Menu

6-QONUN. OLING VA QILING

1960-70-yillarda sport kiyimlari bozorida “Adidas” kompaniyasi tanho o‘zi hukmron edi. Istiqbolda birorta jiddiy raqobatchi ko‘zga tashlanmayotgan edi. Shu vaqt bir necha nafar yosh yigitlar sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi firmaga asos solishdi va gigant konsern bilan raqobatga kirishishga tayyorlanishdi. Ularning bu maqsadlarini oilasidagilar mutlaqo qo‘llab-quvvatlashmadi, chunki ular g‘alaba uchun birorta imkoniyat ko‘rishmayotgan edi. Shu sababli jasur o‘g‘lonlarni mazax qila boshlashdi. Firmani tashkil qilishning o‘ziyoq katta qiyinchiliklar bilan amalga oshirildi, o‘z yaqinlarining qarshiligi esa vazifani umuman bajarib bo‘lmas holatga tushirib qo‘ygandi. Kunlarning birida yigitlar yig‘ilib, ta’nayu malomatlarga qarshi qanday kurashish haqida bosh qotira boshlashdi. Ular uzoq bahslashishdi, biroq yagona to‘xtamga kela olishmadi. Shunda ulardan biri: “Bu yerda gapirayotgan gaplarimiz zarracha ahamiyatga ega emas. Shundoq olish va qilish kerak”, — dedi. Boshqalar u nimani nazarda tutayotganini tushunishdi. Boshqalar nima deyayotganiga quloq solmaslik kerak, o‘z ishingizni bajaring, xolos. O‘ylashni bas qiling, ishga kirishing. Bu so‘zlar yosh yigitlarni shunchalik ruhlantirib yuboribdiki, ular bu so‘zlarni firmaning shioriga aylantirishibdi. Ular “Ol va qil!” so‘zlari tushirilgan maykalar buyurtma berib, uni ishga kiya boshlashibdi. Siz qaysi firma haqida gap borayotganini allaqachon anglagan bo‘lsangiz kerak-a? Oradan bir necha yil o‘tgach “Nike” “Adidas”ni quvib o‘tdi va jahondagi eng yirik sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi firmaga aylandi. Biroq hozir ham firma xodimlari ishda “Ol va qil!” so‘zlari tushirilgan mayka kiyib yurishadi.

* * *

Dunyoda harakat qilishni bilmagani uchun o‘z imkoniyatlari darajasidan past ishlab va yashab yurgan yoki qanday ishlashni “biladigan”, lekin bunga hech qanday ahamiyat bermay yurgan insonlar juda ko‘p. Suqrot o‘z vaqtida shunday omilni qayd etgan: “Qo‘lidan yanada ko‘proq ish keladigan insonni dangasa deb atagan bo‘lardim”. Bilim — bu shunchaki potensial, xolos. Uni qanday ishlatishni biladigan insonning qo‘lidagina u haqiqiy kuchga ega bo‘ladi. G‘oliblarning eng katta iqtidori shundan iboratki, ular o‘z harakatlari uchun yo‘nalish topa olishga qodir. Ko‘pchilik insonlar “sharshara sindromi” deb ataluvchi sindromdan aziyat chekishadi. Ular o‘zlariga yo‘nalish tanlamasdan hayot daryosiga sho‘ng‘ishadi. Ular shunchaki oqim bo‘ylab oqib ketishadi. Bunday insonlar o‘zining ilojsizligini bilishadi va hech narsa qo‘llashmaydi. Ajoyib kunlardan birida esa ulkan sharsharaga bir necha qadam qolganini sezib qolishadi. Shunda ularning ko‘zi ochiladi, biroq pasga qulashdan o‘zlarini to‘xtata olishmaydi. Harakatni qancha erta boshlasak, hayotimiz shunchalik o‘nglanadi. G‘oliblarning barcha qonunlari amaliyotda qo‘llanmas ekan, ulardan zarracha foyda yo‘q. Albatta, shunchaki tinchoqar suvda cho‘milish balki yoqimlidir, lekin butun hayot besamar o‘tib ketadi. Odamlarning ko‘pchiligi nima istashlarini bilishadi, biroq kim bo‘lib yetishishlari va buning uchun nima qilish kerakligidan bexabardirlar.

