Menu

17-QONUN. OLDINGIZGA YUQORI MAQSADLAR QO‘YING

Amerikalik neft magnatlaridan biri o‘z shogirdi bilan suhbatlasha turib, unga ulkan va keng qamrovli maqsad va rejalarni chizib beribdi. Shogird ustozi yozayotgan raqamlarga ishonqiramay nazar tashlar, biroq ustoz ishga kirishgancha kelajakning yangidan yangi, yanada diltortar manzaralarini yaratish bilan band edi. Albatta, bu maqsadlar shogirdga juda ham yoqayotgan edi, biroq u ularni sira o‘ziga ep ko‘rolmayotgandi. Rejalar unga o‘ta noreal tuyular, ularga yetishish mumkinligiga ishonish-ishonmasligini bilmasdi. O‘z shubhalarini milliarder ustozi bilan o‘rtoqlashganda u shunday debdi: “Men oldimga yuqori maqsadlar qo‘yganim uchun shuncha boylikka erishganman. To‘g‘risini aytganda, bu maqsad va rejalar menga ham o‘ta qamrovli va noreal ko‘ringandi. Lekin men ularga yetishdim”. U shogirdini boqqa taklif qilibdi va unga bog‘ning bir burchida o‘sib yotgan ulkan qovoqlarni ko‘rsatibdi. Qovoqlarning barchasi bir-birig juda o‘xshash bo‘lib, ulardan faqat bittasi boshqalaridan butunlay farq qilardi. Shisha ichida o‘sgani uchun u boshqalariga nisbatan kichikroq va beo‘xshov edi. “Ko‘pgina insonlarning kulfati shundan iboratki, — debdi milliarder, — ular avvaldan o‘rtamiyona natijaga moslashib olishadi. Bizning taraqqiyotimiz oldimizga qo‘yilgan maqsadlar bilan aniqlanadi. Biz maqsadlarimiz ichiga xuddi boyagi qovoqdek kirib olamiz. Afsuski, aksariyat insonlar mayda-chuyda maqsadlar bilan chegaralanib qolishadi va o‘sishdan to‘xtashadi. Agar sen 1 dollar ishlab topishni orzu qilsang, hayot ham seni 1 dollar bilan mukofotlaydi. Umr uni shunchaki yashab o‘tish uchun juda qisqalik qiladi!

* * *

Bizga maqsad qanday qo‘yilishini o‘rgatishning hojati yo‘q. Maqsad qo‘yish haqida ko‘plab kitoblar bor, biroq, aslida ularga ehtiyoj yo‘q. Biz maqsadni qanday qo‘yishni o‘zimiz bilamiz. Unda biz ega bo‘lgan narsalar qayerdan paydo bo‘lgan? Erishilgan maqsadimizga kvartiramiz, hovlimiz yoki boshqarib yurgan mashinamiz misol bo‘la oladi. Avvaliga siz nima istayoganingizni bilgansiz, keyin esa shunga ega bo‘lish uchun imkoniyat topgansiz. Hammasi juda oddiy! Agar xohish juda kuchli bo‘lsa uni ro‘yobga chiqarish uchun yo‘l doim topiladi. Insonlarda har doim ham istagan narsasi bo‘lmasligiga asosiy sabab —ular kattaroq narsani orzu qilib, yetishish o‘rniga doim erishish mumkin bo‘lgan chegaradagi narsalarga intilishadi. Jonatan Svift bu fikrni shunday ifodalagan: “Hech narsani kutmayotgan insongina xotirjam, chunki uning hafsalasi pir bo‘lmaydi”. Bizning kutayotganlarimiz va ularning asosida paydo bo‘ladigan maqsadlar hayotda biz ega bo‘ladigan narsalarni oydinlashtirib beradi. Agar biz nimanidir istasak va shu yo‘nalishda tinim bilmay ishlasak, orzu qilganlarimizning barchasiga erishamiz. Asosiysi — maqsadimiz kichkina bo‘lmasligi kerak. Maqsad bir qarashda yetishib bo‘lmaydigan ko‘ringani uchun uni qaytarib tashlamaslik kerak. Ulg‘aya borar ekanmiz, biz bir narsa — hali qilishga ulgurmagan narsalarimiz haqida o‘ylay boshlaymiz. O‘ylab ko‘ring-a, kuni kelib ortga nazar tashlab o‘z-o‘zimizga: “Agar oldimga yuqori maqsadlar qo‘yganimda hayotim qanday bo‘lar edi?” deya savol berish nihoyatda yoqimsiz.

