Menu

21-QONUN. BARCHA MUHIM ISHLARNI IMKON QADAR TEZROQ BOSHLANG

Bir kishi vrach huzuriga boribdi. U o‘zini horg‘in, ezilgan his qilar, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar yuki ostida madordan qolgan ekan. Uning miyasi qilishi lozim bo‘lgan ishlar bilan doim to‘lib yurar ekan. Bu holatning oxiri ko‘rinmas edi. Hayotda haqiqatdan ham muhim ishlarni bajarish uchun vaqt yetishmasligi unga ayniqsa, qattiq aziyat keltirarkan. Sal ilgariroq uning jig‘ildoni qaynaydigan bo‘libdi. Kechalari yaxshi uxlay olmas, kunduzlari esa juda tez charchar ekan. O‘z-o‘ziga ishonch kun o‘tgani sayin so‘nib borar, uning o‘rnini esa tushkunlik tobora egallamoqda edi. Dono shifokor barcha muammolar u o‘z hayotidan qanday foydalanayotganiga bog‘liq ekanligini anglabdi. Bunda bemorning uch odati asosiy rolni o‘ynar edi: u tezda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar bilan muhim ishlarni chalkashtirar, qandaydir ishlarni doim ortga tashlab yurar va doim mukammallikka intilar edi.

TEZDA VA MUHIM

Bu ikki tushuncha o‘rtasida ma’lum bir farq bor. Muhim ishlarni qanchalik ortga tashlashasak, ular shunchalik tezda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarga aylanaveradi. Bundan biz o‘zimizni borgan sari yomon his qilaveramiz. Bu faqatgina haqiqatdan ham muhim ishlargagina taalluqli emas. Hattoki nisbatan ikkinchi darajali vazifalarni deb ham vijdonimizni qiyin ahvolga solib qo‘yishimiz mumkin. Foliblarning siri shundan iboratki, ular barcha muhim ishlarni shu ondayoq tezda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarga aylantirishadi. Ular bu ishlarni birinchi navbatda va har qanday imkoniyatdan kelib chiqib bajarishadi. Ishlarni (muhim bo‘lsin, unchalik muhim bo‘lmasin) qanchalik keyinga siltasak, ular tezda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarga aylanaveradi va pirovard natijada bajarilishi uchun keragidan ortiq vaqt talab qiladi. Xuddi mana shu yerda jodulangan halqa boshlanadi. Doim tezda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar bilan shug‘ullanuvchi har bir kishi muhim ishlarni bajarishda vaqt tanqisligiga duchor bo‘ladi. Tezkorlik hayotimizga qanchalik o‘z ta’sirini o‘tkazsa, muhimlikning ta’siri shu qadar kamayadi. Tezkorlik uchun qilgan harakatimiz tufayli muhimlik darajasini pasaytirib yuboramiz. Nuqul tezkor ishlarga diqqat qilinganlik oqibatida hayotimizda muhim ishlarga kam vaqt sarflanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Faraz qiling, mehnat ta’tiliga chiqib, siz avtomobilingiz yukxonasini to‘ldirmoqdasiz. Aytaylik, siz avvalo u yerga kiyimlar solingan kichik paketlar va boshqa mayda-chuydalarni joylashtirdingiz. Katta-katta jomadonlarga navbat kelganda ularga joy yetishmayotgani oydinlashib qoladi. Aslida, boshqacha harakat qilinsa to‘g‘ri bo‘lur edi: avval katta jomadonlar joylashtirilib, so‘ng turli burchaklarga kichik sumkalar joylansa. Xuddi shuningdek, avvalo haqiqatdan ham muhim ishlar rejalashtirilib, ularning oralig‘iga kichik va unchalik muhim bo‘lmagan ishlar tiqilishi lozim.

