Menu

18-QONUN. INSONLARGA MUHTOJ BO‘LGAN NARSASINI BERING

Quyosh va shamol kim zo‘rligi haqida bahslashib qolishibdi va ko‘chada o‘tib borayotgan insonni kim birinchi yechintirish xususida garov boylashibdi. Shamol bor kuchini to‘plab insonga hujum qilibdi, biroq u qanchalik kuchli essa boyagi odam shunchalik po‘stiniga mustahkam o‘ralib olibdi. Holdan toygan shamol tan berganidan so‘ng, Quyosh o‘zining nurlari bilan boyagi odamni isintiribdi. U tezda qizib ketibdi va paltosini yechibdi.

* * *

Agar biz insonlarni tushunishga harakat qilsak, ularga mehribonlik bilan muomala qilsak kattaroq natijalarga erishamiz. Bunday muomala atrofdagilarga nisbatan samimiy va yoqimli tilaklarga yo‘g‘rilgan bo‘lishi kerak. Bunday munosabatlarni uzundan-uzun iboralar bilan ta’riflab o‘tirmasdan, oddiygina qilib «mehr» deb atay qolamiz.

MEHR

Mehr — bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan tuyg‘u emas. Bu so‘zning shu qadar siyqasi chiqqanki, ba’zilar uni tilga olishdan ham or qilishadi. Agar insonlar ko‘proq nimaga muhtoj, degan savol ko‘ndalang qo‘yilsa, mehr-muhabbat degan javob ko‘proq to‘g‘ri keladi. Mehr — atrofimizdagilar bilan munosabatlarimizni soddalashtirishda beqiyosdir. U orqali barcha muammolarni hal etish mumkin.
Mehr — bu Koinotdagi eng kuchli va eng dono hukmronlikdir. Atrofimizdagilarga qanchalik ko‘p mehr ko‘rsatsak, shunchalik tezroq maqsadlarimizga erishamiz va energiyamiz ortadi. Agar sizga maqsadga erishishning ikki yo‘lini taklif etishsa, ularning biri katta ikkinchisi kamroq qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lsa, siz albatta ikkinchi variantni tanlaysiz. Mehr yo‘lda qiyinchiliklar paydo qilmaydi, shu sababli maqsad sari tezroq yetaklaydi. Qolgan barcha usullar energiyaning ortiqcha sarflanishiga sabab bo‘ladi. Iqtisodiy nuqtai nazardan inson doim mehr foydasiga qaror qabul qilishi kerak.
Mehr — bu beqiyos kuch demakdir. Biroq, amalda insonlar ko‘pincha mojaroli yo‘lni tanlashadi. Kurash — tezroq ko‘zlangan maqsadga yetishtiradi, deb o‘ylamiz. Kurash orqali maqsadga erishish samaraliroq ko‘rinadi, o‘zimizga esa kuchliroq ko‘rinamiz. Biroq muammoni mojaro bilan hal etish qisqa muddatli samara ko‘rsatadi. Istiqbolda albatta yangi muammo paydo bo‘ladi. Mehrdan oddiy va samarali narsa yo‘q — axir bir tomchi asal bir chelak zardobdan ko‘ra ko‘proq asalarini o‘ziga chorlaydi-ku?!