NOANIQ ISTAKLAR — BU HALI MAQSAD EMAS

Agar daromadlaringiz oshishini istasangiz, bu istak siz uchun mutlaq muhim bo‘lishi kerak. O‘zingizni istaklaringizga shu darajada moslashtirishingiz kerakki, agar shu maqsadga yetisha olmasangiz, qalbingizda jarohat qolsin. Siz oldiga “yomon bo‘lmasdi”, deya ulkan maqsadni qo‘yib, keyin unga yetishgan insonni hech qachon topa olmaysiz. Hayotda ma’lum bir darajaga erishgan insonlar “real” maqsadlarni ko‘zlashmaydi. Ular o‘z xatti-harakatlari bilan reallikni o‘zgartirib yuborishadi. Foliblar esa o‘z xayollarida orzulari bilan shu qadar birlashib ketishganki, mavjud vaziyat ularni endi qoniqtirmaydi va bunday hayotga ko‘nmaydilar.

MAQSADLARNING USTUNLIK TOMONLARI

Siz biror marta ming bo‘lakdan iborat parchalardan surat yiqqanmisiz? Agar yiqqan bo‘lsangiz, surat to‘g‘ri yig‘ilishi uchun ko‘z o‘ngingizda namuna turishi naqadar muhimligini aniq bilasiz.
Hayot surati yanada kengroq, uni yig‘ish ham mushkulroq. Ko‘plab kitoblar, jurnallar, maslahatchilar, seminarlar, internet-saytlar, shart-sharoitlar bor... Keraklisini tanlash uchun avval “namuna”ga — aniq maqsadga ega bo‘lish kerak. Avvaliga biz bu maqsadlarga yetishishimiz muhim emas. (Sizga bu hol yuqorida bayon etilganlarga zid ko‘rinishi mumkin, biroq keyingi satrlarni o‘qiy turib, bu ziddiyat shunchaki ekanligiga amin bo‘lasiz). Maqsadga erishar ekanmiz, bu yo‘lingizdagi oddiy bir oraliqdagi bekat ekanligini ko‘rasiz. Biz u yoki bu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun yashamaymiz. Maqsadlar hayotda osonroq harakatlanishimiz uchun xizmat qilishadi. Shu sababli maqsadlarning quyidagi ustunligi bor:
1. Ular bizga yo‘nalishimizni vaqti-vaqti bilan solishtirib turadigan mo‘ljal beradi. Aks holda qaysi yo‘nalishda harakatlanishni bilmas edik.
2. Ular bizning olg‘a harakatlanishimizga ma’no-mantiq baxsh etadi, chunki biz yo‘limizda uchraydigan imkoniyatlarning ma’nosini tushunsakkina ulardan foydalana olamiz.
3. Ular bizning harakatlanishimizga sabab va rag‘bat yaratadi.

BUYUK MAQSADLARNING MA’NISI NIMADA?

Buyuk maqsadlarning yana boshqa afzalliklari ham bor. Agar siz sifatli sakrashni amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, oldingizga haqiqatdan ham ulkan vazifa va maqsadlar qo‘yishingiz kerak. Gap hashamatli uy, qimmatbaho avtomobil, dabdaba va shinamlik yoki pul haqida ketmayapti. Hamma gap sizning shaxsiyatingiz va uning bu jarayonda nechog‘lik rivojlanishida. Biz bu buyuk maqsadga erishish-erishmasligimiz muhim emas. Asosiysi — bunga shijoat bilan kirishishimizda. Axir biz nimanidir o‘rganamiz, o‘samiz, o‘zimizda yangi qirralarni paydo qilamiz. Buyuk maqsadning haqiqiy ahamiyati unga erishish yo‘lida bizning rivojlanishimizdadir. Ba’zi insonlar oldilariga hayotda yetishib bo‘lmaydigan maqsadlarni qo‘yishadi. Ular yarimta intilish maqsadga yetkazmasligini bilishadi va bir yuz o‘n foizga harakat qilishadi. Faqat shunday yo‘l bilan o‘sish va rivojlanish mumkin. Hayotdan eng yaxshi narsalarni talab qilib, eng yaxshi shaxsga aylanish mumkin. Oldimizga yuqori maqsadlar qo‘yib, yo‘limizda uchraydigan mayda-chuyda narsalarga chalg‘imaymiz. Agar yuqori maqsadlarimizdan ba’zi birlariga erishilmay qolinsa ham, bizning yutug‘imiz baribir yuqori sanaladi. Agar siz yulduzlarga intilsangiz, bu hali ularga yetib borasiz degani emas, biroq nima bo‘lganda ham daraxtlardan balandroq chiqa olasiz. Maqsadga eltuvchi yo‘l zamirida shu qadar yangi narsalar yashirinki, u shu qadar ilmga boy va jozibaliki, shularning o‘ziyoq sizga katta mukofot bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, maqsad sari yo‘lning o‘zi ham maqsaddir. Bu har qanday maqsadga yetishib bo‘lmaslikning sabablaridan biri hamdir. Biroq, maqsad qaysi yo‘ldan yurish kerakligini oydinlashtiradi. Maqsadimiz qanchalik yuqori bo‘lsa, yo‘l ham shunchalik qiziqarli bo‘lib, o‘zimiz ham shaxs sifatida o‘sa boramiz.

