Menu

25-QONUN. BERISH VA KECHIRISHNI O‘RGANING

Tog‘lar orasida bir ayol ko‘p yillardan buyon yolg‘iz yashar ekan. Kunlarning birida u jilg‘a qirg‘og‘idan qimmatbaho tosh topib olibdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay unga qorni och yo‘lovchi uchrab qolibdi. Ayol unga bir-ikki bo‘lak non berish ilinjida o‘rab olib qo‘yilgan dasturxonini ochayotganda yo‘lovchi boyagi toshni ko‘rib qolibdi. U hech qachon bunday chiroyli toshni ko‘rmagan ekan, shu sababli toshdan ko‘zini uza olmay qolibdi. Buni sezib qolgan ayol unga toshni sovg‘a qilishga qaror qilibdi. Ko‘p o‘tmay, yo‘lovchi yana yo‘lga otlanibdi. U boyagi toshni sotsa, uning puliga umrining oxirigacha farovon hayot kechirishini bilardi. Biroq bir necha kundan so‘ng u ortiga qaytibdi. Ayolni qiynala-qiynala topgach, unga qimmatbaho toshni qaytaribdi va debdi: «Yo‘lda ko‘p narsalar haqida o‘yladim. Bilaman, bu toshni yaxshigina pullash mumkin. Biroq, bu toshni qaytarib, sendan bundan ham qimmatliroq narsani olmoqchiman. Men ham xuddi senikidek — mana shunday tuhfalar qilishga izn beradigan — yurakka ega bo‘lmoqchiman».

* * *

Aksariyat insonlar o‘z hayotiy maqsadini boylik va to‘kin-sochinlikda deb bilishadi. Biroq, ular «to‘kin-sochinlik» so‘zining asl ma’nosini yetarlicha anglashmaydi. Uning ma’nosi shundan iboratki, boylikni doim qo‘lda mahkam ushlab turib bo‘lmaydi. Uni bo‘lishish kerak.

ATROFIMIZDAGI BARCHA NARSA — ENERGIYA. ENERGIYA ESA HARAKATDA MAVJUDDIR

Hech narsa butunlay osoyishta holatda bo‘la olmaydi. Bizning tanamiz va Olam doimiy harakatda va o‘zaro energiya almashinadi. Agar bu bog‘liqlik buzilsa, hayot ham tugaydi. Hayot — bu energiya oqimi. Uning qandaydir qismi bizga keladi, yana qay bir qismi ketadi. Asosiy hayotiy prinsip «olish va berish» so‘zlarida mujassamdir. Mohiyatan, bu Olamda energiya almashinuvini tasvirlovchi jarayonning xuddi o‘zginasidir. Toki energiya almashinuvi bor ekan, hayot davom etadi. Kimki bu oqimni buzishga urinsa, tabiat qonunlarini buzmoqchi bo‘ladi. Qanchalik ko‘p bersak, hayotimiz shunchalik to‘laqonli va jadal bo‘ladi. Insonlar o‘rtasidagi munosabatlar ham doimiy almashinuvga borib taqaladi. Qanchalik ko‘p bersak, shunchalik ko‘p olamiz. Hayotning qonuni shunday, berilgan barcha narsa yuz chandon bo‘lib qaytadi. Insonlar o‘rtasidagi o‘zaro almashinuv qanchalik jadal bo‘lsa, ularning munosabatlari shunchalik mustahkam bo‘ladi.
Hayotda oddiy qonun amal qiladi: agar shodlanishni istasangiz, avval insonlarga shodlik ulashishingiz kerak. Agar sevilishni istasangiz, avval o‘zingiz sevishni o‘rganing. Agar sizga e’tibor zarur bo‘lsa, avval atrofingizdagilarga e’tibor qiling. Agar moddiy farovonlikka erishish istagida bo‘lsangiz, boshqalarga bunga erishishda yordam bering. Boylikka erishishning eng oson yo‘li — boshqalarga muhtoj bo‘lgan narsasini olishda ko‘maklashishdir.