ENG KENG TARQALGAN BAHONALAR

Vaqti-vaqti bilan o‘zingizga quyidagi savollarni berib turing:
1. Xato qilishdan qo‘rqib, qandaydir ishlarni keyinga tashlab yurasizmi? «Sharmanda» bo‘lishdan qo‘rqasizmi?
2. “Vaqti kelmagani uchun” qilmayotgan yoki oxiriga yetkazmagan ishlaringiz bormi?
3. Qandaydir ishni qilish uchun qo‘shimcha tayyorgarlik kerak, deb o‘ylaysizmi? Qo‘shimcha bilim, tajriba, kuchliroq qo‘llab-quvvatlash?
4. Yaxshi imkoniyat hayotda bir marta paydo bo‘ladi va buning uchun shoshilmaslik kerak, chunki hali bunga tayyor emasman, deb hisoblaysizmi?
5. Ishga kirishish uchun ba’zi bir sharoit va vaziyatlarni o‘zgartirishni istaysizmi?
6. Orzularingiz real emas deb hisoblaysizmi?
O‘zingizga tanqidiy baho bering-chi, yuqoridagi savollar shunchaki bir bahona bo‘lib, harakatsizligingizga sabab bo‘lib xizmat qilmayotganmikan? Aslida hammasi aynan shunday bo‘lib chiqadi. Axir siz bilasiz-ku: harakatni boshlash uchun eng yashi fursat — hozir! Ishga qo‘l urishingiz bilan ko‘plab muammo va qiyinchiliklar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi. Bu dunyoda ideal retsept yo‘q, mutlaq mukammallik ham bo‘lmaydi. Vaqtning ham ideal fursatini topa olmaysiz. Shu sababli g‘oliblar maksimal darajada tez harakat qilishadi. Barcha buyuk narsalar kichik narsalardan boshlanadi. Avval qilgan xatolaringizdan xulosa chiqarib, kelajakni qurasiz. Xatolar — keyingi to‘g‘ri qarorlaringiz poydevori va shaxsiyatingiz asosidir. Xatolar foydali. Xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun imillashdan ko‘ra, xatolarga yo‘l qo‘yib bo‘lsa-da, harakatni boshlagan afzalroq. Biz hech qachon buyuk vazifalarga to‘liq tayyor bo‘la olmaymiz. Faqatgina harakatni boshlab, ko‘pgina zarur narsalarni o‘rganishimiz mumkin. Ishga tayyorlanishning eng yaxshi usuli — ishlashni boshlashdir. Shunday gaplarni eshitib qolamiz: “Kuch quvvatim ko‘paysa, ertalablari ko‘chada tursikchan bo‘lib yuguraman”. Yolg‘on! Yugurishni boshlaganingizdagina kuch-quvvat keladi. “Arzirli ishga kirib qolsam, jon-jahdim bilan mehnat qilaman”. Bu ham yolg‘on! Arzirli ish shu vaqtgacha jon-jahdi bilan ishlagan kishilargagina ravo ko‘riladi.

MEHNATGA YARASHA MUKOFOT

Bir omborda ikki plug turarkan. Biri zanglab ketgan, ikkinchisi yap-yangidek yaltirar ekan. Zanglagan plug o‘zining yaltirayotgan qo‘shnisiga qarab, debdi: “Sen nega buncha chiroylisan, menga esa qarash ham qo‘rqinchli. Bu adolatdanmi? Men tenglikni talab qilaman”. Yaltiroq plug javob beribdi: “Mening barcha go‘zalligim — mehnatim tufayli”. Bugun hamma ijtimoiy tenglik haqida gapiradi. Haqiqatdan ham bu sohada qilinadigan ishlar ko‘p. Biroq ijtimoiy adolatni suiste’mol qilmaslik kerak. Aholining bir qismi yotib yesa-yu, ikkinchi qismi esa mehnat qilib ham uni boqsa, ham o‘zini. Birovlarning hisobiga kun qurayotgan inson tobora kuchsiz va baxtsiz bo‘lib boraveradi. Mehnat qilishga layoqatli har bir kishiga ushbu qoida amalda bo‘lishi kerak: iste’moldagi tenglik mehnatdagi tenglikka mutanosib bo‘lishi kerak. Aks holda tenglik emas, tenglashtirish bo‘ladi. Tenglashtirish esa shundog‘ ham butun tizimni o‘z gardanida ko‘tarib yurganlarga — ishlayotganlarga salbiy ta’sir qiladi. Tenglashtirish, shuningdek, yordamga chindan muhtoj bo‘lganlarga ham zarba bo‘ladi. O‘zi haqida qayg‘ura olmayotlarga beradigan yordamimiz biz kuzatganimizdan ko‘proq bo‘lishi kerak. Ularning ochdan o‘lib qolmasligiga intilish — bu juda kam. Mamlakatda mehnatga layoqatsiz insonlarning turmush darajasi barcha uchun bosh mezon bo‘lishi kerak.

