Menu

22-QONUN. MAS’ULIYATNI ZIMMANGIZGA OLING

Xo‘jayin xizmatkorini shaharga — apelsin sotish uchun jo‘natibdi. Kechqurun uyga qaytgan xizmatkor xojasiga debdi:
— Menga omad yuz burmadi. Odamlar xuddi kelishib olgandek apelsinni qimmat sotayotganimni ro‘kach qilishib, biror dona ham sotib olishmadi.
— Taassufki, senda shu apelsinchalik ham aql yo‘q, — debdi unga xo‘jayini.
Xizmatkor xafa bo‘libdi, shunda xojasi bitta apelsinni qo‘liga olibdi-da debdi:
— Hozir shu apelsinni kaftimda siqsam nima bo‘ladi?
— Suvi chiqadi, — debdi xizmatkor.
— To‘g‘ri. Agar uni bolg‘a bilan ezsam-chi?
— Unda ham suvi chiqadi.
— Agar uni eshak tuyog‘i bilan bosib olsa-chi?
— U holda ham suvi chiqadi.
— Xuddi shunday, — debdi xo‘jayin. — Apelsinni nima qilishmasin unda mavjud bo‘lgan narsa tashqariga chiqadi. Senda esa paydo bo‘lgan vaziyatni baholay olish qobiliyati bor. Sen bu qobiliyatingni boshqalarga topshirib qo‘yib, o‘z ahmoqliging uchun aybni ular zimmasiga yuklayapsan.

* * *

Ishlar biz istagandek ketavermasa buning uchun aybni noqulay vaziyat yoki boshqa kishilarga qo‘yamiz. Biz iqtisodiy vaziyatni, hayotiy sharoitlarni, ota-onamizni, rafiqamizni, firmamizni, sog‘ligimizni, rahbariyatni va h.k.larni ayblaymiz... Chunki biz bir necha marta quyidagicha gaplarni eshitganmiz:
“Agar bu holat ro‘y bermaganida, men...”
“Agar ko‘proq vaqt (pul)im bo‘lganida, men...”
“Mening kayfiyatim yaxshi edi, biroq sen...”
Bu gaplarni bir narsa birlashtirib turibdi: aybdor istalgan narsa (kishi) bo‘lishi mumkin faqat men emas. Biroq, mas’uliyatni boshqa kishiga yuklagan kishi ularga bir vaqtning o‘zida hokimlikni ham topshirib qo‘yadi.

GAP VAZIYATDA EMAS, UNDAN QANDAY FOYDALANAYOTGANIMIZDA

Siz o‘z hayotingiz uchun mas’uliyatni to‘liq o‘z zimmangizga olganingizdagina g‘olib bo‘la olasiz. Albatta, siz o‘zingiz tushib qolgan vaziyatlarning hammasi uchun ham mas’ul emassiz. Biroq faqat sizgina unga qanday baho berish va anglash uchun mas’ul hisoblanasiz. Balki hozir o‘zingiz tushib qolgan mavjud iqtisodiy vaziyat uchun mas’ul emasdirsiz. Biroq bu holatda o‘zingizni tutishingizda mas’uliyat faqat o‘z zimmangizdadir. Siz noqulay iqtisodiy vaziyatni o‘zingizni oqlash uchun ishlatishingiz mumkin: “Endi men ikki karra ehtiyot bo‘lishim kerak”, kabi. Siz shuningdek, unda yangi imkoniyatlarni topishingiz mumkin: “Mening yo‘qotadigan narsam yo‘q, bundan-da pastga qulash mumkin emas”, deb. “Mas’uliyat” so‘zi zamirida “javob” so‘zi yotadi. Mas’uliyat — har qanday vaziyatga to‘g‘ri javob bera olish mahorati hisoblanadi. Agar siz o‘z maqsadingizga diqqatingizni jamlasangiz va hech kimga o‘zingizni bu yo‘ldan chalg‘itishga qo‘yib bermasangiz — javob to‘g‘ri bo‘ladi. Bernard Shou bu fikrni ancha lo‘nda ifodalagan: “Biz har bir omadsizlikda vaziyatni ayblashga ko‘nikib qolganmiz. Men hech qanaqa vaziyatga ishonmayman. Hayotda muvaffaqiyat qozonishni maqsad qilgan inson o‘ziga kerakli vaziyatni topa oladi. Agar topa olmasa, uni o‘zi yaratadi”.

