Menu

10-QONUN. HARAKAT IMPULSI YARATING

Relslar ustida soatiga ikki yuz kilometr tezlikda uchib borayotgan poyezdni hech to‘xtatishga urinib ko‘rganmisiz? Agar poyezdning yo‘liga pishiq g‘ishtlardan qalin devor yasab to‘ssangiz ham, u qiyinchiliksiz devorni teshib o‘tadi. Buning sababi shuki, tezlikka erishgan poyezd kuchli harakatlanish impulsiga ega. Lokomotivning quvvati minglab ot kuchi bilan o‘lchanadi. Bu esa butun sostavni harakatlantirish uchun yetarlidir. Lekin poyezd to‘xtab turganda arzimas to‘siq ham uning harakatlanishiga monelik qiladi. Agar g‘ildiraklaridan birining ostiga tormoz boshmog‘i qo‘yilsa, lokomotiv hech narsa qila olmaydi. Barcha urinishlar bekor ketadi. Harakatlanish impulsi bo‘lmas ekan, kompaniya ishlarining yurishishiga arzimas narsa ham xalaqit beradi, impuls mavjud ekan, hamma narsa o‘zicha harakatlanaveradi, hech qanday to‘siq hal etib bo‘lmas muammoga aylana olmaydi.

* * *

Eski odatlardan ayrilish qiyin. Yangi faoliyat esa shunchaki o‘rganilmagani bilanoq qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Bunday vaziyatda istalgan arzimas g‘ov ham murakkab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun zudlik bilan harakat impulsi shakllantirishga kirishing, qanchalik tez bo‘lsa shunchalik yaxshi. Siz hech qachon yo‘lingizdan barcha to‘siqlar va noqulay sharoitlarni yo‘q qila olmaysiz. Muammolar mudom paydo bo‘laveradi. Biroq siz harakat impulsi yaratib, ularni hal eta olasiz. Bu qiyin vaziyatlar va muammolarni hal etishda asqotadigan yagona oqilona usuldir. Siz tezlikka erishishingiz bilan ular sizni to‘xtata olishmaydi. Korxona yoki o‘z karerangiz rivoji uchun sarflagan vaqtingiz ushbu impulsning shakllanishiga hissa qo‘shadi. Sizning har qanday harakatingiz uni yo oshiradi, yo kamaytiradi. Harakat impulsini har qanday faoliyatning avvalida yaratish ayniqsa juda muhim. Bundagi holat joyida turgan avtomobilni surib siljitishga o‘xshab ketadi. Birinchi metrlar juda og‘ir bo‘ladi. Buning uchun bor kuchingizni ishga solishingiz kerak. Biroq avtomobil yura boshlagach, ancha kam kuch talab etiladi. Insonlar quyidagi to‘rt «qopqon»dan biriga tushib qolib, impuls yaratilishini qiyinlashtirib yuborishadi:
«Men urinib ko‘raman».
«Avvaliga yarim kuchimni sarflab ishlayman».
«Men so‘nggi natijani mo‘ljallab ishlayman».
«Avval men to‘g‘ri strategiya tanlab olaman».
Quyida esa bu to‘rt ta’kid nega natijaga erishishni qiyinlashtirishini bilib olasiz.

NIMAGADIR URINIB KO‘RISH ASLIDA YO‘Q NARSA

Avtomobilni joyidan siljitishga «urinib ko‘rish» mumkin emas. Yo siz bor kuchingizni sarflaysiz va avtomobil joyidan qo‘zg‘aladi, yoki joyida qoladi. Siz nimanidir qilishga «urinib» ko‘ra olmaysiz. Siz yo o‘sha narsani qilasiz yoki yo‘q. Agar siz shu satrlarni o‘qiyotgan bo‘lsangiz va salomatligingiz joyida bo‘lsa o‘rningizdan turing. Turishga «urinib ko‘rib» bo‘lmaydi. Yo siz turasiz yoki o‘tirgancha qolasiz. Nimanidir qilishga urnib ko‘raman, deb yurgan odamlar aslida hech narsa qilishmaydi. Go‘yoki ular o‘z niyatlarini amalga oshishiga xalaqit beruvchi nimanidir kutishayotgandek. Kim ishlayotgan bo‘lsa u muvaffaqiyatni kutmoqda. Kimki «urinib ko‘rayotgan» bo‘lsa, u ishiga nimadir xalaqit berishini kutmoqda. To‘xtab turgan avtomobil misoli yana bir fikrni yaqqol namoyish etadi. Agar siz yetarli kuch sarflamasangiz uni joyidan siljita olmaysiz. Va hech qachon bu avtomobil yura boshlagach uni itarish qanchalik oson bo‘lishidan ham bexabar qolasiz. Shu sababli siz keyingi harakatlarni amalga oshirmay qo‘yaqolasiz. Yarimta kuch sarflash yarim natija emas, nol natijani beradi.