AMALIYOTDA QO‘LLANILISHI

O‘z bemorlariga mehribon vrach ko‘proq ishonch qozonadi va shu sababli samaraliroq davolaydi. Xuddi shu sifatlar sotuvchiga ko‘proq mahsulot sotishida asqotadi. Jamoa rahbarining qo‘li ostidagilarni tushunishi yanada kattaroq zafarlarga yetaklaydi. Farzandlariga mehribon ota-ona unga eng yaxshi tarbiyani berishadi. Mehr va tushunish orqali hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishga chog‘langan insonlar o‘rtasida uzoq muddatli ishonch shakllanadi. Ko‘pgina insonlar atrofdagilarga mehrli munosabatda bo‘lishni istashadi, biroq buning yo‘lini bilishmaydi. Sizga quyidagi Oltin qoida tanish chiqar: «Insonlarga o‘zing ulardan qanday muomalani kutsang, shunday muomala qil». Bu qadrli qonunni puxta o‘zlashtirish juda foydali. Biroq uning teskari tomoni ham bor. Insonlar turlicha bo‘lishadi. Ularning istaklari va ehtiyojlari biznikiga mos kelmasligi mumkin. Biz o‘zimizning qadriyatlarimiz tizimini muomala asosi sifatida olishimiz noto‘g‘ri. Shuning uchun bizning 18-raqamli qonunimiz «Insonlarga muhtoj bo‘lgan narsasini bering», deb ataladi. Biz insonlarga o‘zlari istagandek muomalada bo‘lishimiz kerak. Biz ularning hissyotlari bilan o‘ynashishga haqli emasmiz, shu sababli ularni sidqidildan tushunishni o‘rganishimiz kerak. Bu insonlarni sinchkovlik bilan kuzatib, ularni o‘rganish kerakligini bildiradi. Har qanday inson o‘z istaklari va ehtiyojlari haqida signal beradi. Ushbu signallarni payqash va uni to‘g‘ri tushunish haqiqiy san’at hisoblanadi. Shundagina biz o‘zimizga emas, ularga yoqqandek muomalada bo‘la olamiz. Bunday o‘zaro munosabatlarda mojarolarga o‘rin yo‘q. Keling, o‘zga inson bilan munosabatlarni bank hisob raqami sifatida olaylik. Agar hisob raqam bo‘sh bo‘lsa va shu vaqt nimadir xarid qilish kerak bo‘lsa, muammo paydo bo‘ladi. Agar hisob raqamda yetarli miqdordagi summa bo‘lsa, har qanday kutilmagan vaziyat ham tinchingiz buzolmaydi. Shu sababli o‘zga inson bilan o‘zaro munosabalaringiz hisob raqamiga doim yangidan yangi rag‘batlar tushib tursin. Ularni qanchalik ko‘p to‘plasangiz, u inson bilan o‘zaro munosabatlaringiz shunchalik garmonik bo‘ladi.

