Menu

5-QONUN. SHAXS BO‘LING!

Kunlardan birida saroy masxarabozi o‘z hayotini o‘zgartirishga qaror qilibdi. Uning ko‘ngli boylik, qiziq sayohatlar va dabdabani tusab qolibdi. Lekin hamma narsadan ham ko‘proq u obro‘-e’tiborni istabdi. Chunki butun umri davomida odamlar qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatib: «Manavi jinnini qaranglar», deb kulishar ekan. Masxaraboz esa uni hurmat qilishlarini orzu qilibdi. U bu haqda qirolga gapirib beribdi, qirol esa unga: «Masxaraboz, sen uzoq yillar menga xursandchilik baxsh etib kelding. Men sening orzuingni ushaltiraman va senga boylik in’om etaman». Endi maxaraboz o‘zining yangi baxtidan sarmast edi. U hashamatli uyda yashar, sarxil taomlar tanovvul qilardi. Kunlar o‘tib sezib qolibdiki, atrofdagilarining unga nisbatan hurmat-izzati shunchaki, soxta ekan. Garchi boy-badavlat bo‘lsa-da, odamlar uchun u hali-hanuz o‘sha masxarabozligicha qolgan edi. Ustiga-ustak, u tez orada boyligini sovurib bo‘libdi. U o‘zini qiynayotgan savollar bilan qirolning dono maslahatchisi huzuriga boribdi. Dono boshini chayqab, kulimsiragancha, bo‘sh stakan va sharob to‘ldirilgan grafinga ishora qilibdi: «Men bu vinoning hammasini stakanga sig‘dira olmayman. Chunki stakan torlik qiladi. Xuddi shuningdek, sening shaxsiyating ham o‘z orzularingga nisbatan torlik qiladi. Qirol senga boylik in’om etdi, biroq shaxsiyating uni saqlab qola olmadi».

* * *

BOSQICHMA BOSQICH, SABOQMA SABOQ

Bizning holatimiz yaxshi tomonga o‘zgarishi uchun, avvalo o‘zimiz o‘zgarishimiz kerak. Muvaffaqiyatga erishish uchun vaziyat qulayroq bo‘lishini kutayotgan insonlar har birimizga yaxshi tanish. Biroq, vaziyatning o‘zgarishi bunday insonlarga sira yordam bera olmaydi, chunki ular bu vaziyatni o‘ziga siQdirish uchun «torlik» qilishadi. Avval ular shaxs sifatida o‘zgarishlari kerak. Hammasi maktabdagidek. Avval birinchi sinfda o‘qiymiz, keyin ikkinchi, uchinchi va h.k. Bu juda oqilona tizim. Qanchalik bilimli bo‘lib borar ekanmiz, shunchalik ko‘p imkoniyatlar paydo bo‘laveradi. Balki ba’zi birov: «Menga hozir ikki million dollar bering, men hech qachon pulga muhtojlik sezmasdan yashayman», der. Bu noto‘g‘ri yondashuv. Avval bugungi vaziyatni boshqarishni o‘rganish kerak. Avval ming dollarni to‘plab, biror ishga oqilona sarflash kerak. Keyin o‘n ming dollar va h.k. Yaxshiroq yashash uchun qulay vaziyatni kutish emas, mavjud vaziyatdan maksimum darajada foydalanish kerak. U yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanishga loyiqmanmi-yo‘qmi, degan savolni ham oldindan o‘zingizga bera ko‘rmang. Faqat ishni boshlabgina, biz shu ishning ustasi bo‘lishimiz mumkin. Agar siz ma’lum bir ish qo‘lingizdan kelishini avvaldan bilsangiz, u sizga o‘sish uchun imkoniyat bermay qo‘yadi.