INSONLARGA YAXSHILIK TILANG

Agar hayot sizga g‘amxo‘r bo‘lishini istasangiz, atrofingizdagilarga g‘amxo‘r bo‘lib, ularni duo qiling. Duo qilish — bu juda qadimiy odat. Qadimdan sayohatga chiqqanlarga duo berilgan, dasturxon ustida duo o‘qilgan, oilaga va do‘stlarga duo berilgan. Ba’zi xalqlarda ota-onaning duosi merosdan ham ulug‘roq qabul qilingan. Kimgadir bu udum eskilik sarqiti bo‘lib ko‘rinar, ba’zilar esa unga faqat diniy tus berar. Agar atrofimizni o‘rab turgan olam faqat energiyadan tashkil topgan ekan, bizning istaklarimiz ham uning ma’lum bir zaxirasi sanaladi. Istaklarimizning har biri ro‘yobga chiqishi mumkin. Shu sababli, yo‘lingizda uchragan har qanday insonga yaxshilik tilang. Unga ichingizda shodlik, baxt, farovonlik va salomatlik tilang. Unga hayotida baxtli kunlar ko‘p bo‘lishini tilang! Shunda siz o‘zingizning ijobiy energiyangiz sizni o‘rab turgan olamni yaxshi tomonga o‘zgartirishga qodir ekanini seza boshlaysiz. Insonlar sizni yanada yaxshiroq qarshi ola boshlashadi, chunki ular sizning oldingizda o‘zlarini yaxshiroq his qila boshlashadi. Atrofingizdagilar siz ularga sidqidildan yaxshilik tilayotganingizni darhol tushunishadi. Sizning ezgu tuyg‘ularingiz va niyatlaringiz yuz chandon bo‘lib qaytadi.

SOVG‘A BERISH — AJOYIB ODAT

Oldingizga kelgan yoki huzuriga borayotgan insoningizga sovg‘a berishni odatga aylantirib olsangiz yaxshi bo‘lardi. Sovg‘a har qanday narsa bo‘lish mumkin — gul yoki otkritka, bir varoq qog‘ozga yozilgan hikmatli so‘z yoki she’r, unga nafi tegishi mumkin bo‘lgan insonning kitobi yoki manzili... Kimningdir huzuriga borganda unga nimadir, bu yaxshi tilak yoki xushomad so‘z bo‘lishi mumkin, berish yomon g‘oyami? Axir shunday oddiygina yo‘l bilan siz u haqda o‘ylayotganingiz va qayg‘urayotganingizni namoyish qilasiz-ku?! Eng maroqli suhbatlar: «Siz haqingizda o‘ylab turuvdim. Sizga qanday yordam berishim mumkin», degan so‘zlar bilan boshlanadi. Muloqotga kirishayotgan insoningizga albatta biror narsa sovg‘a qilaman, deb o‘zingizga va’da bering. Olganingiz berganingizdan ziyoda bo‘ladi, albata. Qanchalik ko‘p olsangiz, berish istangizgiz yanada kuchayaveradi.

KECHIRISH

Kechirish — bu berish va bo‘lishish mahoratining eng oliy ko‘rinishidir. Bu insonning eng oliy ruhiy kamolotga yetishishi uchun kalitdir. Hech narsa boshqa insonga nisbatan jahl, araz, gina-kudurat va intiqom to‘plashdek energiya oqimiga to‘siq bo‘la olmaydi. Bunday salbiy hissiyotlar bizni shodlik va osoyishtalikdan mahrum etadi, shuningdek ruhiyat bilan bog‘liq kasalliklarning sababi ham hisoblanadi. Salbiy hissiyotlar ijobiy hissiyotlardek moddiylashish xususiyatiga ega. Ular avvalo o‘zimizga qaratilgan bo‘lib, bizni salomatligimizning yo‘qotilishiga, umrimizning qisqarishiga sabab bo‘ladi. Kechirish har doim ham oson emas — bunda jahllanish sababi muhim rol o‘ynaydi. Biroq, jahl va nafrat iskanjasida yashagandan ko‘ra to‘laqonli hayot kechirgan afzalroq. Biz hamma — o‘zimiz, ota-onamiz, rafiq(a)miz va boshqa insonlarning hamma narsasini kechirishimiz kerak.