YIGIRMA TO‘RT OLTIN QOIDA

Quyida keltirilayotgan qoidalar sizga insonlarga muhtoj bo‘lgan narsasini berishingizda asqotadi. Ularga amal qiling — shunda sizning o‘zaro munosabalar hisob raqamingiz doim to‘la bo‘ladi.
1. Vaziyat tug‘ildi deguncha insonlarni qo‘llab quvvatlang. Ularning eng arzimas yutuqlarini ham maqtang. Maqtov quyosh nuriga o‘xshaydi. Usiz inson o‘solmaydi. Maqtov hech qachon me’yoridan ortiq bo‘lmagan.
2. Insonlarga doim o‘zining yuzini saqlab qolishga imkon bering. Hech qachon ularni mazax qilmang va kamsitmang. O‘zgalarning xatosiga katta e’tibor berib o‘tirmang.
3. Orqavarotdan insonlar haqida faqt yaxshi so‘z ayting. U insonda biror yaxshi xususiyat topa olmasangiz, yaxshisi sukut saqlang.
4. Insonlarni diqqat bilan kuzating. Bu holda siz ularning yaxshi ishlariga guvoh bo‘lasiz va maqtovingiz tilyog‘lamalik emas, asosli bo‘ladi.
5. Insonlarning ezgu harakatlari va ijobiy hissiyotlari bilan hisoblashing. Axir intizomli va halol inson bo‘lib ko‘rinish kimga yoqmaydi deysiz? Agar siz inson yaxshi tomnga o‘zgarishini istasangiz, u yaxshi sifatlarga ega ekandek muomalada bo‘ling. Bu holda u sizning ko‘nglingizni qoldirmaslikka jon jahdi bilan kirishadi.
6. Insonlarni iloji boricha kamroq tanqid qiling. Tanqid insonning o‘ziga emas, uning xatti-harakatlariga qaratilgan bo‘lishi kerak. Doim unga yaxshi munosabatda ekanligingiz, yordam berishga tayyorligingizni namoyish qilib turing. Hech qachon yozma ravishda tanqid qilmang!
7. Insonga o‘zining kerakli ekanligini his etish uchun imkoniyat bering. O‘zingizning kuchli tomonlaringizni bo‘rttirish o‘rniga, o‘z ojizliklaringizni ham tan oling. Agar siz dushmanlar orttirishni istasangiz, insonlarga zo‘rligingizni namoyish qiling. Agar do‘st orttirish ilinjida bo‘lsangiz, ularni o‘zingizdan ustunroq biling.
8. Agar xato qilsangiz — uzr so‘rang. Agar kimningdir tanbehini kutayotgan bo‘lsangiz, undan ilgariroq harakat qilib o‘z xatongizni tan oling.
9. Buyruq bermang — taklif qiling. Shunday yo‘l bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, qarshilikka rag‘bat so‘ndiriladi.
10. Boshqalarga yoqmaydigan, ularni g‘ijintirishi mumkin bo‘lgan narsalarga ehtiyot bo‘ling. Bezovta inson ko‘pincha yordam va e’tibor xususida signal beradi. Unga hamdard bo‘ling. Inson e’tiborga muhtoj.
11. Kamroq gapiring. Boshqalarga so‘zlash uchun imkoniyat bering, yaxshi eshituvchi bo‘ling.
12. Foya unga tegishli ekanligiga insonni ishontiring. Agar g‘oya chindan ham yaxshi bo‘lsa, uni kim birinchi bo‘lib aytgani muhim emas. Har qanday inson o‘zi tushungandek harakat qilayotganini his qilishni istaydi. Dengiz har qanday daryodan afzal — chunki u quyida joylashgan.
13. Sizga nohaqdek ko‘rinsa ham, gapirayotgan insonning so‘zini bo‘lmang. Ular biribir gapini tugallamaguncha sizni eshitishmaydi.
14. Hamma narsani o‘zga inson nuqtai nazaridan baholashga urinib ko‘ring. Bunday holatlarda hindular shunday deyishadi: “O‘zganing poyabzalida bir chaqirim yo‘l yurib ko‘r”. Uning xatti-harakatlarini nima bilan tushuntirish mumkinligini tahlil qilib boring. Hamma narsani tushunish — hamma narsani kechirish, demak.
15. Hech qachon haqligingizni isbotlashga urinmang. Agar aqlliroq bo‘lsangiz ham buni namoyish etmang. «Balkim adashayotganligingiz»ni ko‘rsating. Bu har qanday bahsni asossiz qilib qo‘yadi.
16. Garchi jo‘yali sabab bo‘lmasa ham, tez-tez sovg‘a qilib turing. Insonlarga shodlik ulashish uchun ijodiy yondoshing. Sovg‘alaringiz qanchalik rang-barang bo‘lsa, inson shunchalik u haqida o‘ylayotganingizga ishonchi komil bo‘ladi.
17. Agar sizga e’tiroz bilirishsa, hissyotlaringizni jilovlang. Avval u insonni eshiting. Uning gaplaridan sizniki bilan bir xil joylarni toping. O‘z-o‘zingizga tanqidchan bo‘ling. Hamsuhbatingizga u aytgan gaplar haqida o‘ylab ko‘rishni aytib, tashakkur bildiring.
18. Insonlarga samimiy qiziqish bildiring. Insonlarda qiziqish uyg‘otish o‘rniga ularga qiziqish shioringiz bo‘lsin. Ularga yordam berishga tayyor ekanligingizni namoyish qiling.
19. Jilmaying. Hozir jilmayishni ham istamayotgan insonchalik hech kim sizning jilmayishingizga muhtoj emas.
20. Insonga ismini to‘liq aytib murojaat qiling. Bu unga nisbatan hurmat belgisidir. Har qanday inson qisqartirilgan ismi va eng yomoni — laqabidan ko‘ra ismini to‘liq eshitishni istaydi.
21. Dunyoga o‘zga insonning ko‘zi bilan nazar solishni o‘rganing. O‘zingizdan tez-tez “U nimaga ehtiyoj sezyapti? Unga qanday yordam berishim mumkin”, deya savol berib turing.
22. Siz bilan suhbatdan so‘ng (jumladan, telefon orqali), insonning kayfiyati, o‘ziga, so‘ng sizning korxonangizga, nihoyat, sizning shaxsingizga nisbatan munosabati yaxshi tomonga o‘zgarsin.
23. Kechirishni biling. Kek saqlamang.
24. Atrofdagilarga xushomad qilishga erinmang.
Albatta, bu qoidalarning hammasini birvarakayiga o‘zlashtirish qiyin. Bularning barchasiga amal qiluvchi inson topilmasa ham kerak. Birok, bu idealga intilish bema’nilik emas. Yigirma to‘rt qoidaga amal qilish muloqot qilayotgan insonlaringizning barchasiga mehribon bo‘lishni nazarda tutmaydi. Bu qoidalar asosida insonlarga chidam doirasidagi munosabat yotadi. Insonga qanchalik ko‘p qiziqish bildirsak, u haqda qanchalik ko‘p qayg‘ursak, chidamimiz shunchalik mustahkamlanaveradi. Ba’zi insonlar ushbu qoidalardan o‘z maqsadlari yo‘lidagina foydalanishadi. Bunday yondashish biz ko‘rib chiqayotgan qonun ruhiga sira mos emas. Maqsadimiz — chiroyliroq ko‘rinishi uchun uyning fasadini bo‘yab qo‘yish emas. Gul so‘lib qolgach yaxshiroq ko‘rinishi uchun uni cho‘tka bilan bo‘yashmaydi-ku!? Shuning uchun unga oziq va suv berish kerak. Yigirma to‘rt qoida atrofingizdagilarga muhtoj bo‘lgan narsasini berishda asqotadi.