KISHI FAQAT MEHNAT JARAYONIDA SHAXSGA AYLANADI

Eslab ko‘ring-a, taniqli shaxslar nimaning sharofatidan mashhur va buyuk insonlarga aylanishgan. Eynshteyn o‘zining fizik nazariyalari bilan tanilgan, Bekkenbauer — futboldagi muvaffaqiyatlari bilan, Gandi — Hindistonni mustamlaka tuzog‘idan kuch ishlatmasdan ozod qilgan, Ona Tereza — kambag‘allarga muruvvati bilan. Ko‘rinib turibdiki, ularning barchasi faqat o‘z ishlari bilan tanilishgan. O‘z-o‘zini takomillashtirishning eng samarali usuli mehnat qilishdir. Agar siz yaxshiroq hayotni xohlasangiz, tinim bilmasdan ishlashni tezroq boshlang. Avvaliga hamma narsa hal bo‘lavermaydi, lekin buning sira qo‘rqinchli joyi yo‘q. Asosiysi — qo‘lni yuvib, qo‘ltiqqa urmaslik! Albatta, muvaffaqiyatlar bizni boy qiladi, lekin muvaffaqiyatsizlik sharofati bilan biz o‘samiz.

DEHQONNING BESH SABOG‘I

Siz balki dehqon haqidagi masalni eshitgan chiqarsiz. U g‘alla ekibdi, biroq donlarning hammasi ham unib chiqmabdi. Bir qismini qushlar yeb ketibdi, bir qismi qurib qolibdi, bir qismini esa yovvoyi o‘t-o‘lanlar nobud qilibdi. Bundan besh muhim xulosa chiqarish mumkin:
1. Har qanday urug‘ ham o‘sib ketavermaydi. Shuning uchun iloji boricha ko‘proq ekish kerak. Bittayu-bitta niholga umid qilish yaramaydi.
2. Dushmanlar emas, o‘z ishingizga diqqatingizni jamlang. Dushmanlarni yo‘q qilib, siz hech qachon o‘z maqsadingizga erisha olmaysiz. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: muvaffaqiyatli insonning dushmanlari har qachon yetarli bo‘ladi. Bu tabiat qonuni. Qushlar va yovvoyi o‘t-o‘lanlar doim bo‘lgan va bo‘ladi. Aqlli dehqon g‘alla yetishtirishda davom etaveradi.
3. Biror narsa ekmasdan hosil yig‘ib bo‘lmaydi. Faqatgina ish nihoyalangandan so‘ng kishi rag‘bat topadi. Kishi mehnat qilgani uchun mukofotlanadi, bahona qilgani yoki o‘zini oqlagani uchun emas. Kimdir tabiatning bu qonunini aylanib o‘tishga urinadi. Biroq u unutadiki, bunday yo‘l bilan barqaror muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.
4. Sabr qilish kerak. O‘sish uchun vaqt talab etiladi. Qanchalik ko‘p kuch sarflamang, ikki kundan keyin baribir hosil ololmaysiz. Faqatgina mehnat va intilishgina sizga natijani taqdim etadi.
5. Nima eksang — shuni o‘rasan. Insonga umri davomida yaxshi va yomon hosillar nasib etadi. Ehtiyot bo‘ling: yomon urug‘lar ham ko‘karib chiqadi.