G‘OLIBLAR QONUNI

Siz bu kitobni shunchaki varaqlab chiqsangiz hech qanday natijaga erishmaysiz. Hatto uning ba’zi qonunlari ko‘zingizga tez-tez tushib turgan yoki miyangizda qattiq o‘rnashib qolgan bo‘lsa ham bu hech narsani o‘zgartirmaydi. Siz harakat qilishingiz kerak. Siz bu qonunlarni har kuni hayotda qo‘llashingiz kerak. Amaliy mashqlar esa kitobdan — sizning shaxsingizga, bugungi holatingizdan — yaxshiroq hayotga o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Har kuni bu kitobning bir bandini o‘qing va undagi mashqlarni bajaring. Kitobni oxirigacha o‘qib bo‘lib, boshidan boshlang. Bu holda, o‘zlashtirgan qonunlaringiz va hozir sizga kerak bo‘lmaydiganlarini qoldirib ketishingiz mumkin. Qanday yondashuvning tanlashingizdan qat’iy nazar, asosiysi — harakatni boshlang. Qonunlarni hayotingizda qo‘llang. Barcha mashqlar haqida bosh qotirishdan ko‘ra, bitta mashqni ko‘ngildagidek bajaring. Hoziroq siz bajarishga qodir bo‘lgan bitta mashqni tanlang. Ulardan ba’zilari siz uchun muhimroq, boshqalari unchalik muhim emasdir. Biroq harakatni boshlash kerak. Bu dunyoda qanchadan-qancha inson o‘z iqtidorini sovurib yuborganini o‘ylang. G‘oliblar qonuni asoslangan tajribalarga ming yil bo‘lgan. Barcha davr va zamonlarning g‘oliblari shu qonunlar bo‘yicha yashashgan. Biroq hech kim uni to‘liq o‘zlashtirmagan. Nega? Birinchidan, biz doim o‘sib-ulg‘ayib boramiz va yanada murakkabroq masalalarga duch bo‘laveramiz. Ikkinchidan, g‘oliblar qonuni bilan qanchalik ko‘p ishlasak, hali o‘qib-o‘rganishimiz kerak bo‘lgan sohalar shunchalik ko‘p ekanligini anglaymiz. Shu sababli kimdir “men buni allaqachon bilar edim”, desa o‘ziga-o‘zi jinoyatkorona bino qo‘ygan bo‘lib chiqadi. Har kim o‘zicha o‘rganadi. Kimdir kundalik tutadi va unga o‘z harakatlarini yozib boradi, boshqalar esa o‘z-o‘zini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun barcha mashqlarni yozma ravishda bajaradi. Agar siz shunday yo‘ldan bormoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz erishgan natijalarni ham qayd etib borishingiz kerak.

YAGONA MEZON

Dangasa deb nom qozongan insonlarning ko‘pchiligi aslida intilishi kerak bo‘lgan maqsadga ega emas. Yugurishning yo‘nalishi noaniq bo‘lsa, tez yugurishga ne hojat? Yodda tuting, niyatlaringiz jiddiyligining yakkayu-yagona mezoni mavjud. Bu sizning harakatingiz. Agar o‘zingizga faollik yetishmayotganini aniqlagan bo‘lsangiz, endi buning sabablarini ham aniqlang. O‘zingizga savol bering: siz maqsadga nima uchun erishmoqchisiz? Sizga muvaffaqiyat nima uchun shart?! Bu savollarga javob berishda shoshilmang. Insonning ishni qanday qilishi kerakligini bilish emas, nega bu qilishi olg‘a harakatga undovchi rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. “Nega?” degan savolga javob topgan inson “qanday?” savoliga javobni har doim topadi. Siz “Orzular albomi” tuting va turli jurnallardan o‘zingiz erishishni istagan narsalarning suratlarini qirqib olib, unga yopishtirib qo‘ying. Albomni har kuni tomosha qiling va o‘zingizga savol bering: “Orzularimning qay biriga erisha olaman va bu menga nima uchun muhim?” O‘zingizda “rag‘bat tugmalari”ni toping. Sizni nima boshqarayotganini anglashga harakat qiling va ushbu rag‘batlardan aql bilan foydalaning.

