Menu

1-QONUN. QAROR QABUL QILING

Bir kichik jilg‘a bor ekan. U ulkan cho‘lning chetigacha oqib boribdi. Shunda u: «Qo‘rqma! Oldinga qarab oqaver» degan tovush eshitibdi. Biroq jilg‘a uchun yangi va sinalmagan yerga kirish juda qo‘rqinchli edi. U o‘zgarishlardan cho‘chirdi. Albatta, uning yanada kattaroq daryo, dengiz sifatida qiziqroq hayot kechirgisi kelar, lekin tavakkal qilib o‘zida nimanidir o‘zgartirishdan qo‘rqardi. Biroq boyagi tovush yana jaranglabdi: «Agar hozir olg‘a qadam bosmasang, nimalarga qodir ekanligingni hech qachon bilmaysan. Shunchaki ishon, yangi hayotda ham senga yaxshi bo‘ladi. Tinchlan va ilgariga oq». Shunda jilg‘a olg‘a oqishga qaror qilibdi. U ancha qiynalibdi. Cho‘lning jaziramasi uning jamiki suvini bug‘latib yuboribdi. Uning zarralari osmonga ko‘tarilib, bulutga aylanibdi. Shamol bulutni bir necha kun cho‘l ustidan haydab o‘tibdi va dengizga yetibdi. U yerda yomg‘ir bo‘lib dengizga quyilibdi. Jilg‘aning hayoti endi o‘zi orzu qilganidan ham yorqinroq o‘ta boshlabdi. Dengiz to‘lqinlarida uzoq-uzoqlarga ketar ekan u jilmaygancha o‘ylabdi: «Hayotim bir necha marta o‘zgardi, lekin ana endi men o‘zimga aylandim».

* * *

Insonlar nimagadir jur’at qilishda qiynalishadi, ayniqsa, tavakkal qilish zarur bo‘lgan holatlarda. Bizni noma’lumlik dahshati cho‘chitadi. Axir odatiy turmush tarzi, yashash sharoiti, do‘stlar va tanishlar davrasini o‘zgartirib yuboruvchi holat ham ro‘y berishi mumkin-da. Biroq eng katta o‘zgarish insonning o‘zida kuzatiladi. Aynan shu holdan ko‘pchilik qo‘rqadi. Avvalgidek qolish yoki yaxshi tomonga o‘zgarishni aynan o‘zingiz tanlaysiz. Esda tuting: har qanday o‘sish, har qanday o‘zgarish qaror qabul qilishdan boshlanadi. Noto‘g‘ri qaror oldidagi qo‘rquv ham katta bo‘ladi. Inson tanish, xavfsiz hududni tark etib, qandaydir o‘rganilmagan narsaga duch kelib qolishdan xavfsiraydi. Biroq bu qadam sizga o‘sish uchun imkoniyat beradi. Bu sizning eng katta imkoniyatingiz. HAR QANDAY QAROR YO‘QOTISHLAR BILAN CHAMBARCHAS Biror bir qarorga kelar ekansiz, siz qolganlarini bekor qilasiz —o‘zga istaklaringizga nuqta qo‘yasiz. Har qanday jiddiy qaror o‘tmish va kelajakdan birini tanlashni majbur qiladi. Xayollaringiz erishgan narsalaringiz bilan qolishga ham majburlashi mumkin. Biroq bu holda, siz barcha yangi imkoniyatlardan voz kechgan bo‘lasiz. Bu esa orzularingiz ro‘yobi va kelajakda yaxshiroq yashashdan ayrildingiz degani. Biroq siz o‘tmishingizdan voz kechib, o‘zingizni butunlay maqsadlaringiz va intilishlaringizga bag‘ishlashingiz ham mumkin. «Mustahkam» o‘tmishni qo‘ldan chiqarmay turib, orzuga intilish mumkin emas. Siz yoki odatlanib qolgan hayotingizdan voz kechasiz, yoki orzularingizni ro‘yobga chiqarish imkoniyatidan. Nimani tanlaysiz? O‘tmishnimi yoki yaxshi yashash imkoniyatini? Bu savolga javobni faqat o‘zingiz bilasiz. Qandaydir o‘zgarish bo‘lish-bo‘lmasligi sizning xohishingizgagina bog‘liq. Yodda tuting: har qanday o‘zgarishlar qaror qabul qilishdan boshlanadi. Siz nimadandir voz kechishga majbur bo‘lasiz. Bu uchun jasorat kerak.