MUVAFFAQIYAT YO‘LIDAGI BESH TO‘SIQ

Nega hamma insonlar ham muvaffaqiyatga erisha olmaydi:
Axir hammada ham imkoniyat bor-ku?! Shunday olti sabab borki, muvaffaqiyatni homilaligidayoq o‘ldiradi. Aynan shu sabablar tufayli hech qachon barcha insonlar uchun barobar hayotiy sharoitlar yaratib bo‘lmaydi. Gap insonning ichida bo‘ladigan, tashqaridan ta’sir qilishning iloji bo‘lmagan jarayonlar haqida bormoqda.
1. Takabburlik. Sizga savolga nisbatan javobi ko‘proq insonlar tanishmi? Gyote shunday degan edi: «Juda ko‘pchilik kimdir bo‘lib qolishni, faqat sanoqli insonlar kimdir bo‘lib yetishishni istaydi». Biror narsani o‘rganish uchun shogird tushish kerak.
2. Nodonlik. Ko‘pchilik insonlar turli sabablarga ko‘ra, yangilikni qabul qilish uchun tafakkur eshiklarni ochishga tayyor emas.
3. Shuhratparastlik. Biz o‘zimizga juda jiddiy munosabatda bo‘lamiz va atrofimizdagilarning izzatini kutamiz. Barcha energiyamiz ularning ko‘ziga «munosib» bo‘lib ko‘rinishga sarflanadi. Alal-oqibat, muvaffaqiyatga erishish uchun ana shu energiya kamlik qiladi. Bundan tashqari, haddan ziyod shuhratparastlik aqlsizlik belgisi bo‘lib xizmat qiladi.
4. Qo‘rquv. Qo‘rquv — salbiy oqibatlar ehtimolini tasavvur etish. Biz o‘zimiz istamagan narsalarga shunchalik diqqat qilamizki, bu tasavvur xayoliy holatdan realga aylanib ketadi.
5. Gumon. Biz o‘zimizni nimagadir yetarlicha tayyor emas, deb hisoblaymiz. Kuchli tomonlarimizni baholash o‘rniga, o‘zimizni boshqalarga solishtira boshlasak gumon paydo bo‘ladi. O‘z-o‘zimizga ishonchni sistematik mustahkamlab borish kerak. Buning uchun, masalan, muvaffaqiyat kundaligi tuting va unga o‘zingizning barcha yutuqlaringizni yozib boring.
6. Aybdorlik hissi. Ko‘pchilik o‘zi orzu qilgan hayot bilan yashay olmaydi. Chunki uning atrofidagi xudbin kayfiyatdagi insonlar ularning tafakkuri bilan o‘ynashib, unga aybdorlik hissini singdirishadi. Biroq, hayotingizda munosib maqsad qo‘ya olsangiz, yolg‘ondakam ayborlik hissi o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi.
Bu kitobda ushbu to‘siqlarning har biri sinchiklab o‘rganiladi. Biroq, tinim bilmasdan mehnat qilish hali muvaffaqiyat garovi degani emas.