ATROFDAGI OLAM SIZ VA BIZDEK

Agar biz mudom atrofimizdagilardan norozi bo‘lib, bizni faqat yaramas insonlar o‘rab olgandek seza boshlasak, gap ularda emas, o‘zimizda bo‘ladi. Ob’ektiv reallik mavjud emas. Olam biz qanday sezayotgan bo‘lsak shunday. Inson haqida yuragimizning tub-tubida nima o‘ylasak, unda shuni ko‘ramiz.
Insonlarga chidam va mehr bilan munosabatda bo‘lishga yordam beruvchi uch yo‘l bor:
- Birinchidan, o‘zimizni aniqlashtirib olishimiz kerak. Faqat o‘zimizni seva turib boshqalarni ham sevishimiz mumkin;
- Ikkinchidan, biz atrofimizdagilarni sinchiklab tahlil qilishimiz kerak. Gulni qismlarga bo‘lib biz uning go‘zalligini yo‘qqa chiqaramiz.
- Uchinchidan, insonlarning eng yaxshi sifatlariga diqqatimizni jamlashimiz kerak. Ko‘pchilik insonlar yaqinlari haqida huzur bilan g‘iybat qilishadi va ko‘pincha ularga yetarli baho berisholmaydi. Lekin bu bilan o‘z-o‘zingizga zarar yetkazasiz. Atrofdagilar haqida sovuq fikrda bo‘lar ekansiz, siz faqat ularning xatolari va ojiz taraflarini ko‘rishga o‘rganib qolasiz. Natijada butun olam sizga xatolarga va adolatsizliklarga to‘la bo‘lib ko‘rinadi. Agar biz atrofimizda ijobiy qirralarni qidirsak, olam bizga munavvar bo‘lib ko‘rina boshlaydi. Shunday qadimiy ibora bor: “Insonda nimani ko‘rsang — o‘zing ham shunga aylanasan. Nurni ko‘rsang — nurga, balchiqni ko‘rsang — balchiqqa”.