MAS’ULIYATDAN VOZ KECHGAN INSON ASIR TUSHADI. UNI ZIMMASIGA OLGAN KISHI OZODLIKKA ERISHADI

Viktor Frankl XX asrning eng yetuk psixologlaridan biri bo‘lgan. U umrining ancha yilini konslagerlarda o‘tkazgan. U yerlarda uning jamiki oila a’zolari qurbon bo‘lishadi. Uning o‘zi esa shafqatsiz qiynoqlarga duchor bo‘lib, o‘lim bilan yuzlashadi. Tutqunlikda Frankl to‘satdan anglaydi: “Mening hodisalarga nisbatan munosabatlarimga o‘zimdan boshqa inson xo‘jayin emas. Siz meni qiynashingiz, yaqinlarimni qatl qilishingiz mumkin, biroq fikrlarim faqat o‘zimga tegishli. U yoki bu vaziyatni qanday baholashni o‘zim hal qilaman”. Shunda u o‘ziga debdi: “Toki men shunday shafqatsiz sharoitlarda shaxsiyatim va xarakterimni saqlab qola olar ekanman, buni har qanday kishi uddalaydi”. Fiktor Frankl o‘z kuzatishlarini bitta gapga jamlagan: “Insonda qoladigan erkinliklarning eng so‘nggisi istalgan vaziyatga o‘z munosabatini mustaqil tanlashdan iboratdir”. Jamiki zamon va makonlarda son-sanoqsiz insonlar asir yoki qul qilingan. Ular bizdek erkin, ozod bo‘lish uchun bor narsasini berishga tayyor bo‘lishgan. Biroq biz o‘zligimizni taftish qilib, nechog‘lik erkin ekanligimizni aniqlab olishimiz zarur. Har kuni o‘z-o‘zimizga “o‘zimning cheksiz erkinligimdan qanday foydalanayapman?” deb savol berishimiz kerak.

BIZNING KUNDALIK TANLOVIMIZ

Juda ko‘p oqilu-donolar har yangi kunni tug‘ilishga o‘xshatishgan. Nega? Chunki har yangi kunda biz yangi hayot boshlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Har yangi kun bizga bebaho in’om — hayotimiz baxtli bo‘lishi uchun xalaqit berayotgan narsalarni o‘zgartirish imkoniyatini beradi. Ko‘pincha biz bu imkoniyatlarni ilg‘amaymiz. Chunki agar biz tanlash huquqi o‘zimizda ekanligini tan olsak, o‘zimizni oqlash huquqidan ayrilamiz-da. Bu holatda hamma narsaga o‘zimiz mas’ul bo‘lamiz. Shu sababli bizning ta’sirimizdan tashqarida bo‘lgan vaziyatlarga katta ahamiyat berib yuboramiz. Bu yerdan esa natija kelib chiqadi — biz o‘zimiz istagandek yashamaymiz. Biz o‘z hayotimizni vayron qilamiz. O‘z-o‘zni vayron qilishning juda ko‘p yo‘llri bor. Biz o‘z tanamiz, muhabbatimiz va orzularimizni o‘ldirishimiz mumkin. Atrofimizdagilar balki buni sezishmay qolar, lekin bu holatda biz tabiat qonunlarini buzib, o‘z-o‘zimizga nisbatan jinoyat sodir etamiz. Ko‘pgina insonlar vaziyatni o‘zgartirib, o‘zlariga erkinlikni qaytara olishlariga ishonishmaydi. Buning o‘rniga, ular qulliklarini kuchaytirish uchun bor kuch-g‘ayratlarini ayashmaydi. Insonlar bor mas’uliyat o‘zlarida ekanligini hazm qilishlari qiyin. O‘zidan mas’uliyatni soqit qiluvchi inson quyidagi latifa qahramoniga o‘xshaydi: Bir inson doim tushlik qilish uchun ishxonasiga uyidan yegulik olib kelarkan-da, hamkasblariga shikoyat qilar ekan: “Bema’nilik! Yana pishloq va pomidorli xot-dog! Axir uni ko‘rarga ko‘zim yo‘q!” — deb. Bu holat har kuni takrorlanar ekan. Shunda hamkasblaridan birining sabr kosasi to‘libdi: “Menga qara, agar pishloq va pomidorli xot-dogni yomon ko‘rar ekansan, xotiningga ayt, boshqa biror narsa tayyorlab bersin”, debdi nihoyat. “Esing joyidami? — debdi boyagi odam. — Men uylanmaganman! Xot-dogni o‘zim tayyorlayman!” Hayotda hamma o‘ziga o‘zi xot-dog tayyorlaydi. Tanlash esa faqat o‘zingizgagina bog‘liq.