YETMISH IKKI SOAT QOIDASI

Hech biror narsani rejalashtirib, uni bajarmagan paytingiz bo‘lganmi? Bo‘lgan! Ehtimol, siz keyinchalik o‘zingizni intizomsizligingiz uchun koyigan chiqarsiz. Aslida esa siz bor-yo‘g‘i yetmish ikki soat qoidasini buzgansiz. Unga ko‘ra o‘z rejangizni bajarish uchun qaror qabul qilingach, yetmish ikki soat ichida qandaydir aniq harakatni amalga oshirishingiz kerak. Agar hech narsa qilmasangiz, ushbu rejani qachondir amalga oshirish uchun 100 imkoniyatingizdan bittasi qoladi, xolos. Bu holda siz o‘z miyangizga muvaffaqiyatga ishonchsizlik haqida signal berib qo‘yasiz. Agar o‘z miyangiz sizga ishonmasa, yaxshisi niyatlaringizni yig‘ishtirib va ularni jiddiy qabul qilmay qo‘yaqoling. Tafakkurimiz rejalarimizga butunlay jiddiy munosabatda bo‘lishi va ular haqida eslab turish uchun u markaziy asab tizimida muhrlanib qolishi zarur. Bu esa siz o‘zingizga harakatlanish uchun buyruq berganingizdagina amalga oshadi. Harakatlanish uchun dastlabki impuls bilan imillash sizning shu ishga nisbatan rag‘batingizni borgan sari susaytiradi.

«TEZKORLIK» VA «SHOSHMA-SHOSHARLIK» FARQI

Yetmish ikki soat qoidasi ish tezligini oshirishingiz lozimligini bildirmaydi, aslo! Aksincha, ortiqcha shoshmashosharlik stressni kuchaytiradi va kasallikka olib kelishi mumkin. Ko‘pincha, aynan shoshmasdan ishlash talab etiladi. Inson doim bir loyihadan ikkinchisiga poyga qo‘yish tartibida yashash uchun yaratilmagan. Bir firma junglida savdo bilan shug‘ullanishni maqsad qilibdi va mahsulotni tashish uchun afrikalik hammollarni yollabdi. Hammollar doim shoshirib turishlariga qaramasdan, uchinchi kunga borib ularning barchasi yerga o‘tirib olibdi va hech qanday aldov ham ularni turishga ko‘ndira olmabdi. Jahllangan firma rahbari gap nimadaligini so‘rabdi. Shunda afrikaliklardan biri debdi: “Biz juda shoshdik, garchi tanamiz shu yerda bo‘lsa ham, jonimiz ketimizdan yetishi uchun kutib turishga majburmiz”. O‘zimizga quloq solish, o‘ylash, mushohada qilish, keyingi rejalarni tuzib olish va joriy ishlardan haqiqatdan ham muhimlarini ajratib olish uchun bizga sokinlik va tinchlik kerak. Shu sababli “tez” va “darhol” tushunchalari o‘rtasida farq bor. Muhim ishlarga darhol kirishish kerak, lekin ularni o‘ta yuqori tezlikda qilish shart emas. Bir necha ishlarni bir vaqtda qilish, ish tezligini cheksizlik qadar oshirish mumkin emas. Biroq muhim ishni ortga tashlamasdan, darhol bajargan ma’qul.

«ORTGA TASHLASH» KASALLIGI

Ishni keyinga qoldirmasdan bajarish qat’iyati barcha ishlarga, hatto sizga huzur baxsh etmaydigan ishlarga ham taalluqlidir. Bu holda ularni ortga tashlash tendensiyasi yaqqol namoyon bo‘ladi. Sizda mehmonxonada joy band qilishga ulgurmaslik holati bo‘lganmi? Endi siz bir mehmonxonadan ikkinchisiga qo‘ng‘iroq qilib, joy axtarish uchun ancha vaqt sarflashga mahkumsiz. Agar siz bu ishga o‘z vaqtida kirishganingizda bitta qo‘ng‘iroq yetarli bo‘lar edi. Endi esa bu jarayon soatlab cho‘zilishi mumkin. Keyinga qoldirilayotgan o‘zimizga unchalik yoqmaydigan ishlar borgan sari yoqimsiz bo‘lib boraveradi. Ular bizni qiynay boshlaydi. Ular haqidagi o‘y butun bir kunimizni zaharlaydi. Agar bu ishlarni birinchi navbatda bajarganimizda biz hayotdan zavqlana boshlardik, chunki endi bizni yoqimli ishlar kutib turgan bo‘lardi. Shuni unutmaslik kerakki, eng yoqimsiz ish ham bajarilgan zahoti yelkamizdagi zalvorli yukni yo‘qqa chiqaradi.