JUR’ATSIZLIK O‘SISHGA TO‘SIQ BO‘LADI

Afrikada maymunlarni qanday tuzoqqa tushirishadi, bilasizmi? Ovchi tuxum kattaligidagi toshni daraxtning diametri 6-7 sm keladigan kavagiga solib qo‘yadi — bu holda o‘zini xuddi biror sirli ishni bajarayotgandek tutadi. Maymunlar esa sal naridan uni qiziqqonligidan yorilib ketay deya kuzatib turishadi. Keyin ovchi bir necha metr nariga ketadi. Shu ondayoq daraxt oldiga maymunlardan biri yugurib keladi va qo‘lini kavakka tiqadi. U toshni ushlab, tashqariga tortmoqchi bo‘ladi. Biroq kavak diatmetri kichiklik qiladi. To‘g‘ri, maymun istagan daqiqada toshni qo‘yib yuborib, qo‘lini chiqarib olishi mumkin. Biroq, u bunday qilolmaydi! Ovchi esa kelib, maymunni ushlaydi va qopga soladi. Xuddi shu tarzda biz ko‘pincha o‘tmishimizdan voz kecha olmaymiz. Unga yopishib olib, yangi va baxtliroq hayotdan voz kechib, biz o‘z qo‘limizni bog‘laymiz. Shunda oldimizda o‘ta muhim savol paydo bo‘ladi: o‘zi nimaga erishmoqchimiz? Teodor Ruzvelt shunday degan: «Na g‘alaba, na mag‘lubiyatga o‘rin bo‘lmagan hayot bilan yashayotgan o‘rtamiyonalarning sevinch va iztiroblarsiz hayotidan ko‘ra, ko‘plab omadsizliklarga duchor bo‘lsang-da, buyuk ishlarga jur’at qilib, g‘alabaga erishish muhimroq». G‘oliblar hech qachon o‘zini qoniqtirmagan vaziyatga yopishib olmaydi. Ular tavakkal qilishga tayyor, chunki har qanday natija o‘zini qoniqtirmayotgan o‘sha holatdan yaxshiroq ekanini tushunishadi. Yevropadagi odamlarning ko‘pchiligi uchun qashshoqlik — och qolish emas, voqelikni qabul qilishni o‘tmaslashtiruvchi holat hisoblanadi. Mag‘lubiyatga uchrashni istamay yuritilayotgan o‘yin va g‘alaba qozonish uchun o‘ynalayotgan o‘yin orasida juz’iy farq bor. Yutqazishni istamayotgan kishi tavakkal va xavflardan ogoh bo‘lishga o‘ralashib qoladi. Yutishni maqsad qilgan kishi esa g‘alaba uchun imkoniyatni ko‘radi. Sizningcha, bu insonlarning qay biri baxtliroq?