MUVAFFAQIYATGA MO‘LJALLANGAN ISH HARAKAT IMPULSINI SEKINLASHTIRADI

Har qanday faoliyat avvalida «gaz»ni oxirigacha bosish kerak, biroq mo‘ljallayotgan narsangiz plankasini tobora ko‘tara ko‘rmang. Bu bosqichdan natija unchalik muhim emas hali. Tezda qozonilgan muvaffaqiyat sizni mo‘ljaldan adashtirishi mumkin. Bu holatda tezkor muvaffaqiyat faqatgina shart-sharoitlar qanchalik omadli kelishiga bog‘liq bo‘ladi. Harakat impulsi esa aslo bu shart-sharoitlarga bog‘liq emas va u doim natijaga yetaklaydi. Shu sababli ko‘proq harakatlanish impulsiga e’tibor qaratish kerak, aniq natijalarga emas. Impuls emas, ko‘proq natijalarga diqqatini jamlovchi insonlar hech qachon o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmaydi. Natijani qo‘lga kiritishga mo‘ljallangan ish — ishlamay, muvaffaqiyatni eng yengil yo‘l bilan qo‘lga kiritish uchun vaziyat kutib o‘tirilgan paytda ayniqsa muammolarga boy bo‘ladi. Faqat natijaga asoslangan ish. Bu holatda dangasalarning «Men faqat natija uchun ishlayman», degan bahonasi ko‘zga tashlanadi. Faqat natija ketidan quvuvchi insonlar o‘zining daho ekanligidan shubha qilishmaydi, biroq harakati impulsi kuchini mutlaqo tushunishmaydi. Harakat paydo bo‘lganda insonga yashirin yo‘llar va vositalar ham paydo bo‘ladi. Bu holatda siz avval kutmagan, rejalashtirmagan natijalar ham o‘zi keladi. Natijani qo‘lga kiritishga mo‘ljallangan ishga qarshi yana bir dalil bor. Bunday prinsipga asoslanuvchi insonlar doim o‘z-o‘zini quvvatlantirib turishlari kerak. Ishlar o‘z holicha bajarilishi mumkinligi xususidagi hissiyot ularga berilmagan. Ular hech qachon nega o‘zlarini doim ishlashga majburlab turishlari kerakligiyu, boshqalarning ishi o‘zi bir maromda ketayotganini tushunishmaydi. Ular o‘zlarini «avtomatik quvvatlantirish»dan mahrum qilishadi. Harakat avtomatik ravishda natijaga olib boradi. Eng asosiysi — harakat qilish. Harakatga kelgan inson uchun harakatlanishdan to‘xtash qiyinroq. Uni harakat impulsi qo‘llab turadi.

IDEAL STRATEGIYANI KUTMANG

Qandaydir loyihani ishga tushirish uchun bizga ideal strategiya zarur emas. Albatta, bu katta tashabbus hisoblanadi, biroq strategiyaning mavjudligi majburiy shart emas. Bugun katta muvaffaqiyatlarga erishgan ko‘plab kompaniyalar muvaffaqiyat keltirgan strategiyani topishdan avval ko‘plab strategiyalarni qo‘llab ko‘rishgan. Mos strategiyani topar ekansiz, qaytadan g‘ildirak ixtiro qilishga urinib o‘tirmasdan, unga amal qilish kerak. Agar strategiyangiz bo‘lmasa, harakat impulsini yaratganingizdan so‘ng albatta u paydo bo‘lishiga ishonishingiz kerak. Boshqa kompaniyalar ishlatadigan taktik usullardan tajribada foydalanib ko‘ring va o‘zingizga qay biri mos ekanligini aniqlab oling. Foliblar ideal strategiyani kutib, qo‘lni qovushtirib o‘tirishmaydi. Ular strategiyani harakat impulsi yaratishini bilishadi.