MUKAMMALLIKKA INTILISH

Ishni imkon qadar tez boshlash kamlik qiladi. Uni oxirigacha yetkazish ham kerak. Ortiqcha mukammallikka intilish ko‘pincha u yoki bu loyihani tugatishda xalaqit beradi. U hatto butun bir harakatlarimizni falaj qilib qo‘yishi ham mumkin. Mukammallik ishqibozi vaqtining sakson foizini ishining so‘nggi uch foiziga sayqal berishga sarflashi mumkin. Bu holda to‘qson to‘qqiz foiz inson bajarilishdagi farqni sezishmaydi ham. Inson haqiqiy mukammallikka hech qachon erisha olmasligi allaqachon isbotlangan. Musavvir Per Bonnar haqida hikoya qilishadiki, u kunlardan birida mo‘yqalami va bo‘yoqlarini olib Luvrga kelibdi va muzeyda osig‘liq turgan o‘z kartinalaridan biri ustiga qo‘shimcha narsalar chizishga kirishibdi. Muzey xodimlari uni ushlashibdi. U esa e’tiroz bildira boshlabdi: “Axir bu mening kartinam. Uni hali tugatganim yo‘q”. Shunda muzey xodimlaridan biri unga debdi: “Kartina tugallangan. Yo‘qsa u Luvrda turmasdi”. Yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolar oldidagi qo‘rquv hissi bo‘ladi. Axir loyiha to‘liq tugallanmaguncha hech kim undagi xatolarni ko‘ra va aniqlay olmaydi-da. Biroq juda ko‘p hollarda xato qilmagan kishi emas, ishlagan kishi muvaffaqiyat qozonadi. Ish natijalarini xatolar soniga qarab baholash yaramaydi. Biroq juda ko‘p maktablarda baho aynan shunga nisbatan belgilanadi. Biroq, insonda xato qilish huquqi bo‘lishi kerak. Axir xatolar orqali o‘rganamiz. Kunlarning birida Ay-Bi-Em kompaniyasi asoschisi Tom Uotsonning xodimlaridan biri xatoga yo‘l qo‘yadi va bu firmaga 10 million dollarga tushadi. O‘sha xodim Uotsonning kabinetiga chorlanganda u ishdan haydalishim muqarrar deb o‘ylagan edi. Uni hayron qoldirgancha boshlig‘i debdi: «Sizni haydashim kerak? O‘rganishingiz uchun 10 million dollar sarflab-a? Hech qachon!» Biz xatolarimizdan xulosa chiqarishimiz kerak. Faqat shu holatda biz kuchliroq va aqlliroq bo‘lamiz. Bu yerda quyidagi qoidaga amal qilgan ma’qulroq: “Xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun imillagandan ko‘ra kichikrok xatolarga yo‘l qo‘yib bo‘lsa-da, harakatni boshlagan afzalroq”.

AMALIY MASHQLAR

Bugundan e’tiboran muhim ishlarni imkon qadar tezroq bajarishga kirishaman. Bu yo‘lda menga quyidagilar kerak bo‘ladi:
1. Har kuni ertalab o‘z-o‘zimga «Menga qaysi ishni qilish boshqalariga nisbatan ko‘proq yoqmaydi?» deb savol beraman. Aynan o‘sha ishni birinchi navbatda bajarishga kirishaman. Shu yo‘l bilan o‘zimni noxush holatlardan qutqaraman. Uni qanchalik tezroq yakuniga yetkazsam, kun men uchun shunchalik zavqli o‘tadi. Chunki oldinda meni faqat yoqimli ishlar kutmoqda.
2. O‘zimga navbatdagi savolni beraman: “Bugun men uchun qaysi vazifa muhimroq?” Darhol unga kirishaman va uni bajarib bo‘lgunga qadar boshqa ishlarga chalg‘imaslikka harakat qilaman. Garchi shu kuni men boshqa biror ishni qilolmasam-da, asosiy ish bajarilganini hisobga olaman.
3. Men o‘zimga savol beraman: «Ortga tashlab bo‘lmaydigan» ishlar uchun ko‘p energiya sarflamaslik va muhim ishlarni bajarish uchun yetarli vaqt qolishi uchun hayotimda nimani o‘zgartirishim kerak?”
4. O‘zim uchun nimaniki rejalashtirmay, yetmish ikki soat ichida o‘z niyatimni amalga oshirish uchun kirishishim kerak. Kamida bu yo‘nalishda birinchi qadamni bosishim kerak. Bugundan boshlab hammani tez ishlashim bilan qoyil qila boshlayman.
5. Men mukammallikka haddan ziyod intilish tuzog‘iga tushib qolgan-qolmaganimni tekshirib ko‘raman va o‘z loyihamning qay yerida nihoyalovchi nuqta qo‘yishim kerakligini aniqlab olaman.