ENRIKO KARUZO

Karuzo bolaligidayoq Milandagi “La Skala” teatrida kuylashni orzu qilgan. Biroq kunlarning birida u orzularini yaxshi kunlar kelguncha saqlab qo‘yib, ko‘chmanchi opera guruhiga qo‘shilib ketadi. Bir kuni u Sitsiliyada do‘stini uchratib qoladi. Do‘sti ko‘chmanchi guruh haqida eshitganda sira ham xursand emasligini bildiradi. U Karuzoning iqtidoriga ishonar va uning orzularidan xabardor edi. Shunda do‘sti Karuzodan so‘rabdi:
— Nimalar qilyapsan?
— Hozirgina senga hammasini gapirib berdim-ku, — debdi Karuzo.
— Yo‘q, sen meni tushunmading, — e’tiroz bildiribdi do‘sti. — Orzularing bilan nima qilayotganingni bilishni istayman! Ha, Karuzo hayotini oqimga to‘g‘irlab qo‘ygan edi. U mashq qilishni yig‘ishtirgan, o‘z-o‘zini ovutish bilan ovora, orzularini esa unutgan edi. U o‘rtamiyona darajaga tushib qolgandi. U o‘zini hurmat qilmay qo‘ygan, chunki o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanmayotgan edi. Hayotdagi umidsizlikdan so‘ng ichishga berilgan edi. Kunlardan birida u sahnaga mast holatda chiqib, qo‘shiqchi ayolning ko‘ylagini bosib oladi. Ayolning ko‘ylagi yechilib ketadi. Paydo bo‘lgan tartibsizlikda kimdir dekoratsiyani yiqitib yuboradi. Jiddiy opera maynavozchilikka aylanib ketadi. Qo‘rquvdan darhol hushyor tortgan Karuzo so‘nggi daqiqalarda nimagaki qodir bo‘lsa hammasini namoyish etadi. U hayotida birinchi marta bunday kuylashi edi. U “La Skala” sahnasida turgandek kuylardi. Tomoshabinlarning badanlari bijirlab ketadi. Pesada hozir bo‘lgan tanqidchilar lol edilar. Hammaning fikri mushtarak edi: hali hech kim bu darajada kuylamagan! Ushbu tomoshadan so‘ng Karuzo darhol Milanga otlanadi. U har kuni mashq qila boshladi. Va har kuni ommaga nimaga qodir ekanligini ko‘rsata boshladi. U endi nafaqat “La Skala”ning, balki dunyoning tan olingan yulduzi edi! Hech qachon, hech kimga sizga yoqqan ishdan sovutishlariga yo‘l qo‘ymang. “Buning iloji yo‘q. Sen bunga qodir emassan”, deyuvchilarning gaplarini qulog‘ingiz yonidan o‘tkazib yuboring. Undan ko‘ra o‘zingizga ushbu savolni bering: “Iloji yo‘q”, degan so‘zni qiynalmasdan aytayotgan bu odam men uchun nechoQlik muhim?” Bir odam “bu masalani hal etishning yo‘li”, bor desa, ikkinchisi “imkoniyati yo‘q”, deydi. Ikkalasi ham haq: chunki biri harakat qilyapti, ikkinchisi jim o‘tiribdi. Hayotda qadr-qiymatga ega narsalarning hammasi mehnat kishilari tomonidan yaratilgan. Shunchaki olib-qilgan insonlar tomonidan. G‘oliblar harakat hal qiluvchi omil ekanligini juda yaxshi bilishadi. Shunchaki oling va qiling!

AMALIY MASHQLAR:

Bugun men o‘zimda harakatlanishga hal qiluvchi qobiliyatni o‘stirishni boshlayman. Buning uchun quyidagilarni qilaman:
1. Men doim ortga tashlab yurgan ishlarimning ro‘yxatini tuzib chiqaman va ulardan qaysilarini bugunoq amalga oshirim mumkinligini aniqlayman.
2. Men o‘zimning “Orzu albomi”mga qarayman. Hayotning asosiy besh jabhasi (salomatlik, o‘zaro munosabatlar, moliya, hissiyot va ish)da maqsadlarim bormi? Xo‘sh, bu maqsadlarim albomimda o‘z aksini topganmi?
3. Men ushbu kitobdagi barcha yozma mashqlarni bajaradigan kundalik yuritaman. Bu menga hech narsani e’tibordan chetda qoldirmaslik va muvaffaqiyatlarimni qayd etib borishda yordam beradi.
4. Men o‘zimga savol beraman: “Ba’zi ishlarni ortga tashlayotganimning sababi nimada? Ularning fursati hali kelamagan deb hisoblaymanmi? Balki bu bir bahonadir?”