QAROR QABUL QILISHINGGA TO‘SIQ BO‘LUVCHI SABABLAR

1. Ko‘pchilik butun umr bir ish bilan mashg‘ul bo‘lish kerak, deb o‘ylaydi.
Biroq ko‘pchilik kasbni o‘smirlik chog‘ida — hali ko‘p narsani bilmaydigan va tushunmaydigan yoshida tanlaydi-ku! Balki, o‘shanda to‘g‘ri qaror qabul qilingandir, ehtimol, noto‘g‘ri. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, yangi qarorlar haqida bosh qotirish kerak. O‘zingizga savol bering: qilayotgan ishingiz o‘zingizga yoqadimi? Axir siz juda yomon ko‘radigan ishga har kun qatnash uchun butun umr kamlik qiladi-ku! Nima ish qilayotganingiz muhim emas, balki siz kimdir orzu qilgan ishni qilayotgandirsiz, ehtimol? 2. Ko‘pchilik qarorni keyinroq ham qabul qilsa bo‘ladi, deb hisoblaydi.
Biroq qarorni keyinroqqa suradigan kishilar bora-bora o‘ziga ishonchni yo‘qotadi, chunki «qarordan voz kechish» degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Sizning «qaror qabul qilmadim» deganingizni o‘ziyoq qaror! Siz hammasi avvalgidek qolishini xohladingiz. Boshqacha aytganda, siz hech narsani hal qilishni istamadingiz. Biroq bunday holat katta quvvat talab qiladi. U sizni bo‘g‘adi va erkin harakatingizni chegaralaydi. Biroq odamlar bir narsani tanlash hech qachon kech emas, deb hisoblashadi. Bu xulosa noto‘g‘ri ekanini maqsadingizni eskalator (o‘zi harakatlanuvchi zina) zinasi deya tasavvur qilib, o‘zingiz isbotlashingiz mumkin. Maqsadingiz bir joyda to‘xtab turmaydi — u sizdan uzoqlashaveradi. Agar qaror qabul qilishni yana bir pas kechiktirsangiz u endi qo‘l yetib bo‘lmas joyga borib qoladi. 3. Ko‘pchilik «noto‘g‘ri» qaror qabul qilishdan xavfsiraydi.
Noto‘g‘ri qarorning o‘zi yo‘q narsa. Qaror qabul qilar ekansiz, siz muqobil variantlarning hammasidan voz kechasiz, shu sababli, boshqacha qaror qabul qilganingizda hayotingiz qanday bo‘lishini bilmaysiz. Misol: Dengiz yoqqa toqqa sayohatga otlanmoqchisiz. Siz toqqa borishni tanladingiz. Biroq tog‘da o‘n kun ham yomg‘ir yog‘di. Ko‘pchilik bu holatda: «noto‘g‘ri qaror qabul qilibman», deydi. Ular haqmi? Unchalik emas. Axir siz dengizda siz bilan nima bo‘lishini bilmaysiz-ku?! Balki u yerda ichog‘riq bo‘lib, to‘shakda yotib qolardingiz... Agar tog‘da o‘zingiz bir umr kutgan insonni uchratib qolsangiz siz darhol qaroringizning «to‘g‘ri» yoki «noto‘g‘ri»ligi borasidagi nuqtai nazaringizni o‘zgartirasiz. Haqiqat shundan iboratki, boshqacha qaror qabul qilganingizda hayotingiz qanday bo‘lishini hech qachon bila olmaysiz! Yaxshilab o‘ylab qaralsa, har qanday qaror yo‘q qarordan ko‘ra yaxshiroq. 4. Ko‘pchilikning fikricha, qarorlar osongina va og‘riqsiz qabul qilinadi.
O‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan qaror idealdek tuyiladi. Shu sababli insonlar ko‘pincha boshqa qarorlar o‘zining jilvasini yo‘qotib, yakkayu-yagona qaror qoladigan vaziyatni kutib yashashadi. Biroq, ular shuni hisobga olishmaydiki, bu holatda gap allaqachon qaror ustida bormayapti. Shunchaki, ular uchun o‘zga yo‘l qolmaydi. Siz qachonki ikki muqobil qarorni baholay olsangizgina qaror kuchga kiradi. Siz rad etgan qaroringizni qanchalik yuqori baholay olsangiz, qabul qilgan qaroringiz shunchalik qadrga ega bo‘laveradi. O‘zingizni yanada hurmat qilishni istasangiz, tezda qaror qabul qilishni o‘rganing. «Jur’at mushagingiz»ni shug‘ullantiring.

