Menu

3-QONUN. YASHAGAN HAR BIR KUNINGIZGA ONGLI RAVISHDA YONDOSHING!

Murakkab mehnat haftasidan so‘ng Jeyn picha dam olishga qaror qilibdi va dengiz sohiliga yo‘l olibdi. U yerda Jeyn Melani ismli qizaloq bilan tanishib qolibdi. Qizaloqning xarakteri quvnoq va hayotga chanqoqqina ekan, shu sababli Jeyn uni yoqtirib qolibdi va ular tez-tez birga o‘ynay boshlashibdi. Kunlarning birida ular sohilda yotishganda yonlaridan qaldirg‘och uchib o‘tibdi.
— Shodlik uchib o‘tdi, — debdi Melani qushning parvozini kuzatib qolib.
— Nima uchdi?
— Shodlik. Oyimning aytishicha, qaldirg‘och shodlik keltirarkan. Kechqurun Jeyn qizaloq bilan xayrlashibdi va uyiga kelibdi. Jeyn har doim o‘ziga «qaldirg‘och» yetishmayotganini his etsa, sohilga borib Melani bilan uchrashadigan bo‘libdi. Ular bir-birlariga o‘rganib qolishgan edi. Ba’zan ular shunchaki qaldirg‘ochlarni tomosha qilib o‘tirishardi. Oradan ko‘p o‘tmay Jeyn ham qaldirg‘ochlar shodlik va quvonch keltirishini tushunib yetibdi. Melani ikkovi qalin do‘stga aylanibdi. Kunlarning birida Jeyn plyajga juda tushkun kayfiyatda kelibdi. Melani, odatdagidek, quchoq yozib u tomon intilibdi, lekin Jeyn yolg‘iz o‘zi qolishni xohlabdi.
— Bugun o‘ynash uchun kayfiyatim yo‘q. Oyim vafot etdi. Meni yolg‘iz qoldir.
— U o‘lganda sen qattiq qayg‘urdingmi? — so‘rabdi Melani.
— Albatta qayg‘urdim, — uning so‘zlarin bo‘libdi Jeyn va burilib nari ketibdi. Axir u o‘z qayg‘u-hasratlariga o‘ralashib qolgan edi. Oradan bir necha hafta o‘tgach, u o‘ziga kelibdi va Melanini sog‘inganini tushunibdi. Bundan tashqari u qizaloq oldida o‘zini aybdordek his eta boshlagan edi. Jeyn dengiz sohiliga boribdi, lekin u yerda Melanini uchratmabdi. Shunda u qizaloqning uyiga boribdi. Eshikni yoshgina lekin juda qayg‘uli juvon ochibdi. Jeyn o‘zini tanishtiribdi va debdi:
— Men Melanini sog‘indim. Biz birga o‘ynar edik. U qani?
— Melani o‘tgan haftada vafot etdi. Uning oqqon kasalligi bor edi. Ehtimol, u buni sizga aytmagandir... Jeynning yuragini kuchli og‘riq qilichdek kesib o‘tibdi.
— Melani bu sohilni yaxshi ko‘rardi, — davom etibdi juvon. — U meni shu yerga ko‘chib kelishga ko‘ndirdi va rad eta olmadim. Chamamda, u shu yerda o‘zini yaxshiroq his qila boshlagandi. U shu yerda baxtli edi. So‘ng to‘satdan uning sog‘ligi yomonlashib qoldi va u... u... sizga allaqanday narsani berib qo‘yishimni vasiyat qilgandi. Hozir olib kelaman. Qizaloqning oyisi yorqin ranglar bilan bo‘yalgan konvert chiqaribdi, uning ustiga «Mening sevimli dugonam uchun» degan yozuv bor edi. Konvertning ichidagi qog‘ozga chizilgan suratda esa sap-sariq qum, ko‘m-ko‘k dengiz va ulkan qaldirg‘och tasvirlangandi. Suratning pastiga esa «Qaldirg‘och shodlik keltiradi» deya yozilgandi. Jeyn yig‘idan o‘zini to‘xtata olmadi. U Melanining oyisini quchoqlab yig‘lay boshladi. Bugun ushbu surat Jeynning ish stoli ustida osig‘liq turibdi. Bu uni hayotdan lazzatlanishga o‘rgatgan qizaloqning sovg‘asi!

* * *

Faqat fojeaviy hodisalargina bizni hayot chirmovuqlari ichidan ajratib, haqiqatdan-da jiddiy narsalar haqida bosh qotirishga undashi mumkindek tuyuladi ba’zan. Biz shu qadar band bo‘lamizki, hayotning go‘zalligini payqamaymiz, atrofimizdagi insonlarga xayrihohlik bildira olmaymiz.