QISQA VA UZOQ MUDDATLI MAQSADLAR FARQI

Maqsadni qo‘yish masalalari bilan jiddiy shug‘ullanib, siz albatta ba’zi bir ziddiyatlarga duch kelasiz. Ba’zi joyda maqsad mutlaq zaruriyat bo‘lishi kerak, ba’zi joyda esa unga erishish ahamiyatsiz deyilmoqda. Siz oldingizga goh maksimal yuqori maqsadlar qo‘yishingiz kerak bo‘lyapti, goh real yetishish mumkin bo‘lgan natijalarni rejalashtirishingiz lozim. Bu ziddiyat aldamchidir. Garchi bir-birini to‘ldirib tursa-da, qisqa va uzoq muddatli maqsadlar o‘z mohiyati bilan farqlidir. Ularning orasida ikki juz’iy farq bor. Birinchidan, bu maqsadning qo‘yilish usuli, ikkinchidan, unga yetishishning muhimligi.

MAQSADNING QO‘YILISHI

Umumiy hayotiy maqsadlarni oldimizga qo‘yayotganda biz cheklov tayog‘ini maksimal darajada balandroq o‘rnatishimiz kerak bo‘lsa, qisqa muddatli maqsadlarni rejalashtirishda o‘z imkoniyatlarimizni keragidan ortiq baholamasligimiz lozim. Hayotda ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishishimiz uchun biz avvalo o‘zimiz o‘zgarishimiz shart. Buning uchun juda ko‘p vaqt talab etiladi, gohida siz kutganingizdan ham ko‘proq. Ko‘pgina insonlar bir yildan so‘ng yetishishi mumkin bo‘lgan natijalarni oshirib, o‘n yildan so‘nggi natijalarini esa kamaytirib ko‘rsatishga moyil bo‘lishadi. Agar biz qisqa muddatli maqsadlarimizni amalga oshira olmasak, osongina tushkunlikka tushamiz. Bundan tashqari, bu o‘zimizga ishonch va keyingi faoliyatimizga rag‘batni so‘ndiradi. Shu sababli, qisqa muddatli maqsadlar har qanday sharoitda yetishish mumkin bo‘lgan tarzda rejalashtirilishi lozim. Masalan, kelgusi yil uchun firma ko‘rsatkichlarining o‘sishini joriy yilda erishilganining yigirma foizidan ortiq bo‘lmagan tarzda rejalashtirish kerak. Yana bir marta eslataman: uzoq muddatli maqsadlar maksimum darajada qo‘yilishi kerak, chunki u hayotning har bir kunida paydo bo‘lgan vaziyatlardan qanchalik oqilona foydalanishimizni belgilab beradi. Maqsad nechog‘lik yuqori bo‘lsa, unga yetishish uchun shu qadar ko‘proq imkoniyatlarni aniqlaymiz va ulardan foydalanamiz. Uzoq muddatli maqsadlar hayotimizni o‘zgartirish uchun qanchalik o‘sayotganimiz, kuchimiz yetadigan hamma narsani haqiqatdan ham qilayotganimizni namoyish etadi.

AMALGA OSHIRISH

O‘z-o‘zidan tushunarliki, muhim qisqa muddatli maqsadlarni amalga oshirish uchun bor kuch bilan harakatlanish kerak. Kelajakda bu kattaroq maqsadlar qo‘yilishiga zamin yaratadi. Agar siz qisqa muddatli maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz, uzoq muddatlilarini amalga oshirishga ishonch va qobiliyat yo‘qoladi. Qisqa muddatli maqsadlarda o‘z-o‘zingizga ishonch tarbiyalanadi. Erishilgan maqsadlar hayotni boyitadi, biroq eng asosiysi — ular sizning o‘zingizni o‘zgartiradi. Maqsadlarga erishish sharofati bilan siz o‘z-o‘zingizga ishonch spiraliga tushib qolasiz. Muvaffaqiyatsizlik esa ishonchsizlik spiraliga tushiradi, bu holda kundan kunga sizning o‘zingizga nisbatan ishonchingiz so‘nadi va oqibatda harakatlanishdan to‘xtaysiz.

