Menu

2-QONUN. DOIM O‘QING VA O‘SING

Dunyoning yaralishi haqidagi hind afsonalariga ko‘ra, Xudo avval chig‘anoqni yaratib, uni dengizning tubiga tushirib qo‘yibdi. Chig‘anoq u yerda bir xil, mazmunsiz hayot kechira boshlabdi. Uning kun bo‘yi qilgan ishi oyquloqlarini ochib, tanasiga biroz dengiz suvi yutib, nafas olishdan iborat ekan. Shunday qilib kunlar o‘ta boshlabdi. Shundan so‘ng Xudo burgutni yaratibdi. Unga istalgan joyga uchish imkoniyati va erkinligini beribdi. Burgut uchun hech qanday to‘siq yo‘q, lekin bunday ozodlikning ham o‘ziga yarasha tovoni bor ekan. U har kuni o‘ziga o‘zi yemak axtarib topishga majbur ekan. Ayniqsa uning poloponlari paydo bo‘lgach, uning bu muammolari ikki hissa ortibdi — u uzzu-kun osmonda parvoz etib, yegulik axtarish bilan band bo‘la boshlabdi. Biroq burgut shunday hayotga jon-jon deb rozi bo‘libdi. Shundan so‘ng Xudo insonni yaratibdi. Unga chig‘anoq va burgutni ko‘rsatibdi va «qanday hayotni tanlaysan?» deb so‘rabdi.

* * *

DOIM O‘QISH VA O‘SISH (DO‘O‘)

Bizda ikki hayotiy modeldan birini tanlash imkoniyati bor. Chig‘anoq o‘z istiqbollarini kengaytirish imkoniyatini qo‘lday boy bergan inson timsolidir. Shu sababli u butun umr bir xil ish bilan band bo‘lishga mahkum. Napoleon Xill kunlardan birida shunday degandi: «Odamlarning ba’zilari ko‘p yegani uchun o‘ladi, ba’zilari ko‘p ichgani uchun, uchinchilari esa qiladigan boshqa ish qolmagani uchun». Burgutdek yashashni istaganlar o‘zlariga murakkab yo‘lni tanlaydi. Bu yo‘ldan o‘tishning yagona imkoniyati mavjud — o‘sayotganimiz, o‘rganayotganimizdan xursand bo‘lish. Qanchalik ko‘p bilsak shunchalik o‘saveramiz, shunchalik erkin bo‘laveramiz. Hayotdagi har qanday qiyinchilik va muammolarni navbatdagi sabog‘dek qabul qilish kerak.
DO‘O‘ning hayotiy falsafasi to‘rt asosiy omilga asoslangan:
1. O‘SISH SIZNING GENETIK KODINGIZDA MAVJUD
Tirik va jonsizni qanday farqlasa bo‘ladi? Jamiki tirik narsa o‘sadi! Aynan shu jihati bilan tosh marvariddan farq qiladi. O‘sish va o‘zgarishlar tugagan zahoti o‘lim yuz beradi. Shunday qilib, o‘sish — hayotning xossasi hisoblanadi. Lekin bizning holatimizda gap shunchaki o‘sish ustida emas, maqsad sari yo‘naltirilgan evolyutsiya (rivojlanish) haqida bormoqda. Bu o‘sish hayotga chanqoqlikni oshirish va rivojlantirishga qaratilgan.
2. DO‘O‘ — INSONNING ASOSIY ZARURIYATI
Bolalarni kuzatar ekanmiz, tabiatimizda butun umr o‘sish va o‘rganish zaruriyati chuqur o‘rnashganini anglab olamiz. Bolalar doim bir narsalarni tadqiq qilib, o‘rganishadi va o‘z qobiliyatlarini takomillashtirishadi. Bu holatda ular har qanday sarguzasht va tavakkallarga tappa-tayyor. O‘ylanib qolasan kishi, bolalar buncha kuch-quvvatni qayerdan olishiga. Balki o‘z zaruriyatini qondirishga intilganda insonda qo‘shimcha kuch-quvvat paydo bo‘lishi haqiqatdir? Taqqoslash uchun o‘sishdan to‘xtagan va hech narsani o‘rganmayotgan insonlarni kuzating. Garchi ular vaqtini ko‘ngildagidek o‘tkazishga urinayotgan bo‘lsa ham, ularning baxtlilari juda ozchilikni tashkil etadi. Sababi oddiy: agar siz o‘sish va o‘rganishni bas qilgan bo‘lsangiz hayot quruq va bema’ni bo‘lib qoladi. Qondirilmagan zaruriyatlar hayotga chanqoqligimiz va kuch-quvvatimizni so‘rib oladi.
3. INSONNI YAXSHILIKKA UNDAMAGAN BIRORTA DIN YO‘Q
Men bu yerda dindorlik haqida gapirmoqchi emasman, shunchaki, jahon dinlarining barchasi insoniyatning ichki zaruriyatlari va orzulari — yomonlikdan qutqarish, ilm olish, yorug‘lik, tinchlik, yaxshi hayot va abadiy muhabbatni namoyish qiladi. Biroq bularning barcha umumiy bir narsaga borib taqaladi: inson o‘zgarishi va o‘rganishi kerak. «Qanday bo‘lsang shundayligingcha qol», degan birorta din yo‘q.
4. ISTALGAN IQTISODIY TIZIM VA ISTALGAN KOMPANIYA BIR PRINSIPGA ASOSLANADI: TO‘XTASH KERAK EMAS!
Kompaniya yo rivojlanadi, yo kuchsizlanadi. Qandaydir ma’lum bir darajada qolish uchun urinishlar raqobatchilar bilan kurashda mag‘lubiyatga olib keladi. Har qanday ishbilarmon o‘sishni o‘rganishi kerak, aks holda u tobora kuchsizlana boradi. Edvards Deming sifat tushunchasini quyidagicha tushuntiradi: «Sifat qandaydir ma’lum bir standartni ushlab turish emas, doimiy takomillashishning jonli va dinamik jarayonidir». Agar siz hayot qonuni, evolyutsiya prinsipini buzsangiz, o‘z ehtiyojlaringiz, intilishingiz va iqtisodiy maqsadga muvofiqlikka zid harakat qilsangiz qanday baxtli bo‘la olasiz? O‘qish va o‘sish — hayot mazmunining ajralmas tarkibiy qismlaridir. DO‘O‘ yordamida qo‘lga kiritishimiz mumkin bo‘lgan narsalarga hech qanday mo‘’jiza yoki sehr bilan erishib bo‘lmaydi.