SIZNI HAQORAT QILISHSA-CHI?

Qarib qolgan qo‘l kurashi ustasi boshqa jang qilmaslikka qaror qilibdi. Shunda yosh jangchi uni kurashga chorlab qolibdi. Qari usta joyidan qimirlamabdi. Shunda norg‘ul jangchi uning jon-joyidan ushlabdi. U ustaning o‘zini va ajdod-avlodlarini haqorat qilibdi. Usta hammasiga chidabdi. Nihoyat yosh jangchi niyatiga yetolmay, ketibdi. Shogirdlari hayron bo‘lgancha ustozlaridan «nega indamadingiz?» deb so‘rashibdi. Lekin usta savolga savol bilan javob beribdi:
— Agar kimdir sizga sovg‘a bermoqchi bo‘lsa-yu, siz uni olmasangiz, sovg‘a kimniki bo‘ladi?
— Albatta, sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan odamniki-da! — deyishibdi shogirdlar.
— Haqorat, zalolat, hasad ham xuddi shunday, — debdi ustoz. — Agar siz uni qabul qilmasangiz, ular o‘sha insonda qoladi.
Faqatgina ikki tomon bir-biriga zarur narsalarni berishga tayyor bo‘lgandagina insonlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam va sermahsul bo‘lishi mumkin. Biroq, hamma vaqt ham insonlar bunga tayyor emas. Bundaylardan nariroq turgan ma’qul. Siz bilan ko‘rib chiqayotgan qonunimiz sizdan bema’ni qurbonlarni talab etmaydi. Biroq kurashsiz taslim bo‘lgandan ko‘ra, o‘sha inson bilan yana bir marta yaxshi munosabatlar o‘rnatishga urinib ko‘rgan ma’qul. Ora-sirada ba’zi insonlar o‘z oilasidagilarga nisbatan mutlaqo begona insonlarga katta hurmat va e’tibor bilan qarayotganini ko‘rish mumkin. Keling, unutmaylik: biz insonlarga muhtoj bo‘lgan narsasini berishimiz kerak. Albatta, birinchi navbatda biz sevgan insonlarga.

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men insonlarga muhtoj bo‘lgan narsasini berish bo‘yicha qobiliyatimni mukammallashtirish ustida ish boshlayman. Buning uchun quyidagilarni bajaraman:
1. Mehr — hayotning eng oqilona va iqtisodli usuli ekanligini yodga olaman. Shuning uchun bugundan e’tiboran insonlarga muhtoj bo‘lgan narsasini berishga va’da beraman.
2. Hayotimda muhim o‘rin tutgan besh kishi bilan xususiy munosabatlar hisob-raqamim qay holatda ekanligini tekshirib ko‘raman va bu hisob raqamni qanday to‘ldirish ustida bosh qotiraman.
3. Bugundan e’tiboran hayotimda oltin qoidalardan foydalanaman. Bu qoidalar hayotiy odatlarimga aylanishi uchun ularga tez-tez ko‘zim tushib turishi kerak. Shu sababli ularni yozib olib, ko‘rinarli joyga ilib qo‘yaman yoki doim yonimda olib yuraman. Ularni muhim suhbatlar oldidan qayta o‘qib chiqaman.
4. Men turli insonlar haqidagi munosabatimni qisqacha yozma ravishda yozishni o‘rganaman. Oradan vaqt o‘tib, yozuvlarimni solishtirib turaman. Oltin qoidalarga muvofiq yashayotgan inson tezda o‘zida o‘zgarishlarni: juda ko‘pchilik insonlar uning e’tiborini qozonayotganini, yigirma to‘rt qoida esa odatga, ichki ehtiyojga aylanayotgani sezadi.
5. Agar mening sevimli insonim bo‘lsa, bugun unga birinchi uchrashuvdagidek e’tiborli, muloyim munosabatda bo‘laman.