TAQDIR ZARBALARI

Ko‘pchiligimiz fojeani boshimizdan o‘tkazganmiz, taqdirning turli zarbalariga duchor bo‘lganmiz. Ba’zan hayotda mushohada qilishimizga qiyin bo‘lgan narsalar ro‘y beradi. Ularning ba’zilari, bizning anglashimizcha, kuch-quvvatimizdan yuqoriroqdek. Ha, hayotda turli falokat, kasallik va o‘limlarga o‘rin ajratilgan. Xo‘sh, biz bunga qanday munosabatda bo‘lamiz? Tushuntirish izlab, Xudoga yolvoramizmi? Hammani ayblay boshlaymizmi? Yoki bunday holatlarning har biridan qandaydir ijobiy narsa topishga harakat qilamizmi? Jorj va Barbara Bushlarning kenja qizi — Robin nobud bo‘lganda ota-onaning reaksiyasi hammani lol qoldirgan: «Qizimiz chopqillab o‘ynagan bu dunyo bizning ham dunyomiz ekanligidan hursandmiz. Shu sababli biz bu ayriliqdan qayg‘urmaymiz, shunchaki birga o‘tkazgan vaqtlarimiz uchun shukronalar aytamiz. Robinning sharofati bilan Jorj va men har bir insonni ko‘proq qadrlay boshladik. U bizning qalblarimiz, xotiralarimiz va ishlarimizda yashaydi. Biz uning uchun ortiq yig‘lamaymiz. U hayotimizning yorqin va quvonchli qismi sifatida qoldi».

HAR BIR LAHZADAN ROHATLANING

Yo‘limizda uchraydigan har bir inson biz uchun naqadar qadrli, hayotimizning har bir lahzasi qanchalik ajoyib ekanligi haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Afsuski, ko‘pchilik uchun bu so‘zlar «haliyam shunday-ku», degan javobni tug‘diradi. Go‘yoki oldimizda butun bir abadiylik turgandek... Faqat qaytarib bo‘lmas yo‘qotishga duchor bo‘lganimizdan so‘nggina hayotimizning har bir lahzasi — chinakam mukofot ekanligini anglay boshlaymiz. «Muhimroq» ishlar va yumushlarga o‘ralashib qolib, bunday mukofotlarning qancha-qanchasini e’tiborsiz qoldirganmiz?! Muammolarga faylasuflarcha munosabatda bo‘lish kerak va har doim o‘zingizga «Besh yildan so‘ng bu muammolardan nima qoladi?» degan savolni berib turishingiz kerak. Ehtimol, hech narsa qolmas?! Faqatgina barcha salbiy holatlarga juda e’tibor berganimiz, mayda-chuyda narsalarga katta narsadek qaraganimiz uchun sog‘ligimizga putur yetgani qolar... Xotirada faqat ko‘ngil torini chertgan lahzalar qoladi. Bizga baxt va osudalik baxsh etgan mo‘’jaz lahzalar. Ularning yonginasidan qanchalar ko‘p o‘tib ketamiz-a...

NEGA VAQTIMIZNI REJALASHTIRA OLMAYMIZ?

Vaqtni rejalashtirish usullari doim takomillashib turganiga qaramasdan, bu sohada hanuzgacha to‘rtta asosiy kachilik uzatiladi:
1. Ko‘pgina insonlar vaqtni rejalashtirishning zamonaviy vositalaridan foydalanishadi, hatto maxsus seminarlarga qatnashishadi, biroq ularda vaqt taqchilligi kundan kunga ko‘payayotgandek tuyuladi. Bu sohadagi uslublarning maqsadi — insonga bir sutkada ko‘proq turli ishlarni qilishga ulgurish imkoniyatini yaratishdan iborat. Insonga vaqt berish o‘rniga ular vaqtni o‘g‘irlashadi, xolos.
2. Daqiqalarni iqtisod qilaman, deb ko‘pchilik butun yillarni behuda sarflab yuborishadi. Agar siz maqsadingizni yaxshi tasavvur qilmay turib zamonaviy vaqtni rejalashtirish uslublaridan foydalanar ekansiz, demak siz keraksiz ishlar uchun takomillashib borasiz va pirovardida soxta maqsadga erishasiz. Bu holda asosiy narsani — o‘zingiz uchun asosiy ahamiyatga ega bo‘lgan narsani aniqlab olishni qo‘ldan boy berasiz. Siz soatni «ilohiylashtirib», kompasga e’tibor bermaysiz. Siz bundan qanchalik ko‘p narsa yutqazayotganingizni sezmaysiz ham. Qachonki biror narsani o‘zgartirish kech bo‘lgandagina o‘ylanib qolasiz.
3. Kutilmagan vaziyatlarning barchasini biz «to‘siq» deb baholaymiz. Ba’zan biz sevadigan insonlar ham bizga «ortiqcha» bo‘lib qoladi. Agar ustimizdan muddat va bitimlar hukmron bo‘lsa bu qochib bo‘lmaydigan holat. Aslida bu muddatlar bizga xizmat qilishi kerak, biz ular uchun emas. Butun diqqat-e’tiborini rejalar va muddatlarga qaratgan inson faqat kelajak uchun yashaydi. Biroq eng dahshatlisi shundan iboratki, kelajakda u yana kelajak uchun yashaydi. Bu holda u hech qachon hozirgi lahzalar va atrofidagi insonlarni qadrlay olmaydi. Axir insonlar baribir birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak-ku!
4. Agar biz hech ishga qo‘l urmasak, biribir vijdonimiz qiynaladi. Nimadir bilan band bo‘lishimiz kerakligiga ishonchimiz komil. Nima ishni qilishni bilmayotgan odam zerikadi. Lekin hayotning har lahzasini imkoniyat va taqdir tuhfasi sifatida qabul qilgan odamning zerikishga umuman vaqti yo‘q. U vaqt shunchaki nisbiy ekanligini biladi. Faqatgina lahzaning qadriga yetmagan, o‘zi tushib qolgan vaziyatdan foydalanishni bilmagan insongina zerikishga mahkum.