KARERA O‘SISHI UCHUN MAS’ULIYAT

Maoshingiz o‘rtacha maoshdan yuqori bo‘lishi faqat o‘zingizga bog‘liq. Kompaniya sizga fantastik mablag‘ni kafolatlashga majbur emas. Boshlig‘ingiz xizmat pillapoyalarida ko‘tarilishingiz uchun qayg‘urishga majbur emas. Xotiningiz televizorni o‘chirish, kostyumingizni olib berish va darvoza oldigacha kuzatishga majbur emas. Albatta, har doim ham hamma narsa biz o‘ylagandek bo‘lavermaydi. Biroq faqat o‘zingiz u yoki bu vaziyatga nisbatan qanday harakat qilishni hal qilasiz. Noqulay vaziyatlar harakatingizni sekinlashtirishi yoki to‘xtatishi mumkin, biroq siz har qanday to‘siqlarga qaramasdan maqsad sari harakatlanish haqida qaror qabul qila olasiz.
Masalan, faqat o‘zingiz o‘z maoshingiz miqdori uchun mas’ulsiz. Chunki maosh olinmaydi, unga loyiq ish qilish kerak. Doim o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy berib yurganlar kishining ensasini qotiradi. Ertami-kechmi ular “O‘z qobiliyatingizdan qanday foydalanding?” — degan savolga javob berishga majbur bo‘lishadi. Bizga erkinlik beradigan qarorlardan qochmaslik kerak. Bu kurashdan voz kechib, hayotni shamolga sovurish degani.

ATROFDAGILAR BILAN MUNOSABATLAR UCHUN MAS’ULIYAT

Bizga o‘z reaksiyalarimiz uchun mas’ul ekanligimizni tan olish oson emas. Ayniqsa, bu reaksiya noto‘g‘ri bo‘lsa. Kimdir birinchi boshlagani uchungina bahsga kirishmaslik bema’nilik, albatta. Bahs va ziddiyat o‘rniga boshqa bir javobni topish mumkin. Bizni chaqqan ilon ketidan quvsak, buning natijasida zahar tanamizga tezroq tarqaladi. Aksincha, darhol biror chora ko‘rish kerak. Darhol bahsga kirish o‘rniga o‘z reaksiyalarimizni nazorat qila olishimiz mumkinligini eslang. Sizga quyidagi fikrlarning nafi tegib qolar:
— Atrofimizdagilarning salbiy munosabatlari uchun ko‘pincha o‘zimiz bosh sabab bo‘lamiz. Agar buni tan ololsak, o‘z xulqimizni to‘g‘irlashga kuchimiz yetadi.
— O‘zga insonning jazavali xulqi ostida ko‘pincha qo‘rquv yashirin bo‘ladi. Ehtimol, u sizning ustunligingizdan qo‘rqar.
— Insonlarni o‘zgartirishdan ko‘ra, ularni baholash mezonini o‘zgartirish osonroq. Ehtimol, siz atrofdagilarga baho berish uchun mezon chizig‘ini juda baland qo‘ygandirsiz, shuning uchun sizni to‘liq qoniqtiradigan insonni topa olmayotgandirsiz? Bu holatda kutgan narsamizning ro‘yobga chiqmasligining sababi atrofimizdagilarning xulq-atvorlari emas, o‘zimizning baland darajali kutganimiz bo‘lib chiqadi.
Agar bizning oldimizda kimdir o‘zini biz istagandek tutmasa, bunday xulqqa nisbatan javobimiz qanday bo‘lishini tanlashga o‘zimiz huquqli ekanligimizni eslash zarur. Bu holatda o‘ylamay qilingan reaksiyani ishga tushirishni bir-ikki soniyaga kechga qoldirib, quyidagi savollarga javob topish kerak:
1. Balki bu mening o‘tmishdagi o‘z salbiy xulqimga nisbatan reaksiyadir?
2. Balki bu insonning jazavaga tushishi zamirida mendan qo‘rqishi yashiringandir? Bu holatda uni tushunishim va yordam berishim kerak.
3. Meni o‘zi nima asabiylashtirmoqda? Bu insonning xulqimi yoki mening baland baholash mezonimga javob bera olmasligimi? Balki sabab o‘z-o‘zimga ishonchsizligimdadir?