O‘ZINGIZNI KECHIRING

Biz o‘zimizning xatolarimiz va ahmoqligimizni kechirishimiz kerak. Keling, mukammallikdan uzoq ekanligimiz va hech qachon unday bo‘la olmasligimizni unutmaylik. Biz doim xatolarga yo‘l qo‘yamiz. Buning hech yomon tomoni yo‘q. Agar biz o‘z xatolarimizdan jahllanmasak, ulardan xulosa chiqarib, o‘sishimiz mumkin. Agar biz o‘zimizni kechira olmasak, xatolar qo‘llarimizni butunlay bog‘lab tashlashi mumkin. Axir shu taxlit taqdiri singan insonlar son mingta-ku?! Insonning qilgan ishlaridan surunkali afsuslanishi va o‘z-o‘zidan qoniqmasligi — bu xarakter bo‘shligining belgisidir. Agar inson tavba qilsa, u bu faktni o‘zining harakatsizligiga «xatolarim tufayli men muvaffaqiyatga erisha olmadim, biroq men bundan juda afsuslanaman, demak men yomon inson emasman» prinsipi bo‘yicha bahona qilib oladi. O‘z-o‘zingizga nisbatan yomon xotiralarning saqlanishi sizni aslo baxtli qila olmaydi. O‘tgan yillarning xatolari bugungi kuningizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymasligingiz kerak. O‘zingizni kechirishingiz va xatolaringizda faqatgina ularning asl mohiyati — ulg‘ayayotganingizning tarkibiy qismini ko‘rishingiz kerak. Bu xatolarsiz bugun siz siz bo‘lmasdingiz.

OTA-ONANGIZNI KECHIRING

Ayrim insonlar ota-onasini kechira olishmaydi. Natijada farzandlar uzoq yillar davomida ota-onalaridan ko‘rgan adolatsizlik, qo‘pollik va qattiqqo‘llikdan aziyat chekishadi. Umrbod xafalik — biz endi o‘zgartira olmaydigan narsa uchun dahshatli baho sanaladi. Bu yerda yana bir muhim jihat bor. Faqatgina ota-onamizni kechira olgandan so‘nggina biz o‘zimizni to‘la-to‘kis ulg‘aygan inson hisoblay olamiz. Bungacha biz bolaligimizcha qolamiz, chunki ularga va ularning bizga bo‘lgan harakatlariga bog‘liqlikni saqlab qolayotgan bo‘lamiz. Ota-onamizni kechiribgina ularning ta’siri ostidan chiqamiz. Shundan so‘nggina yetuk inson hisoblanamiz. Bolalikdagi xafachiliklarni unutish kerak. Buning eng oson yo‘li — ota-onamiz aslida bizga yaxshilik tilaganini tushunishdir.

RAFIQ(A)NGIZNI KECHIRING, ILOJI BORICHA TEZROQ

Miyangizda salbiy fikrlar va xafagarchiliklar uchun joy bor ekan, siz o‘tmishda yashayverasiz va hozirgi zamonning barcha go‘zalliklaridan quruq qolasiz. Xafagarchilik saqlanar ekan — muhabbatga o‘rin yo‘q. Agar er-xotin bir-birini darhol kechirishmasa bu ahmoqgarchilik. Bu holda muhabbat keyinga surilib ketadi. Nega? Ko‘pincha er-xotinlardan biri ikkinchisini darhol kechirishni istamaydi, «u hamma narsani tushunishi» va oldingi xatolarini qayta takrorlamasligi uchun. Zohiran u ayni damda kechirimga o‘rin yo‘qdek ko‘rinishni oladi, chunki «xafaligi hali juda yangi». Bunday pozitsiya bu vaziyatda harakatlantiruvchi kuch rafiq(a)ning aybi emas, faqat o‘zimizning his-tuyg‘ularimiz ekanligini isbotlaydi. Insonlar ko‘pincha darhol kechirish — o‘z obro‘sini tushirish, deb baholashadi. Biroq sevimli insoningizning muhabbatini rad etib turganingizda qanaqa obro‘ haqida gap bo‘lishi mumkin? Mustahkam aloqalarni bunday poydevorda tiklab bo‘lmaydi. Aslida esa hammasi butunlay teskari: qanchalik tez kechirsak, shunchalik tez sevilishimiz va hayotdan bahra olishda davom etishimiz mumkin. Bir oqila ayol shunday degan ekan: «Men baribir qachondir uni kechiraman. Nega unda bu ishni hoziroq amalga oshirmasligim kerak?». Buning uchun suyukli insoningizning yaxshi tomonlarini esga olish kifoya. Agar siz uning sizga yoqadigan o‘n jihatini xotirangizda jonlantirsangiz, xafagarchiligingiz darhol susayadi. Albatta, keyingi birgalikdagi hayotingiz maqsadga muvofiq bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq, ajralib ketish xavfi turganda ham bir-biringizni iloji boricha tezroq kechirishingiz shart.