TO‘XTASH, O‘YLASH VA BEKORCHILIK UCHUN VAQT

Vaqtning to‘xtab qolgandek bo‘lishi g‘olibga alohida quvonch bag‘ishlaydi. Bu hol unga u yoki bu holatni teranroq mushohada qilish imkoniyatini yaratadi — xuddi sekinlashtirilgan syo’mkani tomosha qilgandek. Agar tinchgina o‘tirib, asosiy narsalar haqida fikrlash sifatida qaralsa hattoki to‘xtashlardan ham lazzatlanish mumkin. Doim bir narsalar qilib yurish shart emas. Ba’zida shunchaki yashash ham kerak. Hattoki doim ish bilan band inson ham o‘z ishidan dam olishni istaydi. Ehtimol u hech narsa haqida o‘ylash kerak emasdir, shunchaki o‘zi bilan shug‘ullanishni istar. O‘z qadriyatlarimizni yaxshiroq anglash, yo‘l tanlash haqida mushohada qilish uchun har birimizga ana shunday to‘xtalishlar kerak bo‘ladi. Bizga doim o‘ta muhimdek tuyulgan kundalik ishlar oqimi oqizib ketmasligi uchun dam-badam to‘xtalishlar qilib turish ham muhim. Osuda daqiqalarda o‘zingiz uchun muhim narsalar ichidan eng ustivorlarini aniqlab olishingiz mumkin. Bunday to‘xtalishlar biz uchun muhim bo‘lgan insonlar haqida o‘ylab ko‘rish uchun ham kerakdir. Ular bilan birgalikda o‘tkazishimiz mumkin bo‘lgan mo‘’jaz lahzalarning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Hech narsa hayotimizni bu qadar boyita olmaydi!

BUGUNGI KUN — BU SIZNING IMKONIYATINGIZ

Hozirgi kunlarda o‘tmish (nimadandir pushaymon bo‘lib) yoki kelajak (unga tayyorlanib) bilan yashash «normal» sanaladi. To‘g‘ri, bizning nimanidir oldindan rejalashtira olishimiz, ma’lum bir kelajak uchun ishlashimiz taraqqiyot belgisi sanaladi. Lekin bunday holatda qopqon yashirin bo‘lishi mumkin. Bugungi kunning go‘zalliklarini bee’tibor qoldirsak ana shunday bo‘ladi. Axir bu hech qachon qaytarilmaydigan unikal imkoniyat-ku?! O‘zingiz qadrlaydigan inson bilan vaqtingizni mazmunli o‘tkazishingiz mumkin. Xayolga berilib, o‘z maqsadlaringiz haqida o‘ylashingiz mumkin. Shunchaki, baxtli bo‘lishingiz mumkin. Bugungi kuningizni yanada mazmunliroq o‘tkazish uchun nimalar qilish mumkinligi haqida o‘ylang. Bu holatda ko‘p narsa sizning yondoshuvingizga bog‘liq. Kunlarning birida qizaloq o‘rmonga yo‘l olibdi va shu vaqt qattiq dovul boshlanibdi. Tashvishlangan ona uni axtara boshlabdi. Nihoyat, ona qizini topganda uning ko‘z o‘ngida g‘alati manzara namoyon bo‘libdi: har chaqmoq chaqqanda qizcha yurishdan to‘xtab, osmonga qarab jilmayar edi. «Nahotki, chaqmoqdan qo‘rqmayotgan bo‘lsang?» — so‘rabdi ona. «Yo‘q, — javob beribdi qizi. — Meni Xudo suratga tushiryapti». Agar ko‘ngilsizliklar yuz bersa uni ko‘nglingizga yaqin olmang. Hech narsa kayfiyatingizni tushirmasligi kerak. O‘zingizga shunday deng: «Bugun men bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yagona hodisa — yana bir mazmunli kunni yashaganim». Qayg‘uni shodlikka almashtiring. Vaziyat ustidan nazoratni saqlay oling. Sharoitlarning ustingizdan hukmronliq qilishiga yo‘l qo‘ymang. Benjamin Dizraeli kunlarning birida shunday degandi: «Kimki mayda inson bo‘lsa, uning ustidan mayda-chuyda narsalar hukmron bo‘ladi». Agar siz bunga yo‘l qo‘ymasangiz hech kim va hech narsa sizga bugungi kun tomonidan in’om etilayotgan xazinalarni tortib ololmaydi. Afsonlarga ko‘ra, alkimyogarlar qo‘rg‘oshin va toshlarni oltinga aylantira olishgan. Bu juda qiziq fikrga olib keladi. Omadli insonlar ham ba’zi jihatdan alkimyogarlarning o‘zidir: har qanday vaziyatni ular oltin lahzalarga aylantira olishadi.