ISHLASHNING TO‘RT VARIANTI

Ish haqida gapirar ekanmiz, beixtiyor uni «yaxshi» va «yomon»ga bo‘lamiz. «Yaxshi» ish deganda quyidagi uch asosiy talabga javob beradigan ish tushuniladi: birinchidan, u sizga huzur baxsh etadi; ikkinchidan, iqtidoringiz va layoqatingizga mos keladi; uchinchidan, uning yordamida boshqa insonlarning ham muammolarini hal eta olasiz va yetarli miqdorda pul ishlaysiz. Biroq to‘g‘ri va noto‘g‘ri munosabat vositasida «yaxshi» ishni ham, «yomon» ishni ham bajarish mumkin. Bunda yuqorida sanab o‘tilgan olti to‘siq katta rol o‘ynaydi. O‘ylab ko‘ring, hozirgi vaziyatingiz quyida sanab o‘tilgan to‘rt ta’rifdan qay biriga to‘g‘ri keladi:
1. Yomon ish va noto‘g‘ri munosabat. Bunday «strategiya»ning natijalari halokatli. Hayot o‘z go‘zalligini yo‘qotadi, hech qanday shodlik keltirmay qo‘yadi.
2. Yomon ish va to‘g‘ri munosabat. Bu holatda qandaydir maqsadlarga yetishishimiz mumkin. Lekin juda ko‘p energiya va vaqt talab qilinadi, binobarin, bunday ish ko‘plab muvaffaqiyatsizliklarga yo‘g‘rilgan.
3. Yaxshi ish va noto‘g‘ri munosabat. Bunday yondashuv bilan sezilarli muvaffaqiyatlarga erishish mumkindir, ammo asosiy maqsadga yetishib bo‘lmaydi.
4. Yaxshi ish va to‘g‘ri munosabat. Faqatgina shunday holatda qisqa muddatlarda istalgan maqsadga erishish mumkin. Bu insonni tezda testdan o‘tkazish imkoniyatini beradigan keskin oddiylashtirilgan, lekin ancha aniq ta’rif. Xo‘sh, sizning ishingiz yaxshimi? Siz o‘zingizning qiziqishingiz va qobiliyatingizga mos keladigan sohada ishlayapsizmi?! Siz o‘z ishingizga to‘g‘ri munosabatdamisiz? Agar ishingiz va unga bo‘lgan munosabat sizni qoniqtirmasa, unda biror narsani o‘zgartirish haqida o‘ylab ko‘ring. Ehtimol, olti to‘siq (takabburlik, nodonlik, shuhratparastlik, qo‘rquv, gumon va aybdorlik hissi)dan voz kechish kerakdir. Ko‘pchilik inson taqdirdan nolishni yaxshi ko‘radi. Ular mudom adolatsizlikdan yozg‘irishadi, lekin umuman kerak ish bilan mashg‘ul, shuningdek, shu ishga ham ko‘ngildagidek munosabatda emas. Bu holatda ular hech narsa ekmasdan, hosil yig‘moqchi bo‘lishadi. Bunday insonlar tabiat qonunini rad etishadi. G‘oliblar esa vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishini kutib, vaqtini behuda sarflashmaydi. Ular kuchi yetmaydigan narsani o‘zgartirishga behuda urinib, energiyasini yo‘q qilishmaydi. Ular o‘zini oqlash uchun bahona izlashmaydi. Ular bilishadiki, ular shijoat bilan ishga kirishishsa, hayotiy vaziyatlarning o‘zi yaxshi tomonga o‘zgaradi. Rixad Bax shunday degan: «Har birimiz katta marmartosh va unga ishlov beruvchi asboblar bilan dunyoga kelamiz. Biz butun umr bu ishlanmagan toshni o‘zimiz bilan sudrab yurishimiz, uni shag‘allarga parchalab tashlashimiz yoki unga ajoyib shakl berishimiz mumkin». Bizga tug‘ilganimizdayoq baxtli va muvaffaqiyatli yashash huquqi beriladi. Lekin muvaffaqiyatsizlik sari olti to‘siq oldida chekinmasligimiz kerak. Faqat birgina istakning o‘zi sizni mashhur, boy va ta’sirli qila olmaydi. Bizning shaxsimiz — biz o‘zimiz yaratgan narsa. Matonatli va maqsad sari yo‘naltirilgan mehnat o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. G‘oliblar biladi: faqatgina o‘z layoqati hayotda munosib o‘rnini ta’minlashda asqotadi.

AMALIY MASHQLAR:

Kuchli shaxs bo‘lishni istar ekanman, men o‘sishim kerak. Buning uchun quyidagilarni bajaraman:
1. Men o‘z ishimga meni muvaffaqiyatli shaxsga aylantiruvchi va muvaffaqiyat keltiruvchi vosita sifatida qarayman. Shuning uchun men shijoat va zavq bilan ishlayman. Men o‘z mehnatim hisobiga shaxsga aylanish uchun barcha imkoniyatimni ishga solaman.
2. Men xatolarimni takrorlashni istamayman va ulardan saboq chiqaraman. Shuning uchun o‘zimni anglash kundaligi yuritaman. Men u yerga o‘z va o‘zgalarning xatosidan chiqargan xulosalarimni yozib boraman.
3. Men o‘z shaxsiyotimni rivojlantirishga xizmat qiladigan adabiyotlarni o‘qiyman. Men televizorni yaxshi kitoblarga almashtiraman va kuniga kamida bir soat mutolaa bilan shug‘ullanaman.
4. Yo‘limda meni turli ko‘ngilni sovituvchi vaziyatlar kutib turganini bilaman. Bu holatda men aslo bo‘shashmayman. Faqat o‘zimni o‘zim ishni davom ettirishga ilhomlantirishim mumkin. Men «Ko‘zlayotgan maqsadimga yetishganimdan kim manfaatdor?» — degan savolga yozma javob beraman.
5. Men bugun yetisha olgan beshta narsamni muvaffaqiyat kundaligimga yozib qo‘yaman.