DOIM QABUL QILINADIGAN QAROR

Balki u yoki bu hayot tarziga oid qarorni bir marta qabul qilish yetarli, degan tasavvur paydo bo‘lar. Biroq biz kunlarning birida qabul qilingan o‘sha qarorni doim quvvatlab turishimiz kerak. Biz o‘zimizni doim kitob o‘qishga, kundalik yuritishga, seminarlarga qatnashishga, nimalarnidir o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan insonlar bilan muloqotga kirishishga majburlashimiz kerak. Insonlar o‘sish va o‘qishni yig‘ishtirib qo‘yishlariga ikkita sabab bor: Birinchidan, ularning yanada yaxshiroq bo‘lishlariga ko‘zi yetmaydi. Aslida esa, bilim olish va o‘sish uchun chegara yo‘q. Ikkinchidan, bu loqaydlik. Shunchaki beozor ko‘rinsa-da, bu insonga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan eng yomon odat. Doim o‘qib-o‘smas ekanmiz, shubhasiz, ancha past hayotiy darajaga tushib qolamiz. Biroq eng katta xavf «Orqaga biroz qadam tashlash unchalik zarar qilmaydi», degan fikrda!

BAQA UCHUN TUZOQ

Agar baqani issiq suvli idishga solsak nima bo‘ladi? U darhol «Bu joy noqulay ekan, tezroq tuyoqni shiqillatish kerak» deydi va darhol sakrab chiqadi. Agar o‘sha baqani sovuq suvli idishga solib, idishni ostidan qizdirsak-chi? Baqa o‘zini erkin tutadi. U albatta borgan sari issiq bo‘layotganini sezadi, biroq «ortiqcha issiqning zarari yo‘q», deb o‘ylaydi va alal-oqibat pishib qoladi. Xulosa: hayotda juda ko‘p narsa asta-sekin to‘planib qoladi. Masalan, qarzlar bilan ana shunday bo‘ladi. Masalan siz indin kuni uyg‘onib, oltmish sakkiz ming yevro qarzingiz borligini sezib qolsangiz, darhol dahshatga tushib qolasiz. Biroq bu hodisa bosqichma-bosqich amalga oshsa — bugun to‘qqiz yevro, ertaga o‘n to‘rt yevro — siz buni jiddiy qabul qilmay qo‘yasiz. Biroq hayotda hamma narsa to‘plana boradi. Kuni kelib qarzlaringiz sizni erkin nafas oldirmay qo‘yadi. Agar ertaga uyg‘onib, tarozida vazningizni o‘lchatsangiz-u, naq 30 kiloga semirganingizni bilib qolsangiz tashvishlanasizmi? Albatta! Biroq bu oy ichida 1 kilo, keyingi oyda yana 1 kiloga semirib boraversangiz, siz bunga fojea sifatida qaramay qo‘yasiz. Baqani esga olib, tendensiyalar haqida fikr yuriting. Mayda-chuydalarga bee’tibor bo‘lmang. Ular doim to‘planib boradi. Har qanday arzimas narsa sizni yo maqsad sari yaqinlashtiradi, yoki undan uzoqlashtiradi. Hech qachon o‘rtacha, neytral holat bo‘lmang! Shuning uchun o‘zingizga doim shu savolni berib yuring: «Men qaysi tomonga intilayapman?»

UZOQ MUDDATLI TENDENSIYALARNI ANIQLASH