SHUKRONA

Yomg‘ir ostida hushtak chalib hirgoyi qiluvchi va doim jilmayib yuruvchi omadli va baxtli insonlar ega bo‘lgan sir sizga ma’lummi? Bu sir shundan iboratki, ular har onni mo‘’jiza sifatida qabul qilishadi va shu on uchun shukronalar aytishadi. Bugungi kun — siz sevadigan va sizni sevuvchi insonlar, hayot sizga bergan o‘sha mo‘’jaz lahzalar uchun shukronalar aytish uchun imkoniyatingizdir. Siz sog‘lomsiz, yura olasiz, ko‘ryapsiz, eshitayapsiz, o‘zganing yordamisiz ovqat yeya olasiz, gapira olasiz... Bu ro‘yxatni cheksiz davom ettirsh mumkin. Sezyapsizmi, qanchalik boysiz va har bir kun sizga qanchalar tuhfalar olib kelmoqda? Qanchalik ko‘p mo‘’jizalarni siz odatdagi singari qabul qilayotganingizni tushunishga harakat qiling. Atrofingizdagi insonlar haqida shunday deyish mumkin. Ularga hech qachon shunchaki bo‘lishi kerak bo‘lgan narsalar sifatida qaramang! G‘oliblar har kunni unikal imkoniyat sifatida qabul qilishadi. Ular yonma-yon yashayotgan insonlarni qadrlashadi. Ular hayot asosini belgilab beruvchi, biroq juda oddiy ko‘ringan narsalarga kuch-quvvat sarflashadi. Ular hamma narsadan mamnun, hayotdan bahra olishlarida ularga hech narsa xalaqit bera olmaydi. G‘oliblar bugungi kun taqdim etgan imkoniyatlarning barchasidan foydalanishadi.

AMALIY MASHQLAR:

Men bugungi kunga ongli ravishda munosabatda bo‘lishni istayman va unda o‘z imkoniyatimni ko‘rmoqchiman. Bu yo‘lda quyidagilarni bajarishga va’da beraman:
1. Bugun men hayotimni bezaydigan insonlar haqida ongli mushohada qilaman. Men ulardan biri bilan uchrashaman va oldimizda uzoq ayriliq turgandek vaqtni o‘tkazamiz.
2. Agar bugun tiqilinchda turib qolsam, yoki rejalarimga xalaqit beruvchi boshqa vaziyat paydo bo‘lsa umidsizlikni maftunkorlikka aylantiraman. «Bugun men bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yagona hodisa — yana bir mazmunli kunni yashaganim».
3. Bugun men 25 bo‘limdan iborat ro‘yxat tuzaman va unda nimalar uchun shukronalar aytishim kerakligini belgilab chiqaman. Bu menga hayotni yanada sevish, qadrlashda yordam beradi. Kelajakni kutib, vaqtni behuda sarflash o‘rniga men undan shukronalar aytishim kerak bo‘lgan vaziyatlarni eslash uchun foydalanaman.
4. Bugungi kun men istagandek bo‘ladi. Men har bir yashagan kunimda o‘z imkoniyatimni ko‘rishga va undan foydalanishga qattiq ahd qildim. Hayotning har yangi lahzasi meni boyitadi. Har yangi uchrashuv — mo‘’jaz tuhfa. Har daqiqa ichida yangi imkoniyatlar yashirin. Yoqimli inson bilan o‘tkazilgan har soniya — mo'jiza.