari miqdori doim yuqorilab-tushib turishidan nolishadi. Bunday nuqtai nazar nafaqat noto‘g‘ri, balki xavfli hamdir. Bu siz tadbirkorlikning asosiy moliyaviy qoidasidan bexabar ekanligingizni namoyish etadi. Siz bir siymoning o‘zida ham firma rahbari, ham xizmatchisi bo‘lishingiz kerak. Rollarning bu tariqa bo‘linishi faqat xayoliy bo‘lmasligi kerak, bu buxgalteriya hisobotlarida ham o‘z aksini topishi lozim. Buning uchun sizga ikkita hisob kerak bo‘ladi: firma hisobi va o‘z shaxsiy hisobingiz. Biroq eng asosiysi — siz o‘zingizni firmaning oddiy bir xodimi sifatida qat’iy qabul qilishingiz kerak. Agar firma daromad keltirsa u xususiy shaxs sifatida sizga emas, firmaga tegishli. Siz ham firmaning istalgan xodimidek, maoshga yashashingiz kerak-ku. Har oyning oxirida oldindan belgilangan summani firma hisob raqamidan o‘z hisob raqamingizga o‘tkazing. Shu yo‘l bilan firma daromadlaridagi tebranishlar sizning kapital yig‘ishingiz va moliyaviy rejalashtirishingizga ta’sir qilmaydi. O‘zingizga haddan tashqari katta maosh belgilamang. Uning darajasi o‘tgan yilgi daromadlaringizning qirq besh foizidan ortiq bo‘lmasligi kerak. Axir siz hali soliq to‘lashingiz, ishlab chiqarishga sarmoya kiritishingiz va zahira jamg‘armasiga pul ajratishingiz ham kerak. Shu sababli bu holatda siz xodim emas, xususiy tadbirkordek fikr yuritishingiz kerak. O‘zingizning shaxsiy ehtiyojlaringiz firmaning farovonligiga putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymang.

BU O‘ZINI OQLAYDI

Agar siz yuqorida bayon etilgan tizimni tashkil etmasangiz, vijdoningiz doim qiynalib yuradi. Aytaylik, siz bir dollar sarfladingiz. Biroq bu sizni xursand qila olmaydi, chunki shu bir dollarni iqtisod ham qilishingiz mumkin edi. Agar siz uni iqtisod qilsangiz, uni ishlatishingiz mumkinligi haqidagi fikr sizni tark etmaydi. Sizga taklif etilgan ikki hisob raqam modeli sizga moliyaviy rejalashtirishga yanada oqilona yondashish imkonini beradi. Endi muntazam iqtisod sizning shaxsiy intizomingiz va irodangizga bog‘liq emas. Sistema avtomatik ravishda ishlaydi. Faqat hech qachon va har qanday vaziyatda qilmasligingiz lozim bo‘lgan yagona narsa — asosiy kapitalga tegmaslik. Yaxshisi, bu pullar sizniki emas, tovug‘ingizniki ekanligini tasavvur qiling. Agar siz sal sustkashlikka yo‘l qo‘ysangiz, ahmoq dehqon holatiga tushasiz. Biroq siz ahmoq bo‘lib ko‘rinishni istamaysiz-ku, to‘g‘rimi? Sizning keyingi farovon hayotingiz asoslari ana shu yo‘sinda quriladi. Avvaliga siz pul to‘plashingiz kerak. Ehtimol, siz keyinroq yanada ko‘proq pul ishlay boshlarsiz yoki kapitaldan ko‘proq foiz ola boshlarsiz. Biroq avvalo, o‘sha kapital to‘planishi kerak. Keyingi qadam to‘plangan pullarni biror joyga sarmoya qilib kiritishdir. Uzoq istiqbolli, yiliga o‘n ikki foiz deromad keltirishi mumkin bo‘lgan sarmoya kiritish imkoniyatlarini izlang. Aytaylik, siz ellik ming yevro to‘pladingiz. Agar ularni yiliga o‘n ikki foiz bilan bankka omonat qilib kiritilsa, yigirma to‘rt yildan so‘ng u sakkiz yuz ming yevroga aylanadi. Xuddi mana shunga tilla tuxum deyiladi. Yiliga o‘n ikki foiz daromad bilan siz asosiy kapitalga qo‘l tekkizmasdan oyiga sakkiz ming yevro olishingiz mumkin. Biroq, unutmang — hammasi ellik ming yevro to‘plaganingizdan boshlangan.

PUL QANCHALIK MUHIM?

Pul — hayotdagi eng muhim narsa emas. Biroq, u alohida ahamiyatga qachon ega bo‘lishini bilasizmi? Agar u yetmasa va miyangiz faqat qayerdan uni topish mumkinligi haqidagi o‘ylar bilan band bo‘lsa! Pul bizga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratadi. O‘zingiz o‘ylang: agar pulingiz besh million yevroga ortiqcha bo‘lganda hayotingiz qanchalik o‘zgarardi? Har qanday insonning hayotida beshta yirik sohani ajratib ko‘rsatish mumkin. Bu salomatlik, o‘zaro munosabatlar, moliya, tuyg‘ular (ruhiy soha) va ish (hayot mazmuni). Bu sohalarning har biri o‘z-o‘zicha muhimroq. Ulardan birida taraqqiyotga erishsak, bu boshqa sohalarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Agar biz moliyani boshqarishni puxta o‘rgansak, butun hayotimiz yangi sifat darajasiga ko‘tariladi. Bizda yangidan-yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Oqilona xatti-harakatlar butun umrimiz davomida ko‘mak berib va shodlantirib, bizga yo‘ldosh bo‘ladi. Xuddi shuningdek, butun umrimiz davomida nodonlarcha xatti-harakatlar bizni izma-iz ta’qib qilib, bizni azoblaydi va mavjudligimizni zaharlab turadi. Biz qanday yo‘l tutishimiz haqida qaror qabul qilishimiz kerak. Pullar ham hayotimizdagi barcha narsalardek bizning foydamizga yoki ziyonimizga ishlashi mumkin. Bir qaraganda, aqlli insonlarning ko‘pchiligi o‘z moliyaviy ahvoli xususida qayg‘urmayotgandek ko‘rinadi. Natijada, ularning moliyaviy holatlari butun boshli tartibsizlikni eslatadi. Inson o‘zida moliyaviy fikrlashni tarbiyalashi kerak. Pullar sizning muammongizga aylanishiga qo‘yib bermaslik kerak. Ular ijobiy kuchga aylanishi darkor.