Bugun bir dona olma yoki shokolad yeyishimiz, kitob o‘qish yoki televizorda serial tomosha qilishimiz, 10 yevroni sarflash yoki iqtisod qilishning bir qaraganda qanday farqi bor-a?.. Biroq oradan 10 yillar o‘tgach siz bundagi farqni yaqqol sezasiz. Shokolad, serial va pulni sarf qilish semirish, yuzakilik va qashshoqlikni keltirib chiqaradi. Mevalar, yaxshi kitoblar va iqtisod — salomatlik, bilim va farovonlikni. Sizdan doim dohiyona qarorlar qabul qilishni hech kim kutmaydi. Biroq hayot qabul qilgan qarorlarimizning umumiy summasidan iboratdir, bunda loqaydlik yomon maslahatchi hisoblanadi. Bir ota tinchgina ishlashni xohlabdi va o‘g‘lini bir muddat nimagadir band qilib qo‘yishi zarar bo‘libdi. Ota qandaydir jurnaldan dunyo xaritasini topib olibdi va uni bo‘laklab o‘g‘liga qayta yig‘ishni topshiriq qilib beribdi. Biroq dam o‘tmasdan o‘g‘il xaritani to‘g‘ri yig‘ib olib kelibdi. Ota bunga qiyinchilik bilan ishonibdi, o‘g‘il esa tushuntiribdi: «Xaritaning orqa tomonida allaqanday insonning surati bor ekan. Suratni yig‘ish qiyin emas, shu sababli men agar bu inson suratini to‘g‘ri yig‘ib chiqsam, jahon xaritasi ham to‘g‘ri yig‘iladi, degan qarorga keldim». DO‘O‘ning mohiyati mana shu yerda bilinadi. Biz o‘zimiz qabul qilgan qarorlar yig‘indisidan iboratmiz, yig‘indi esa kelajagimiz qanday bo‘lishini belgilab beradi. Agar biz to‘g‘ri «yig‘ilgan» bo‘lsak, «jahon xaritasi» ham ko‘ngildagidek bo‘ladi.

PET RAYLI

Amerika basketboli tarixida eng buyuk murabbiy «Los Anjeles Leykers» jamoasini boshqargan Pet Rayli hisoblanadi. 1986 yilda jamoa o‘yinchilari endi boshqa o‘sa olmaymiz, degan to‘xtamga kelishadi. Biroq murabbiy o‘yinchilardan o‘yinni bor-yo‘g‘i 1 foizga yaxshilashni so‘raydi. 1 foiz bu kulgili darajada kichik kattalik. Biroq Rayli o‘yinchilar uchun kichikroq hisob-kitobni amalga oshiradi. Agar 12 ta o‘yinchi o‘yindagi 5 komponentda o‘z yutuqlarini 1 foizga oshirishsa, butun jamoa 60 foizga yaxshiroq o‘ynay boshlaydi. Uning tushuntirishicha, chempionlik unvonini qo‘lga kiritish uchun 10 foiz ham yetarli bo‘lishi mumkin, biroq har bir kishidan 1 foiz alohida urinishlarsiz bajarish mumkin bo‘lgan natija. O‘yinchilar murabbiyning gaplariga quloq osishdi va shu yiliyoq chempionlik unvonini qo‘lga kiritishdi. Aytaylik, siz hayotning besh tarkibiy qismi — salomatlik, boshqalar bilan muloqot, moliya, his-tuyg‘u va ishda 1 foizginaga yaxshiroq bo‘lishga qaror qildingiz. Agar siz bir yil davomida har oy bu bilan shug‘ullansangiz, sizning samaradorligingiz 1 yil ichida 60 foizga oshadi.