QAROR QABUL QILISHDA O‘Z TAQDIRIMIZNI B?LGILAB OLAMIZ

Tasavvur qiling, kelajakda hayotingizda yangi inson paydo bo‘ladi. Unda uyingiz va mashinangiz kaliti bor. U uyingizda yashaydi va sizning stolingizda o‘tiradi. U sizning mashaqqatli mehnatingiz bilan topilgan qadrli narsalaringizdan foydalanadi. U sizning bankdagi hisob-raqamlaringizni tekshirib turadi, mehnatingiz samarasini nazorat qiladi. U sizning to‘shagingizda uxlaydi! Ko‘zguga qarang — siz u insonni ko‘rasiz. Ha, bu sizsiz! Siz o‘zingiz bugun qabul qilinayotgan qarorlar va bosilayotgan qadamlar vositasida bu insonni yaratdingiz. Bu inson qanday ko‘rinishga ega? U qanday yashaydi? U nima qiladi? Kimlar bilan do‘stona munosabatda bo‘ladi? U shod-xurram hayot kechira oladimi? Bu savollarning javobi bugun qabul qilayotgan qarorlaringizga bog‘liq. O‘ziga o‘zi past baho beruvchi insonlar tavakkal qilishdan qochib, o‘zini himoyalamoqchi bo‘lishadi. Shu sababli, ko‘pchilik aslida o‘ziga yoqmagan narsaga yopishib oladi. Biroq, hech qanday lazzat tuymasdan butun umrni yashab qo‘yish eng katta xavf emasmi? Shu sababli bir ishbilarmon shunday degan edi: «Tavakkal qilinglar. Osmonda emas, Yerdasiz. Yig‘ilib tushmaysiz». Qaror qabul qilar ekan, g‘oliblar nima istayotganini dastak qilib olishadi. Ular qarorni tezda va uzoq muddatga qabul qilishadi. Biroq aksariyat insonlar qaror qabul qilishda imillashadi, uni dam-badam o‘zgartirib turishadi. G‘oliblar juda tez qaror qabul qilishadi, chunki ular bilishadi: yomon qaror ham yo‘q qarordan ko‘ra yaxshiroqdir. Bundan tashqari, ular nima istayotganini yaxshi bilishadi. Qarorlarni tezda qabul qilish xususiyati o‘z-o‘zini qadrlash tushunchasiga asoslanadi. Agar o‘zingiz uchun nima qadrli va bebaho ekanini bilsangiz, qaror qabul qilishda qiynalmaysiz.

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men qaror qabul qilishdagi ko‘nikmalarimni takomillashtiraman. Buning uchun quyidagilarni bajarishni va’da qilaman:
1. Men tezda qaror qabul qilishni o‘rganaman. Men o‘zimda «jur’at mushagi» bor deb tasavvur qilaman va u qaror qabul qilganim sayin kuchayib boraveradi. Menyuni 15 daqiqa o‘rganib chiqib, bittagina taom buyuradigan insonlar bor. Qandaydir mazasiz taom tanovvul qilib qo‘yish xavfi paydo bo‘lsa-da, endi menga oshxonada nima yeb-ichishni tanlash uchun 30 soniya kifoya qiladi. Shu bugundan boshlab, mayda-chuyda qarorlar uchun 30 soniyadan ortiq vaqt sarflamayman.
2. Har qanday qarorni qabul qila turib, o‘zimga quyidagi savollarni beraman: «Oqibat nima bo‘ladi?» va «Men va atrofimdagilarga buning foydasi tegadimi?» Shu yo‘l bilan men o‘zimni o‘zim tushunishga harakat qilib boraman.
3. Men quyidagi savollarga yozma javob beraman: «5 yildan so‘ng kim bo‘laman?», «5 yildan so‘ng nima qilaman?», «5 yildan so‘ng mening nimalarim bo‘ladi?». Barcha qarorlarimni oldimga qo‘ygan maqsadlarim bilan solishtirib boraman. Shu yo‘l bilan maqsadim sari intilaman.
4. Agar oldimda murakkab tanlash turgan bo‘lsa va ancha vaqtdan buyon qaror qabul qilolmay yurgan bo‘lsam, turli varintlarni qog‘ozga tushiraman va tajribali insonlar bilan maslahatlashishga ehtiyoj bor-yo‘g‘ligini o‘ylab ko‘raman. Eng asosiysi — shu ish yuzasidan qaror qabul qilishning oxirgi muddatini belgilab olaman.