SIZGA QANDAY IMPULS KERAK?

Ehtiyot bo‘ling. Harakat impulsi — aldamchi narsa. U sizga ishlashi mumkin, sizga qarshi ham. Ba’zilar bunday harakat impulsini bekorchilik, xo‘jako‘rsinga va pulni sovurishda yaratishadi. Aytaylik, o‘zingiz xohlamasangiz-da, o‘z oldingizga kuniga bir plitka shokolad yeyish vazifasini qo‘ydingiz. Bir necha haftadan so‘ng o‘zingizni to‘xtata olmasangiz, aslo hayron bo‘lmang. Siz allaqachon o‘zingizda shokolad yeyish impulsini tarbiyalab bo‘lgansiz. Shuning uchun vaqti-vaqti bilan o‘zingizda biror zararli odat shakllanmayotganini tekshirib turing. Shuningdek, qanday odatlarga o‘rganishni istayotganingiz haqida o‘zingizga savol berib turing va bu yo‘lda maqsadli harakat qiling.

IMPULS INTIZOMDAN BOSHLANADI

Harakat impulsiga doimiy ko‘rinish berish uchun o‘zingizda muhim bir sifat — intizomni shakllantirishingiz lozim. Agar o‘zingiz uchun yangi hisoblangan biror ishda muvaffaqiyat qozonishni istasangiz, o‘sha ishning asoslariga ega bo‘lishingiz kerak. Bu asoslarga ega bo‘lish uchun intizom lozim. Qanchalik ko‘p mashq qilsangiz u yoki bu harakatlarni yaxshiroq bajara boshlaysiz. Mahoratingiz qanchalik yuqori bo‘lsa, shunchalik go‘zal natijalarga erisha boshlaysiz. Natijalar qanchalik yaxshi bo‘lsa, ishga bo‘lgan mehringiz shunchaliq yuqori bo‘ladi. Mehringiz qanchalik yuqori bo‘lsa, shu qadar ko‘p ishlashni xohlaysiz va shunga monand harakatingiz impulsi ham kuchliroq bo‘ladi. Biroq hammasi intizomdan boshlanishini unutmang. Intizom joydan siljish uchun kerak. Oddiygina tanlashni amalga oshiring: yoki oniy qoniqish, yoki uzoq muddatli mukofot. Biroq yaxshi yangilik ham bor: yomon odatlar bilan kurashish abadiy kechmaydi. Kuchli intizom qisqa muddatli o‘tish davri uchun — yangi odatlaringiz shakllangunga qadar kerak. Yangi yurish-turish sizga nechog‘lik qiyinchilik tug‘dirishidan qat’iy nazar, intizom sizga dastlabki uch-olti hafta uchun shart. Shundan so‘ng sizda harakat impulsi boshlanadi va siz yangi harakatni bajarmaslikdan ko‘ra bajarishga osongina erisha olasiz. Metin intizom vositasida erishilgan faoliyat siz uchun huzurli ishga aylanadi.

INTIZOM TARBIYASINING UCH FAZASI

Yillar o‘tib inson foydali odatidan voz kechishi qanday ro‘y beradi? Gap shundaki, yuqorida aytib o‘tilganlarning hammasi ham aniq narsa emas. Aslida xususiy intizomning qandaydir bir qismi, vaqti-vaqti bilan bo‘lsa-da, doim kerak bo‘ladi. Hattoki harakat impulsi ishlayotgan bo‘lsa ham. Intizomning uch darajasi mavjud. Tasavvur qiling-a, yugurishni juda yomon ko‘rasiz, biroq har kuni ertalab trusichan yugurishni istaysiz.
Birinchi faza boshlanQich deb ataladi. U uchdan olti haftagacha cho‘zilishi mumkin. Bu muddat ichida siz yugurishdan voz kechish istagi bilan kurashishga majbur bo‘lasiz.
Ikkinchi faza sizda harakat impulsi shakllanib ulgurgan bo‘ladi va har kuni ertalab siz odatga ko‘ra krossovka kiya boshlaysiz. Biroq har kuni emas, haftada besh kun. Dam olish kunlarida sizga avvalgidek kuchli bo‘lmasa-da, yana bir qadar intizom talab etiladi. Uydan chiqishingiz bilan siz yugurishdan huzur qila boshlaysiz. Axir birinchi haftalarda o‘zingizni umuman boshqacha sezayotgandingiz.
Uchinchi faza bir yillardan so‘ng paydo bo‘ladi. Endi siz ertalablari krossovkani avtomatik ravishda kiyib olasiz. Siz hatto ertangi chopish lazzatini tuyib uyquga ketasiz. Bu deyarli har kuni takrorlanadi. Faqat oyda bir-ikki kun ostonadan hatlab chiqishdan o‘zingizni tiya olasiz. Bu faza umringiz bo‘yi davom etadi. Bu yerda endi intizom deyarli talab etilmaydi, harakat impulsi ishga tushib bo‘lgan.