TO‘KINLIK HAQIDA FIKRLASH

Qanchalik boyir ekanmiz, atrofimizdagilar oldida mas’uliyatimiz shunchalik ortib boraveradi. «Bizning» pullarimiz hech qachon to‘laligiga bizga tegishli bo‘lmagan. Agar yaqinlarimizning muhtojligidan yuz o‘girar ekanmiz, hech qachon to‘la-to‘kis baxtli bo‘la olmaymiz. Biz butunning bir qismimiz, shu sababli atrofimizdagilardan minnatdor bo‘lishimiz, ular bilan bo‘lishib, minnatdorchiligimizni namoyish qilishimiz kerak. Ko‘pchilik «Qachonki chin ma’noda boy-badavlat va baxtli bo‘lsamgina bo‘lishishni boshlayman», deydi. Avvaliga ular o‘z-o‘zlariga yordam bermoqchi bo‘lishadi. Biroq bunaqasi ketmaydi. Tovuqqa ega bo‘lmasdan tilla tuxum olib bo‘lmaydi. Faqat o‘zini o‘ylagan inson ham baxtli bo‘la olmaydi. Hali don ekmasdan, hosil olib bo‘lmaydi. Bunga boshqa nuqtai nazardan qarab ko‘raylik. Aynan hozir qanday vaziyatda ekanligingizdan qat’iy nazar, sayyoramiz aholisining katta qismi nazdida siz badavlatsiz. Yer aholisining uchdan ikki qismi siz bilan darhol joy almashishga tayyor. Bir mushohada qiling-a, sizda mavjud pullar qashshoqlar uchun qanchalik ahamiyaga ega bo‘lishini. Eng qashshoq davlatlarda bor-yo‘g‘i 8 yevro evaziga insonning ko‘rish qobiliyatini tiklash imkoniyatini beradigan operatsiyalar o‘tkazilayotganidan xabaringiz bormi? Atrofimizdagilar bilan bo‘lishar ekanmiz, biz Koinotga signal jo‘natamiz: «Tashakkur. Menda men istaganimdan ham ortiq narsa bor. Men boshqalarga yordam berishim mumkin». Bu holatda bizning pulga munosabatimiz yanada tabiiyroq bo‘laveradi. U bizga ko‘proq baxsh etadi, chunki bir tomondan biz bunga mutlaqo katta ahamiyat bermaymiz, ikkinchidan, bu kambag‘allar uchun qanday qadr-qiymatga ega ekanligini juda yaxshi bilamiz.
Xayriya — bu o‘z-o‘zimizga ishonchning isboti va Koinotda energiya qoimi hech qachon tugamasligiga ishonchdir. Siz o‘zingizni badavlatlikka undagansiz va sizning istaklaringiz pirovard natijada hayotdan oladigan narsalaringizni belgilab beradi. Siz o‘zingizga va o‘zgalarga moliyaviy erkinlik berishingiz lozim.
Ertami-kechmi, shuncha yil nima uchun bunchalik sabot bilan mehnat qilganingizni tushunib olasiz. Katta pul topish o‘z holicha moliyaviy xavfsizlikni ta’minlay olmasligini vaqti kelib hamma tushunib yetadi. Qachonlardir har bir inson o‘z moliyaviy erkinligining oliy darajasiga yetishadi va o‘z kapitalining foizlariga yashay boshlaydi. G‘oliblar bilishadiki, insonni pul emas, undan oqilona foydalanish baxtli qila oladi. Pul ham shunga loyiq insonlarning qo‘liga borib tushadi.

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men puldan oqilona foydalanishni boshlayman. Bu yo‘lda quyidagilarni amalga oshirishim zarur bo‘ladi:
1. Bugundan boshlab men doim o‘z daromadimning kamida o‘n foizini yig‘ib boraman. Men bilamanki, saqlab qo‘ygan pullargina meni boy qila oladi.
2. Men hisob raqamlar sistemasini tuzaman va ular avtomatik ravishda mening pullarimni iqtisod qila boshlaydi. Tadbirkor ekanman, firma hisob raqami va o‘z hisob raqamimni ajrataman. Men o‘zimga qat’iy belgilangan maosh to‘layman. U firmaning hisob raqamidan o‘z hisob raqamimga ko‘chirilib turiladi. Men daromadlarimning qirq besh foizidan oshmaydigan summaga kun ko‘rishni o‘rganaman.
3. Bugundan boshlab, men yanada iqtisodchi bo‘laman. Har bir narsani xarid qilish oldidan bu narsa menga naqadar zarurligini tekshirib ko‘raman.
4. Men bugun o‘z pullarim bilan kimga yordam berishim mumkinligi haqida o‘ylab ko‘raman.