DO‘O‘ O‘Z-O‘ZINI QUVVATLANTIRADI

Doim o‘qib-o‘sish uchun intizomga qanday o‘rganish mumkin? Javob sizni hayron qoldirsa kerak: sizga sehrli ichimlik kerak bo‘ladi. Asteriks va Obeliks kuchlarining siri sirli ichimlikdadir. Bizga (ba’zan bilintirmasdan) ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi muhit ana shunday sehrli ichimlik bo‘lib xizmat qiladi. Har kuni qanday qarorlar qabul qilishimizda ko‘p narsa unga bog‘liq. Bizga o‘qiyotgan kitoblarimiz, yozayotgan kundaliklarimiz, qatnashayotgan seminarlarimiz ham ta’sir ko‘rsatadi. Obeliksning omadi bor ekan. Uni yoshligidayoq sirli ichimlik to‘ldirilgan qozonga tushirib olishgan. Shu sababli u yoshligidan yengib bo‘lmas bahodir bo‘lib voyaga yetgan. Asteriksga esa omad kamroq kulib bog‘qan. U doim qiyin vaziyatga tushib qolganda o‘sha sirli suyuqlikni ichishiga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchiligimizda aynan shunga o‘xshash hodisa kuzatiladi. Bizga doim o‘zimizga namuna bo‘ladigan insonlarning, bizni ruhlantiruvchi kitoblarning, o‘z hayotimizni yaxshiroq tushunishga, xatolarimizdan sabog‘ chiqarib, o‘z-o‘zimizga ishonch hissini orttirishga ko‘maklashuvchi kundaliklarning, shuningdek, yangi turtki berib, yangi yo‘l ko‘rsatuvchi seminarlarning yordami kerak bo‘ladi. Qanchalik ko‘p o‘qib-o‘sar ekanmiz, bizda shunchalik o‘qib-o‘sishga zaruriyat tug‘ilaveradi. U bora-bora odatga aylanadi. Shunday qilib, DO‘O‘ o‘z-o‘zini quvvatlantiradi. G‘oliblar hamma narsani bilishadi. Ular o‘zlariga o‘xshashni istayotgan kishi bilan tanishishni doim istashadi. O‘qish va o‘sish uchun g‘oliblar maqtovni ham, rag‘batni ham ishlatishadi. Asosiysi — kerakli me’yorni topish. Ularga maqtov yoqadi, faqat evi bilan bo‘lishi kerak. Tanbeh ularga yoqmaydi, biroq qo‘l siltaydigan darajada emas. Televizion shouda savolga javobni bilmagan qatnashuvchi keyingi turga o‘ta olmaydi. Hayotda ham xuddi shunday: g‘oliblar uchun DO‘O‘ yildan yilga o‘zlarining oldingi shaxsidan tobora kam narsa qolayotganini, ular bo‘lishni ko‘zlagan shaxsga tegishli tobora ko‘p jihat paydo bo‘layotganini bildiradi.

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men doim o‘qish va o‘sish odatimni yanada mustahkamlayman va quyidagilarni bajarishga va’da beraman:
1. Har oyda kamida ikkita aqlli kitob o‘qiyman. Asta sekin har haftada ikkita kitob o‘qishga o‘taman.
2. Qanday seminar mashg‘ulotlarga borish haqida o‘ylab ko‘raman.
3. «Muvaffaqiyat kundaligi» bilan bir qatorda yana ikkita kundalik yuritaman. «Anglash kundaligi»da xulosa va xatolarimni qayd etib boraman, «Foyalar kundaligi»da o‘z g‘oyalarimni tushirib boraman.
4. Men tanishishim va ulardan nimadir o‘rganishim kerak bo‘lgan 10 kishining ro‘yxatini tuzib olaman.
5. Men har kuni ushbu kitobning bitta bo‘limini o‘qiyman.