SIZ HARAKATDASIZ

Yetarli miqdorda harakat impulsi yaratilgach, sizdan doim uni quvvatlab turish talab etiladi. Buning uchun vaqti-vaqti bilan intizom kerak bo‘ladi. Kuchli harakat impulsi sizga o‘zini quvvatlab turilishi uchun lozim bo‘lganidan ham ko‘proq kuch baxsh etadi. Bir yirik korxona reklama kampaniyasi uchun millionlab mablag‘ sarflabdi. Kampaniya shu qadar muvaffaqiyatli chiqibdiki, daromad kundan kunga o‘sa boshlabdi. Shunda ham konsern reklamani to‘xtatmabdi. Direktordan maqsadga erishilgan bo‘lsa-da, bunday ko‘p mablag‘ talab etuvchi faoliyatni nega tugatmayapsiz, deb so‘rashganda u shunday javob beribdi: «Tasavvur qiling, siz samolyotdasiz. Uni balandlikka ko‘tarish uchun katta kuch talab etiladi. U balandlikka chiqqach va tezlikka erishgach, birtekis parvozga tushadi. Nahotki siz bu vaziyatda dvigatelni o‘chirib qo‘ysangiz?». Kuch impulsi bora-bora ko‘chkiga aylanuvchi qor uyumiga o‘xshaydi. Avval kichkina qor yumaloqlanib, tog‘dan pastga yumalatib yuborilsa u asta sekin tezlashib, hajmi orta boradi va yo‘lida uchragan jamiki narsani yanchib ketadi. Buning uchun endi unga hech qanday qo‘shimcha kuch zarur bo‘lmaydi. G'oliblar harakat impulsi yaratish uchun bor kuchlarini sarflashadi. Qandaydir ishni noldan boshlash uchun ko‘p vaqt va mehnat talab etiladi, biroq ish yo‘lga tushib ketgach o‘zingizdan bo‘lak hech kim va hech narsa uni to‘xtata olmaydi.

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men harakat impulsi yaratish ustida ishlayman. Buning uchun menga quyidagilar zarur bo‘ladi:
1. Men harakat impulsi yaratish uchun br kuch-g‘ayratimni tikib, ishlash uchun qaror qabul qilaman. Bu iqtisodiy no‘qtai nazardan oqilona va to‘g‘ri harakat ekanligini tushunaman. Avtomobil joyidan siljigach, qo‘shimcha kuchsiz harakatlana boshlaydi.
2. Bugun men ichki intizomimga asoslanib ishlayman. Bu harakat impulsi yaratilishida bosh omil ekanini tushunaman.
3. Bugun men natijalarga ko‘p e’tibor qaratmayman, chunki zarur harakat impulsi paydo bo‘lishi bilan muvaffaqiyat avtomatik ravishda o‘zi kelishini tushunaman. Men qulay shart-sharoitlar paydo bo‘lishini kutib o‘tirmayman, chunki harakat impulsining o‘zi kerakli vaziyatni yaratishini bilaman.
4. Men harakat impulsiga ega ish sohalari ro‘yxatini tuzib olaman va ular mening foydamga ishlayotganligini tahlil qilaman. Men shuningdek, harakat impulsi zarur bo‘lgan hayotimning boshqa sohalari: sport, ovqatlanish, oilaviy hayot, o‘qish, moliya va h.k.lar ro‘yxatini ham tuzaman.