MAQSADLARNING UCH TOIFASI

G'oliblar qisqa muddatli maqsadlarga erishish nechog‘lik muhim ekanligini bilishadi. Biroq, bunga hech kim 100 foizga erisha olmasligini bilishgani uchun ular barcha maqsadlarni uch guruh — A, B, V ga bo‘lishadi.

— V turdagi maqsadlar. Ularning amalga oshishiga erishish muhim emas. Siz ularni qandaydir qiziqish baxsh etib turganga qadar ushlab tursangiz yetarli.
— B turdagi maqsadlar. Ular rejalashtiriladi, biroq mutlaq majburiy emas. Bunday maqsadlardan mo‘ljal sifatida foydalaniladi.
— A turdagi maqsadlar. Bunday maqsadlarga albatta erishish kerak. Aks holda sizning shaxsiyatingiz va o‘z-o‘zingizga ishonchingiz jarohatlanadi. Har qanday maqsadingizni mos harf bilan belgilab olishni qoidaga aylantiring. Bunday yondashishning afzalligi shundan iboratki, agar siz ma’lum bir maqsadlarga erisha olmasangiz ham, o‘zingizga ishonchingizga putur yetmaydi.

A turdagi maqsadlar u qadar ko‘p emas, shu sababli har qanday sharoitda ularga erishish kerak. Bunday usul o‘z-o‘ziga ishonchni saqlab qolishga xizmat qiladi. Siz haqli ravishda “Shu vaqtgacha oldimga qo‘ygan maqsadlarimga erishib kelganman, bundan buyon ham shunday bo‘ladi”, deya olasiz.
A turdagi maqsadlar amalga oshiriladigan bo‘lishi kerak, biroq ba’zan shug‘ullanish maqsadida ko‘proq mehnat talab etiladigan qisqa muddatli maqsadni shu harf bilan belgilab olish mumkin. Bu maqsad salgina imkoniyatlarimiz chegarasidan tashqarida bo‘lishi kerak.
A turdagi uzoq muddatli maqsadlar hayotimizda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ular juda ko‘p bo‘lmasligi, biroq ular orasida mutlaqo yetib bo‘lmaydiganlari ham bo‘lishi kerak. Ular nechog‘lik real, kabi savollar bilan o‘zingizni qiynay ko‘rmang. Undan ko‘ra, ularga erishgandan so‘ng sizning realligingiz qanday ko‘rinish olishi haqida o‘ylang. Che Gevara kunlarning birida shunday degan: “Kelinglar, realist bo‘laylik va imkoni yo‘q narsani amalga oshiraylik!”

AMALIY MASHQLAR:

Bugundan boshlab men o‘z manfaatlarim yo‘lida maqsadlar kuchidan foydalanaman. Buning uchun quyidagilarni amalga oshiraman:
1. O‘zimning barcha uzoq muddatli maqsadlarimni qaytadan ko‘rib chiqaman, chegara tayog‘ini oshirish mumkinligi haqida bosh qotiraman. Uzoq muddatli maqsadlardek hech narsa hayotimga muhim ta’sir qilmaydi. Maqsad qanchalik yuqori bo‘lsa, hayotim shunchalik qiziq va boy bo‘ladi.
2. Buyuk maqsadlarning qadriga yetmaydigan insonlarga qayta dars berib o‘tirmayman. Bu yo‘lda faqat vaqtim zoye ketishi mumkin. Yaxshisi, menga bu yo‘lda yordam berishi mumkin bo‘lgan insonlar xizmatidan foydalanaman.
3. Maqsadlarim quruq xayol bo‘lib qolmasligi uchun men orzular albomi tutaman va unga jurnallardan orzularimni ifoda etuvchi turli fotosuratlarni yig‘ib boraman. Bu albomni varaqlab, ularni amalga oshirish zaruriyati haqida o‘ylayman.
4. Men barcha qisqa muddatli maqsadlarimni A, B va V toifalarga bo‘lib olaman. A toifadagi qisqa muddatli maqsadlar albatta amalga oshishi kerak. Shu sababli men bu toifaga faqat bor shijoatimni sarflab, amalga oshira oladigan maqsadlarimni kiritaman. Shu yo‘l bilan o‘zimga ishonchimni orttiraman, bu esa kelgusi maqsadlarimni amalga oshirishda asqotadi.
5. Men o‘zimga quloq tutaman va shunday savol beraman: «Men amalga oshirish uchun hatto umrim ham yetmasligi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli maqsadni o‘z oldimga qo‘yishga tayyormanmi?»