TAN OLING, HAMMASINI EPLAYSIZ

Siz shuni tushuningki, o‘z vaqtida kerakli yo‘nalish berganingiz uchun hayotingiz aynan shu ko‘rinishda davom etmoqda. Faqat shundan so‘nggina bugungi kundan oqilona qaror chiqarib, uni boshqa — yanada qulayroq oqimga yo‘naltira olasiz. Bunda siz o‘z hayotingiz ustidan nazorat hosil qilganingiz tushuniladi. Bir vaqtlar hamma savollarga javob topa oladigan qari ustoz yashagan ekan. Bu hol uning ikki shogirdiga tinchlik bermabdi va ular ustozlarini mot qilmoqchi bo‘lishibdi. Ular bir qushni tutib olib, uni ketlariga bekitib, “qush tirikmi yoki o‘lgan?” deb ustozga savol berishni kelishib olishibdi. Agar ustoz “tirik” deb javob bersa qushning bo‘yni darhol uzilar, agar “o‘lgan” deb javob bersa qush qo‘yib yuborilar edi. Har ikki holda ham ustoz nohaq bo‘lib chiqar ekan. Ular ustozlari huzuriga kelib, “Ketimizda berkitib turgan qush tirikmi yoki o‘lgan?” — deb so‘rashibdi. Shunda ustoz ularga qarata quyidagicha javob beribdi: “Nima deyishimdan qat’iy nazar, qush sizlarning qo‘llaringizda”. Hayotingizdagi jamiki narsalarni — o‘zaro munosabatlardan tortib bankdagi hisob raqamingiz miqdorigacha o‘zgartirishni eplay olasiz. Siz buni qaror qabul qilib harakatni boshlagan kuningiz bajarasiz. Shu sababli harakatlaringiz uchungina emas, harakatsizligingiz uchun ham mas’ul hisoblanasiz. Bir ko‘hna qo‘shiqda sigareta sotib olish uchun qo‘shni kvartalga yo‘l olgan inson haqida kuylanadi. Yo‘lda uning kallasiga ajoyib fikr kelib qoladi: “Shundoq olsamu, Nyu-Yorkka ketvorsammi?”. Pasporti yonida, puli yetarli. U bu haqda butun umr orzu qilgan ekan. U bu esipastlik bilan qilingan qarorning oqibatlarini o‘ziga-o‘zi jonli bo‘yoqlarda tasvirlab beradi... va sigareta sotib olib, uyiga qaytadi. Orzularingiz ro‘yobga chiqish-chiqmasligi faqat o‘zingizga bog‘liq. Agar siz darhol ishga kirishsangiz, istagan narsangizni amalga oshira olasiz. Buning uchun sizda kuch topiladi. Biroq ehtiyot bo‘ling: Agar siz iroda va qat’iyatingizni uzoq vaqt namoyish qilmasangiz, ular kuchsizlanib, yo‘qolib ham ketishi mumkin”. Foliblar mas’uliyatni to‘liq o‘z zimmalariga olishadi va hech qachon hech kimga o‘z hayotlari ustidan hokimlikni topshirib qo‘yishmaydi. Ular o‘zlari bilan bo‘ladigan hamma hodisalarga ham ta’sir o‘tkaza olmasliklarini yaxshi tushunishadi, biroq bu hodisalarga qanday ahamiyat berish va ularga qanday munosabatda bo‘lishga oid qaror qabul qila olishlari haqida doim ishonchlari komil. Ular mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari bilan har qanday salbiy hissiyotlar ta’siridan qutilishlarini yaxshi bilishadi.

AMALIY MASHQLAR:

Bugundan boshlab o‘z hayotim uchun jamiki mas’uliyatni o‘z zimmamga olish haqida qaror qabul qilaman. Buning uchun men quyidagilarni bajarishim kerak:
1. Bugundan men insonlarni ham vaziyatlarni ham hech narsada ayblamayman. Agar aybni birovga to‘nkasam, men o‘z hayotim ustidan hokimlikni unga topshirib qo‘yaman, biroq men o‘zimga o‘zim xo‘jayin bo‘lmoqchiman.
2. Agar qandaydir vaziyat menga juda murakkab tuyulsa, ko‘zlarimni yumib mendan kuchliroq insonni ko‘z oldimga keltiraman. Men o‘zimga savol beraman: “Bu inson bu vaziyatni qanday baholagan va mening o‘rnimda nima qilgan bo‘lardi?”
3. Agar bugun men qandaydir maqsadimga erisha olmagan bo‘lsam, buning uchun bor mas’uliyat mening zimmamda. Xuddi shuningdek, barcha muvaffaqiyatlarim uchun ham mas’uliyatni o‘z gardanimga olaman. Bu holatda menga yordam bergan insonlar yoki taqdirga tashakkur aytmayman. Men o‘z muvaffaqiyatlarimdan shodlanaman va g‘ururlanaman. Bu o‘z-o‘zimga ishonch hissim ortishiga ko‘maklashadi.
4. Agar kimdir menga nisbatan jazavali va tajovuzkor harakat qilsa men bu insonni tasodifan xafa qilganim yoki qo‘rqitib yuborganim xususida o‘zimga o‘zim savol beraman. Shuningdek, ushbu insonga nisbatan kutganlarim me’yordan yuqori ekan-emasligini tekshirib ko‘raman.