BOSHQA JAMI INSONLARNI KECHIRING

Aybi va ahmoqgarchiligidan qat’iy nazar, istisnosiz hammani kechiring. Haqiqiy kechirim garchi in’omning oliy ko‘rinishi bo‘lsa-da, birinchi navbatda sizning manfaatingizga xizmat qiladi. Axir gap siz kechirayotgan odamda emas, sizning ustingizda bormoqda. Kechirim sizning baxtingiz, muvaffaqiyatingiz va ruhiy osoyishtaligingiz uchun zarur. U sizning kelajagingiz uchun muhim. Sizga mutlaqo aloqasi yo‘q bo‘lgan insondan jahllanishdan battar ahmoqgarchilik bo‘lmasa kerak. Chunki siz o‘z hayotingizni zaharlayapsiz, boyagi inson bundan mutlaqo bexabar bo‘lishi ham mumkin. Kim uzoq vaqt xafa bo‘lib va jahllanib yursa o‘z kuchining behuda sarflanishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa u yoki bu inson sizning muvaffaqiyatsizligingizda ayblangan holatda bu yaqqol namoyon bo‘ladi. Agar biz aybni kimningdir zimmasiga yuklasak, unga o‘z hayotimiz ustidan hukmronlik beramiz. Paydo bo‘lgan vaziyat uchun mas’uliyatni atrofimizdagilarga yuklab, biz o‘z kuchimizni berkitamiz va muvaffaqiyatimizga to‘sqinlik qilamiz.

AMALDA FOYDALANISH

Avval insonni ko‘ngilda kechirish kerak. Sizni xafa yoki haqorat qilgan insonga samimiy baxt tilang. Xafaligingiz yodga tushgan zahoti darhol u insonni duo qiling va bu xotirotlar sizni zumda tark etadi. Siz shuningdek, u insonga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan shaxsan suhbatlashishingiz ham mumkin. Bu holatda muloqotni chegaralang va unga o‘zini oqlashga yo‘l qo‘yib bermang. Shunchaki, uni tamoman kechirganingizni ayting. Shuningdek, bo‘lib o‘tgan voqealarda butun mas’uliyatni o‘z zimmangizga olganingiz haqida unga xat ham yozishingiz mumkin. Ehtimol, u inson sizga adolatsiz munosabatda bo‘lgandir, biroq bu hodisani qanday qabul qilganingiz va unga qanday munosaatda bo‘lganingiz sizgagina bog‘liq. Avvalo, uni kechirganingiz va unga jamiki yaxshiliklarni tilashingizni anglating. G‘oliblar berish va kechirish san’atini puxta o‘rganishgan. Unisi ham, bunisi ham ularning ruhi poklanishiga xizmat qiladi va ularni samimiy insonlarga aylantiradi. Berish ko‘nikmasi haqiqiy farovonlik, baxt va osoyishtalikka ega bo‘lish uchun zamin yaratadi.

AMALIY MASHQLAR:

Bugundan boshlab men o‘zimda berish va kechirish ko‘nikmasini rivojlantiraman. Buning uchun quyidagilarni qilishga tayyorman:
1. Bugun men uchrashadigan, telefonda gaplashadigan, xayolda o‘ylaydigan har qanday insonga shodlik, baxt, muvaffaqiyat va salomatlik tilayman. Men unga o‘zimning ijobiy energiyamdan ulashaman.
2. Bugun men huzuriga otlangan har bir insonga sovg‘a qilaman. Bu qandaydir narsa, yaxshi tilak, xushomad so‘z yoki foydali g‘oya bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi men uning farovon hayot kechirishidan manfaatdor ekanligimni namoyish etadi.
3. Bugun men o‘zimning sevimli insonimga noodatiy va puxta o‘ylangan sovg‘ani topshiraman. Buni men uning xursand bo‘lganini ko‘rib shodlanishim uchungina qilaman.
4. Bugun men hammani kechiraman. Avvalo, bu o‘z-o‘zimga sovg‘a bo‘ladi. Men gina saqlayotgan insonlarning barchasini kechiraman. Men ularni samimiy va chin yurakdan kechiraman. Bugunoq men unga qo‘ng‘iroq qilaman yoki xat yozaman. Bugundan boshlab hech kimga nisbatan salbiy his tuymayman. Qaytaga, men bunday hislardan qutilaman.